O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Yaxshilikning mukofoti — faqat yaxshilikdir

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohim


Butun musulmon olami, xususan, yurtimizda fayzu baraka ayyomi bo‘lgan Ramazon oyi boshlandi. Ushbu qutlug‘ oyda xalqimiz mehr-oqibat, xayru saxovat ishlarini yanada ko‘proq ado etishlari bilan diyorimizda o‘zgacha kayfiyat hukm suradi. Har yili muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish maqsadida muhtaram Prezidentimizning qarorlari qabul qilinayotgani chin ma'noda yurtimiz ahliga ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.

Kuni kecha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari butun dunyoda koronavirus kasalligi keng tarqalgan hozirgi og‘ir paytda aholimizning yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini keng qamrovli amalga oshirish tashabbusini ilgari surdilar. Ushbu umumxalq harakatining muborak Ramazon oyi kunlaridagi ezgu amallar bilan uyg‘unlashtirilishida ham chuqur ma'no bor. Muqaddas oyda muhtojlarga yordam ko‘rsatilishi, ehtiyojmandlar qo‘llab-quvvatlanishi ruhiy birdamligimizni oshiradi, sinovli kunlarni Yaratganning madadi ila oson yengib o‘tishda asosiy omil bo‘ladi.
Yurtboshimiz bunday xayrli ishlarda keng jamoatchilik vakillari qatorida muhtaram ulamolarimizni ham alohida esga olganlarni biz, din peshvolarini mana shunday savobli ishlarni yanada ko‘paytirishga ruhlantirdi. El boshiga ish tushgan qiyin damlarda xalqimizning bir-biriga yelkadosh bo‘lish, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlari yanada kuchliroq namoyon bo‘layotgani barchamizni birdek xursand qilmoqda.
Davlatimiz rahbari Alisher Navoiy bobomizning “Saxovatli insonning boshiga jannat daraxtlari soya soladi”, degan so‘zlarida chuqur hikmat borligini alohida qayd etdilar. Darhaqiqat, oliyhimmatlilik baraka keltiradi, oxiratda ulkan ajrlarga sabab bo‘ladi.
Saxovatpeshalik fazilatini Ramazon oyi davomida yanada kuchli namoyish qilishning, yordamga muhtoj oilalarga mehr-muruvvat ko‘rsatishning afzalligi haqida dinimizda ko‘p ta'kidlangan. Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi...” (Imom Suyutiy rivoyati) deganlar.
Ramazon oyi mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega. Islom dinining besh farzidan biri bo‘lgan ro‘za oyidagi amallar o‘zining fayzi bilan kishilarni hidoyatga chorlaydi. Chunonchi, hadisi sharifda: “Agar ummatlarim Ramazon oyining ular uchun qanchalik sharofatli va barakotli ekanini yaxshi bilganlarida edi, yil-o‘n ikki oy ramazon bo‘lishini orzu qilar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati), deb marhamat qilingan.
Bu yil muborak oyni karantin talablaridan kelib chiqib, uylarimizda, oilamiz bag‘rida o‘tkazamiz. Bu ham aslida biz uchun bir imkoniyat. Negaki, o‘ttiz kun davomida farzandlarimizga dinimizning asl mohiyatini o‘rgatish, ularning ongu shuuriga ajdodlarimizning bebaho ma'naviy meroslarini singdirishga harakat qilishimiz lozim.
Demak, biz sharif oyning har bir kuni, soati, daqiqasini g‘animat bilsak, ezgu ishlarni o‘zimizga shior qilib olsak, davlatmand bo‘lsak — molimizni, tadbirkor bo‘lsak — beminnat ko‘magimizni, hunarmand bo‘lsak — hunarimizni, ma'rifatli bo‘lsak — ilmimizni ezgulik, xayr-saxovat, yurt obodligi va Vatan taraqqiyoti yo‘liga sarf etsak, juda katta ajru savoblarga ega bo‘lamiz.
Rahmat oyida nisbatan xayru ehsonga alohida e'tibor berilishi bejiz emas, albatta. Sababi bu oyda qilingan amalga juda ko‘p mukofot beriladi. Alloh O‘zining yo‘lida qilingan sadaqa va infoq yetti yuz barobargacha ko‘paytirilishi Qur'oni karimda bayon qilingan. Ramazon oyida esa bu miqdor yanada oshirilishi shubhasiz.
Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning qutlug‘ oy kelganida yanada himmatli bo‘lib ketishlari rivoyat qilingan. Har bir kishi bu sifatlaridan o‘rnak olib, karamli bo‘lishga harakat qilishlari lozim.
Xayru saxovat insonlar o‘rtasida mehr-muhabbat rishtalarini bog‘lashga, o‘zaro totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Saxovat ko‘rsatgan bandalarni Alloh taoloning o‘zi mukofotlaydi. Qur'oni karimda: “Mol (boylik)larini kechayu kunduz, pinhonayu oshkora ehson qiladigan kishilar uchun Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari muhayyodir. Ularga (oxiratda) xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (“Baqara” surasi, 274-oyat), deb marhamat qilingan.
Yana bir jihat: ko‘ngli siniq, biroz iqtisodiy jihati oqsagan insonga mehr-oqibat ko‘rsatilsa, u Haq taologa chin ko‘ngildan duo qiladi va natijada uning duosi sababli o‘ylagan maqsadlarimizga yetamiz, mushkullarimiz ariydi. Zero, muqaddas kitoblarimizda aytilganidek, yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir.
Mana shunday og‘ir kunlarda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati tashabbusiga “labbay”, deb javob berishimiz kerak. Shu ma'noda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi tashkilotlar ham mana shunday xayrli tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi karantin vaqtida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida zakot mablag‘lari hisobidan oziq-ovqat mahsulotlari, bemorlarga dori-darmonlar, tibbiy niqoblar bepul tarqatmoqda.
Hozirda murojaatlar onlayn qabul qilinmoqda. Murojaat qilgan insonlarning plastik kartalariga masofadan pul o‘tkazilyapti. Fondning zakot hisob raqamiga shu kunga qadar 80 million so‘mdan ziyod zakot pullari tushgan. Hozirgi kunda 500 ta xonadonga zakot mablag‘larini tarqatish mo‘ljallanayotir. Bunday xayriya ishlari Ramazon oyi davomida yanada jadal davom ettiriladi.
Bugungi vaqtinchalik qiyinchiliklarga qaramasdan, Ramazoni sharif har doimgidek xonadonlarimizga, dillarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka baxsh etadi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda qiladi, insha Alloh.

Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.


Kiritilgan vaqti: 24/04/2020 15:50;   Ko‘rilganligi: 1010
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/yaxshilikning-mukofoti-faqat-yaxshilikdir
Chop etilgan vaqti: 18/02/2025 09:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing