XOTIRA MUQADDASDIR
Har qaysi xalq milliy qadriyatlarini o‘z maqsad muddaolari, shu bilan birga, umumbashariy taraqqiyot yutuqlari asosida rivojlantirib, ma’naviy dunyosini yuksaltirib borishga intilar ekan, bu borada tarixiy xotira masalasi alohida ahamiyat kasb etadi”.
I.Karimov
Alloh taolo odamzotni barcha jonzotlar ichida eng azizu mukarrami, sarvari etib yaratdi. Shunday yuksak sharafga munosibligi uchun ham, insoniyat doimo e’zoz-ehtirom etib kelingan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday bayon qilinadi:
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirdik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik. (Al-Isro, 70-oyat)
Bu ehtirom u vafot etgach ham davom etadi. Shu sabab inson olamdan o‘tganda izzat-ikrom bilan janoza o‘qilib, qabrga dafn etiladi. Qabr atrofiga gullar ekilib, obod qilinadi va ziyorat etilib marhumlar haqqiga duoi xayrlar qilib turiladi.
Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida “Bu bunyodan o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”, deb marhamat qilganlar.
Shu bois marhumlarning hayot davrida qilgan yaxshi amallarini eslab, yodga olish lozim bo‘ladi. O‘tgan ajdodlarimiz xotirasini doimo esga olib bizlarga qoldirib ketgan boy madaniy-ma’rifiy meroslarini o‘rganib, hayotimizga tadbiq etmoqligimiz lozimdir.
Yurtimiz istiqlolga erishgandan so‘ng 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” sifatida har yili keng nishonlanmoqda. Bu kun nafaqat ona-vatanimiz kelajagi yo‘lida qurbon bo‘lganlarni yodga olish, balki yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan barcha faxriylarimiz, tabarruk otaxon va onaxonlarimizga cheksiz hurmat, izzat-ikrom ko‘rsatish, ularni e’zozlash va qadrlash kunidir.
Umumiy insoniy qadriyatlardan biri xotirlashdir. Shu bois o‘tganlarni eslash, tiriklarni qadrlash har birimizning muqaddas burchimizdir. Chunki inson o‘tmish ajdodlarini esga olish bilan qanday xalq vakili ekanligini yana bir bor dildan his etadi. Qalbi g‘urur, iftixorga to‘lib hayot o‘tkinchi ekanligini va bu o‘tkinchi hayotda o‘zidan yaxshi nom qoldirish, faqat yaxshilik va ezgu amallar qilish lozimligini teran anglaydi.
Muqaddas dinimizda iymon, ixlos bilan qilingan solih amallarning savobi o‘tganlarning ruhiga bag‘ishlansa, inshaolloh marhumlarning ruhlari shod bo‘lishi ta’kidlanadi.
Rivoyat qilinishiicha, bir yigit Payg‘ambar alayhissalomning huzurlariga kelib, onasining vafot etganini aytadi va: "Nima qilsam onamning ruhini shod etgan bo‘laman?”-deb so‘raydi. Rasululloh sollallohu alayhi va salam: “Quduq qazib, suv chiqar”,- dedilar. Shundan so‘ng yigit quduq qazib suv chiqardi va “Buning savobini onamga bag‘ishladim”,-dedi. (Imom Hokim rivoyati).
Bizdan avval o‘tgan ajdodlarimizga qilayotgan ezgu amallarimiz ham ko‘rsatilar ekan. Hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom shunday marhamat qilganlar:
“Sizlarning qilayotgan amallaringiz qabrida yotgan qarindoshlaringizning ruhiga ko‘rsatib turiladi. Agar yaxshi amal qilib yurgan bo‘lsangiz xursand bo‘lib, ruhdoshlari oldida faxrlanadilar. Bordiyu gunoh ishlar qilib yurgan bo‘lsangiz, ranjiydilar va: "Ey Allohim, bizlarni hidoyatga boshlaganingdek, farzandlarimizni ham to‘g‘ri yo‘lga solmaguningcha ularning jonini olmagin", deb duo qilib turadilar.
Ajdodlarimiz bizning haqimizga duoi xayrlar qilar ekanlar, o‘z o‘rnida biz ham ularni xotirlamog‘imiz, haqlariga duolar qilib, qabrlarini ziyorat etsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Yurtimizni obod etib, xayrli-ezgu ishlarda bardavom bo‘lsak, albatta marhumlarning ruhlarini shod qilgan bo‘lamiz.
Parvardigor o‘tgan barcha ajdodlarimizdan rozi bo‘lib, o‘z rahmatiga olsin. Ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin.
Kiritilgan vaqti: 13/04/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3727
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 12:31