XALQIMIZ ISLOM ABDUG‘ANIYEVICH KARIMOVNING BARHYOYOT NOMLARINI DOIMO HURMAT VA EHTIROM BILAN YODGA OLADI
Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur'atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) o‘tgan insonlar haqida faqat yaxshi gap aytish, ularni yaxshilik bilan eslashga buyurganlar. Buyuk vatandoshimiz imom Abu Iso Termiziy ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “O‘tganlaringizni yaxshiliklarini tilga olinglar, yomonliklaridan tiyilinglar”, deb marhamat etganlar.
Samarqand Islom Karimov hayoti va faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Ma'lumki, Birinchi Prezidentimiz ushbu qadimiy shaharda tug‘ilgan, uning har tomonlama rivojlanishiga katta e'tibor qaratgan. Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi, Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan bu yerda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. 2007 yilda YUNYESKO shafeligida Samarqand shahrining 2750 yilligi keng nishonlangan. Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturidiy maqbaralari, Shohi Zinda yodgorligi, Ulug‘bek rasadxonasi va boshqa tarixiy qadamjolar obod qilingan. O‘nlab zamonaviy inshootlar, xiyobonlar, favvoralar barpo etilgan. Islom Karimov dafn qilingan Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi yonida ulug‘vor maqbara bunyod etildi. Bu yodgorlik yurtdoshlarimiz qadami uzilmaydigan muqaddas ziyoratgohga, yoshlar uchun katta tarbiya maskaniga aylandi.
Muqaddas Islom dinimizda insonning vafotidan keyingi haqlaridan biri uni yaxshilik bilan eslash, xotiralash va haqqiga xayrli duo qilishga da'vat etiladi. Alloh taolo Islom ummatini o‘zidan oldin o‘tganlari haqqiga duo qilganlar deb quyidagicha vasf qilgan va maqtagan:
﴿ وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ ﴾ (سورة الحشر الآية-10)
“Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10 oyat).
Imom Abu Lays Samarqandiy “Bahrul Ulum” tafsirida quyidagilarni yozadi: “Bu oyatda mo‘minlar zimmasiga o‘zlaridan oldin o‘tgan birodarlari uchun Allohdan mag‘firat so‘rashlari burch ekaniga dalil bordir. Shuningdek, undan mo‘minlar o‘zlarining ota-onalari va ta'lim bergan muallimlari haqqiga ham istig‘for aytishi kerakligi kelib chiqadi”.
Alloh taolo marhum Islom Karimovning xalqimiz, Vatanimiz uchun qilgan ishlariga O‘zi mukofotlar ato aylab, oxiratlarini obod qilsin. Xalqimiz mustaqilligimiz asoschisi, Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning barhayot nomlarini doimo hurmat va ehtirom bilan yodga oladi. U kishi yuritgan oqilona siyosat, ilm-fan, madaniyat va ma'naviyatni rivojlantirish borasidagi ishlarni hech qachon unutmaydi.
ZAYNIDDIN ESHONQULOV, O‘MI Samarqand viloyat vakili
Kiritilgan vaqti: 02/09/2019 12:40; Ko‘rilganligi: 1464
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:05