VATANPARVARLIK ULUG‘ FAZILAT
Har qanday ezgu niyat, orzu va maqsadning amalga oshirish, avvalo, jamiyatdagi mustahkam tinchlik va xotirjamlikka bog‘liq. Bu barcha zamonlarda o‘z isbotini topgan haqiqatdir. Sir emaski, hozir dunyoning ayrim mamlakatlarida siyosiy beqarorlik hukm surayotgan bo‘lsa, boshqa bir yurtda terrorchilik, narkobiznes kabi millat tanlamas illatlar xalqaro xavfsizlikka tahdid solmoqda. Bu kabi holatlar esa bizning tinch va farovon hayotimizning mustahkam asosi bo‘lgan istiqlolimizga shukrona qilish va uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga undaydi.
O‘tgan chorak asr yillarida yurtimizda taraqqiyot asosida barqaror tinchlikni saqlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini yuksaltirish borasida ulkan natijalarga erishildi. Ana shu yutuqlarimizda bugungi zamon talablari asosida shakllangan qurolli kuchlarimizning ham alohida o‘rni bor. Chunki milliy armiyamiz yurtimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolatidir. Bu Davlatimizning Asosiy qonunida ham o‘z ifodasini topgan. Jumladan, unda qayd etilishicha, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi”. Shu maqsadda 1991 yilda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tashkil etildi. 1992 yil 14 yanvar kuni esa mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim tadbirga qo‘l urildi. Respublikamiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 1993 yildan e’tiboran 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” deb e’lon qilindi.
Islom dini ta’limotida Alloh taolo Odam naslidan dunyoga kelgan zurriyotlarni yer yuzida turli millat va elatlarga bo‘lib qo‘ydi. Bu haqda Alloh taolo xabar berib bunday deydi:
“Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak(Odam) va bir ayol(Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni(turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”.
Tabiiyki, inson farzandi qayerda, qaysi mamlakatda dunyoga kelsa, ana shu yer uning uchun ona Vatanga aylanib qoladi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hamma narsadan ham qimmatli dargohdir. Rasuli Akram (sallallohu alayhi va sallam) Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida tug‘ilib o‘sgan vatanlari Makkai mukarramaga yuzlanib turib: “Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hech ham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lur edim” deganlari siyrat kitoblarida bayon etilgan.
Demak vatanni sevish, vatanparvar bo‘lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog‘inib yashash insoniyat tabiyatida mavjud bo‘lgan nozik his tuyg‘udir.
Tarixdan ma’lumki, biror-bir millat boshqa bir millatni xorlamoqchi bo‘lsa, avvalo uning vatanini bosib olib, vayron qilgan yoki ularni vatanidan quvib chiqargan. O‘z vatanini dushmanlar qo‘lida qolganini ko‘rgan millatga bundan ortiq xo‘rlik va azob yo‘q. Zero, vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir. Buyuk alloma Alixon to‘ra Sog‘uniy (Alloh undan rozi bo‘lsin)ning quyidagi so‘zidagi ona-Vatanni sevgan va uning yo‘lida jon fido qilishga tayyor bo‘lgan har bir kishi qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi: “Har bir insonga ma’lumdurki, dunyo hayotida insonning eng sevgan, qadrli, qimmatli to‘rt narsasi bordir. Bu to‘rt narsaga ega bo‘lmagan kishilar insonlik sharafidan mahrum bo‘ladilar. Ular: ozodlik va erkinlik, mehnat bilan topilgan boylikka o‘zi egalik qilishi, tug‘ilib o‘sgan ona- Vatani hamda asrlar bo‘yi e’tiqod qilib kelayotgan muqaddas dinidir”
Donishmandlar aytadilar: “Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, do‘stlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga achinib, o‘kinib yashashidan bilinadi”. Insonning o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqati va fidoiyligi ona-Vatanni himoya qilishi, taraqqiy topib, har tomonlama mustahkam va qudratli bo‘lishi hamda xalqining tinch va faravon hayot kechirishiga imkoniyat darajada hissa qo‘shishi bilan o‘lchanadi, albatta.
Alloh taolo aziz Vatanimiz himoyachilarini – Qurolli kuchlar safida xizmat qilayotgan barcha harbiylarni hifzu himoyasida saqlasin, mustaqil vatanimiz tinchligini yanada barqaror va xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining 25 yillik bayramlari muborak bo‘lsin.
Kiritilgan vaqti: 12/01/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3928
Chop etilgan vaqti: 10/11/2024 20:32