O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Vatan himoyasi oliy sharaf

 
 

Vatanni sevish, uni himoya qilish muqaddas burch va oliy sharafdir. Tinch, osuda, obod va go‘zal vatanda istiqomat qilmoqdamiz. Buning uchun Yaratganga qancha shukrlar aytsak oz. Aslida, Vatanga bo‘lgan muhabbat uning go‘zal va viqorli tog‘lari, sharqiroq soylari, boy vodiylari, so‘lim bog‘lari, shirindan shakar mevalari, shifobaxsh o‘simliklariyu, zilol buloqlari uchun emas, balki, vatan sevgisi insonning tabiatiga singdirilgani, fitratida bor xislatlardan ekanligidandir. Agar vatanga bo‘lgan muhabbat, tashqi go‘zalliklar, qandaydir qulayliklar yoki moddiy omillarga bog‘liq bo‘lganida, bog‘-rog‘, soy va anhorlardan xoli cho‘lu biyobonlarda yashayotgan sahro ahli tep-tekis qumliklardan iborat maskanlarini sevmas edilar.

Muqaddas Islom dini ta’limotida vatan muhabbati ardoqlanadi, targ‘ib qilinadi, maqtaladi. Vatanga xizmat qilish, uni dushmanlardan asrash farz hisoblanadi hamda unga xiyonat qilish eng og‘ir gunohlardan sanaladi va qattiq jazolanadi. Vatan himoyasi va xalq omonligi yo‘lida dushmanga qarshi kurashda safni tashlab qochish ham katta gunohdir. Mashhur vatandoshimiz imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy rahmatullohi alayhining qalamiga mansub «Al-Adab al-Mufrad» asarida keltirilgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Abu Dardo roziyallohu anhuga qilgan to‘qqiz vasiyatlarining orasida Dushman bilan to‘qnashilganda orqangga qarab qochma. Agar halok bo‘lsang ham, sheriklaring qochib ketsa ham” – degan o‘gitlari bor edi.

Vatan himoyasi faqat jang maydonlarida emas, balki barcha soha va yo‘nalishlarda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Har jabhada Vatan erishgan muvaffaqiyatlardan quvonch, muvaffaqiyatsizliklardan qayg‘u hissini tuyush, Vatan bilan g‘ururlanish, uning har bir qarich yeriga, binosining har bir g‘ishtiga, qadimiy obidalariga, ilm-fan va san’atdagi yutuqlariga mehr bilan qarash, ularni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash bular hammasi vatanparvarlikdir.

Bu dinning Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallam vatanni sevishda, unga sadoqat ko‘rsatishda ham butun ummatga go‘zal o‘rnak edilar. U zot boshqa insonlardan farqli ravishda o‘zlariga xos amallari bo‘lishi tabiiydir. Ana o‘sha amallaridan kechani ibodat bilan bedor o‘tkazish va ulab ro‘za tutishdir. Kechasidagi namozni odamlar oldiga chiqmay qo‘yib to‘xtatdilar. Ulab ro‘za tutishni esa sahobalar o‘shanday ro‘za tutishga harakat qilganlaridan keyin man etib qo‘ydilar. Maqsadlari sahobalar sog‘lom va quvvatli yurishlari edi. Chunki Islom namoz va ro‘zani o‘zi emaski, u bilan tugasa. Balki ro‘zg‘or ishi va vatan himoyasi kabi ko‘plab ishlar bor. Yosh avlod kuchli-baquvvat bo‘lib, dushmanlariga xavf soladigan darajada bo‘lishi lozim edi.

Imom Buxoriy va imom Ahmad Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bozorda kamon otish musobaqasini o‘tkazayotan aslamlik kishilar huzuridan o‘tib qoldilar va: “Ey Bani Ismoillar! Otinglar! Otangiz mergan edi. Otinglar! Men Bani Fulon bilanman!” dedilar. Shunda taraflardan biri qo‘llarini tiydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga nima bo‘ldi? Otmay qo‘ydinglar?” dedilar. Ular:
“Siz ular bilan bo‘lsangiz, qanday ham otar edik?!” deyishdi. Shunda u zot:
Otinglar! Men hammangiz bilanman!” dedilar”.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yosh avlodning sog‘lom bo‘lib o‘sishini ta’minlash borasida ota-onalarni farzandlarini badantarbiya bilan shug‘ullantirishga targ‘ib qilganlar.

Hazrat Alisher Navoiy ham o‘zining tirandozlik – kamondan o‘q otish fazilatiga bag‘ishlangan “Risolayi tiyr andoxtan” risolasida kamondan o‘q uzishning qanchalik savobli amal ekanini asoslashga e’tibor qaratilgan. Chunki o‘rta asrlarda yurt himoyasi askarlarning fidoyi va jasurligi hamda bevosita qurollarni, ayniqsa, kamonni mahorat bilan ishlata bilishi bilan ta’minlangan. Shoir “Saddi Iskandariy” dos­tonida vatan himoyasi haqida shunday degan edi:

Ayonkim, Vatan uzra to joni bor,

Kishi harb etar toki imkoni bor...

Vatan tarkini bir nafas aylama,

Yana ranji g‘urbat havas aylama...

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ta’lim berganlaridek, farzandlarimizga bolaligidanoq chavandozlik, merganlik, suvda suzish kabi mashqlarni puxta o‘rgatib, Ona-Vatanga, el-yurtga sadoqat ruhida buyuk ajdodlarimiz kabi imon-e’tiqodli qilib tarbiyalash barchamizning eng muhim vazifamizdir.

Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan asrasin!


Kiritilgan vaqti: 14/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 7557
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/vatan-himoyasi-oliy-sharaf
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 01:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing