Vatan haqida she’r
Ey Vatan mushfiqu jonim ona derlarmu sani
Malhamim tuprog‘i doru jona derlarmu sani
Gavhari ikki ko‘zimning nuridursan bebadal
Topmadim hech o‘xshashing durdona derlarmu sani
Tarixing tavsifig‘a Keshu Samarqandu Ho‘qand
Xorazm Afrosiyob Afshona derlarmu sani
Vohayu vodiylaring ichra guluston dilnishin
Urgutu Toshkandu Chust Farg‘ona derlarmu sani
Oq suting berg‘an ilmg‘a qancha ilm sultonlari
Ko‘zini ochg‘an beshik irfona derlarmu sani
Gar jahon bitta daraxtdur, hamjihat bo‘lg‘an milal
Oshiyon qurg‘an gulig‘a shona derlarmu sani
Tinchligidin baxtiyor gullar ochilg‘an bog‘chasi
G‘unchalar gulgun o‘lan gulxona derlarmu sani
Tog‘u sahro bog‘laring ham sendagi toshu giyoh
Bo‘yi mushku anbarim rayhona derlarmu sani
Go‘yiyo daryolaring vobasta bo‘ldi jismima
Tomiri bag‘rimga payvand qona derlarmu sani
Bo‘sa qil tuprog‘ini onangdayin ayla Kirom
Baxtu iqbol qasrig‘a ostona derlarmu sani
Kiritilgan vaqti: 17/08/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3684
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:20