O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Vaqtning bir kunlik qadri!

 
 

Alloh taolo bu dunyoni yaratib, umrimizni rejalashtirishimiz uchun kecha va kunduz qilib qo‘ydi. Quroni karimda: “Va kechasini libos qildik va kunduzini tirikchilik vaqti qildik” (Naba surasi10-11 oyat), demoqlik bilan, kunning har ikki qismidan o‘z o‘rnida, oqilona foydalanish lozimligini uqtirdi.

Ma’qal Ibn Yasordan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sallolohu alayhi vasallam shunday dedilar:

“Har tong bo‘lganda o‘sha kun deydi:

- Ey odam farzandi, men yangi kun man va sening amallaringa guvoh man. Bas meni g‘animat bil, chunki men ketib qolsam qiyomatga qadar qaytmayman.” Shu o‘rinda hazrati Usmon roziyallohu anhuning o‘gitlarini eslasak: Siz o‘tkinchi bir hayot uyidasiz, umringizning qolgan qisminiham o‘tishini kutmoqdasiz. Shu holda hanuz o‘lim kelmay turib, ishlarning afzalini qilib olishga shoshiling. Bir qarabsizki kutilmagan bir soatda ushlanib qolasiz. Unutmanki bu dunyo yolg‘on va aldov ustiga bino bo‘lgan.

Ulug‘larimizdan aytilgan hikmatli so‘zga nazar solaylik: “Vaqt qilich kabi keskirdur, agar sen uni kesmasang u seni kesib qo‘yadi.”

Shayx Sa’diy Sheroziy aytadilar-

Har bir nafas chiqishi umrning qisqarishi,

Bundoq nazar solsamgar,

Qolmabdi umr aksar.

Ey elligin g‘aflatda uxlab o‘tkazgan inson,

Qolgan besh kuningni sen g‘animat amalida top.

Har bir nafas kirishi umrning uzayishi

Qaytib nafas chiqishi,

Ko‘ngilni shod bo‘lishi.

Har bir nafas o‘zida ikki ne’mat mavjuddir

Har bir ne’mat haqqiga shukur aytmoq vojibdur.

Yuqorida aytilgan hadis bilan bu o‘gitlarda nima narsa ta’kidlanmoqda? Ya’ni mo‘min kishi uchun vaqt juda qiymatli ne’mat ekanligi aytilmoqda. Alloh taolo ne’matlar ichidagi qimmatli narsa bu vaqt ekan. Ammo bizlar musulmonlar bu narsaga juda beparvomiz, aslida diqqatga sazovor narsa bu vaqtdir.

Alloh taolo:“Sizlarga eslaydigan odam eslaguvdek umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi kelmagan edimi?! Bas, endi totaveringlar! Zolimlarga hech bir yordamchi yo‘qdir.” –deb marhamat qilgan. (Fotir surasi 37-oyat)

Demak vaqtdek ulug‘ ne’matning qadriga yetmaganlarni Alloh taolo zolim deb nomlayabti.

So‘fi Allohyor hazratlari baytlarining birida deydilar:

Yigitlikda ajab xush xavfi zoriy,

Yog‘inliq kelsa, xo‘b yilning bahori.

Rasululloh Alayhissalom: “Yoshligingni keksalik kelishidan oldin g‘animat bil”-dedilar.

Chunki yoshlikda, yigitlikda qilingan ibodatlar bekamiko‘st bo‘ladi. Yigitlikda kishi kuch-quvvatga to‘lgan payti bo‘ladi. Shuni g‘animat bilib yoshligidan Allohga bandalik qilsa, insonlarga manfa’at yetkazsa har bir ishida taqvo qilsa, albatta bunday holat Alloh taologa xush yoqadi.

Nabiy Alayhissalom:“Qiyomat kuniga odam farzandining oyog‘i joyidan qimirlamaydi, toinki unga berilgan besh narsa haqida so‘ralmasdan burun: umringni nimada o‘tkazgansan? Yoshligingni-chi? Molingni qayerdan topgansan? Qayerga sarflagan san? Bilganingni nimasiga amal kilding? ”

Hadisga diqqat qiling!

Alloh taolo umrni suragandan keyin umrning ichidagi yoshlikni alohida so‘ramoqda.

Demak, yoshlik umrning ichida ahamiyatga molik narsa ekan. Bizning yigitligimiz umrimizning eng qimmatli vaqti ekan. Shuning uchun Alloh taborak va taolo uni alohida hisob-kitob qiladi. Har bir soniyasini so‘rab oladi.

Endi bizlar bebaho vaqtimizni g‘animat bilib, xayrli ishlarni qilishga shoshilaylik.


Kiritilgan vaqti: 28/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4278
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/vaqtning-bir-kunlik-qadri
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing