O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

VAFOLI FARZAND IYMONLI FARZAND

 
 

Barchamizga ma’lumki, Olamda yashayotgan har bir inson or-nomusni, vafoni o‘zi uchun juda muqaddas deb biladi. Uni himoya qilib, toptamaslik yo‘lida harakat qiladi, kurashadi va jasur, mardlar darajasiga yetadi. Ayniqsa, ota-onaga, vatanga vafodor, sadoqatli farzand bo‘lish bu – oliy tuyg‘u va buyuk ne’matdir.

O‘zbek xalqi hamisha keksalarni xizmatini qilishga, duosini olib, ko‘plab savobga ega bo‘lishga intilib kelgan. Ota-onani izzat-ikrom qilish bizning qon-qonimizga singib ketgan. Ota-ona tirikligida ularni xushnud etish, vafotlaridan keyin esa tirikliklarida aytgan nasihatlari va maslahatlariga amal qilish, ularning yaxshi xislatlari bilan yodlab turish sodiq va vafodor farzandlarning eng yaxshi odatlaridandir.

Kitoblarda bayon qilinishicha, ota-onaning farzandga nisbatan saksonta haqi bor. Ularning qirqtasi tiriklik vaqtida va qolgan qirqtasi o‘lgandan keyin amalga oshiriladi. Tiriklik chog‘idagi qirqta haqning o‘ntasi tanga, o‘ntasi tilga, o‘ntasi dilga va o‘ntasi molga taalluqlidir.

Tanga taalluqli bo‘lgan o‘nta haq ota-onaga sidqidildan xizmat qilishdir. Bu shundayki, ota-onaga hamma vaqt hurmat ko‘zi bilan qaraladi, qilma deb buyurgan ishlari qilinmaydi, ularning maslahati va roziligisiz hech bir ishga qo‘l urilmaydi, yana ular sen o‘tirgan joyda hozir bo‘lsalar, sen darhol o‘rningdan turib kutib olasan, ular o‘tirgan bo‘lishsa, sen oyoqda tik turasan, ular ruxsat qilishgandagina o‘tirasan. Ular o‘tiradigan o‘ringa sen o‘tirma. Yo‘lda birga ketayotganda ularning oldilariga o‘tib olma. Agar tuproqli, loyli, suvli yoki umuman xavfli joy kelgandagina oldinga o‘tib olishing mumkin. Ularning oldida ochiq chehra bilan o‘tir. Qovog‘ingni solma, xo‘mrayib qarama,chaqirganlarida esa yugurib bor.

Ammo dilga taalluqli bo‘lgan o‘n narsa shundan iboratki, birinchi – ularga rahmu shafqat bilan qara. Ikkinchi – ularga doimo qo‘lingdan kelgancha yaxshilik qil. Uchinchi – sening shodliging ularning xursandchiligi bilan bo‘lsin. To‘rtinchi – ular g‘am tortsalar sen ham qayg‘ur va ularning dardiga malham bo‘lish yo‘lini qidir. Beshinchi – ular ortiqcha gapirsalar ham o‘zingga malol olma. Oltinchi – ular tanbeh bersalar xafa bo‘lish o‘rniga xunsand bo‘l. Yettinchi – ularga qancha yaxshilik qilmagin va haqlarini ado qilmagin ularning dillari zarracha ozor topishini o‘zing uchun or deb bil. Sakkizinchi – ularning qanday niyatlari bo‘lsa o‘sha niyatlariga yetishlari uchun harakat qil. To‘qqizinchi – ular qanchalik uzoq umr ko‘rsalar shunchalik quvon. O‘ninchi - qanchalik dardli bo‘lsa shunchalik ko‘nglini olishga urin.

Ammo tilga taalluqli bo‘lgan o‘ntasi shundan iboratki, birinchi – ularga muloyim muomala qil va doimo tavozeda bo‘l. Ikkinchi – ularga baland ovoz bilan gapirma. Uchinchi – ularga ko‘p gapirma va qo‘pollik qilma. To‘rtinchi – ularning otini aytib chaqirma. Beshinchi – ular gapirayotganlarida so‘zlarini bo‘lma. Oltinchi – ularning aytganlarini rad qilma. Yettinchi – ular falon ishni qil, deb aytsalar sen yo‘q deb javob qilma. Sakkizinchi – ular qichqirib gapirsalar ham sen past ovozda gapir. To‘qqizinchi – ularning gaplariga oh-uh deb xitob qilma...

Ota-ona o‘lgandan keyin qilinishi kerak bo‘lgan qirqta haq-huquqlarga quyidagilar kiradi: birinchi - mayyitni zudlik bilan dafn etish choralarini ko‘r, chunki uning izzati uni tezda dafn etishdir. Ko‘mishdan avval jasadni yuvishni va kafanlashni unutma. O‘zing dodu fig‘on qilib yig‘lama va o‘zgalarning ham shunday qilishlariga yo‘l qo‘yma.

Ota-ona dafn etilgandan keyin ularning ziyoratlariga tez-tez chiqib tur. Agar haftada bir marta ziyoratga chiqishni odat qilib olsang ulug‘ kishilar yo‘lini tutgan bo‘lasan. Boshqalarning o‘lgan ota-onalarini yomon so‘zlar bilan yodga olmaginki, ular ham sening ota-onangni shunday yodga olmasinlar. Hikmat kitoblarida aytilishicha, kimki o‘z ota-onasini o‘lgandan so‘ng yomon so‘zlar bilan yodga olsa, u razil kishidir.

Ota-ona vafot etgandan so‘ng uning yoru do‘stlarini uyingga taklif etib, ular bilan birga ota-onang xotirasini yodga ol, ota-onang yaxshi ko‘rgan ovqatlardan tayyorlab, taklif etilgan birodarlariga nisor et!

Bizda ota-onani ranjitish, ko‘ngillariga ozor berish katta gunohlardan biri hisoblanadi. Ota-onani ranjitgan inson u kim bo‘lishidan qat’iy nazar o‘z murod-maqsadiga yeta olmaydi. Agar u boy-badavlat bo‘lsa, boyligi o‘z-o‘zidan sovrilib tugaydi, sog‘ bo‘lsa, dardga chalinadi. Bu haqda Nizomi Aruzi Samarqandiyning mana bu rivoyati fikrimizga asos bo‘la oladi:

- Xalifa Xorun ar-Rashidning vaziri fazl ibn Yah’yo og‘ir dardga chalinib qoldi. Uning to‘sh terisi oqara boshladi. Nomus qilganidan yozda ham uzun nimcha kiyib yurar ekan, hammomga esa faqat kechasi, hech kim yo‘q paytlarda tusharkan. Bu mudhish darddan qutilish chorasini axtarib, nadim va hokimlarni to‘plab: “Shomu Iroqda, Forsu Xurosanda eng o‘tkir tabib deb kimni tan olasizlar?” - deb so‘rabdi. Majlisga yig‘ilganlar fors viloyatida shunday odam borligini aytibdilar. Shundan keyin u o‘sha odamni Bag‘dodga chaqirtirib kelibdi.

Tabib kelgach, Fazl ibn Yah’yo uning sha’niga katta ziyofat beribdi. Ziyofatdan keyin tabibni xilvat bir xonaga olib kirib, boshda uni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi va “oyoqlarim nimagadir quvvatsiz, biron davosini topsangiz”, deb iltimos qildi. Tabib unga “sustlik ovqat yemang, achchiq narsadan ham o‘zingizni tiying. Faqat jo‘ja go‘shti va no‘xatdan tayyorlangan sho‘rva iching. Xolva ham yeb turing. Bundan tashqari tuxum sarig‘ini asalga qo‘shib kunda nahorda iste’mol qilib turing”, deb tavsiya qildi. Lekin Fazl ibn Ah’yo tabibining aytganlarini qilmay, har kuni sergo‘sht yog‘lik ichib, achchiq narsalarni ham iste’mol etaveribdi. Bundan tashqari, lo‘biyoni yoqqa qovurtirib, murch sepib yedi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, tabib uning peshobini tekshirdi, so‘ng bemorning o‘zboshimchaligidan nolib, dedi:

- Men sizni bundan keyin davolamayman, chunki parhez tutmabsiz va buyurganlarimni qilmabsiz. Endi sizni davolashning hech qanaqa foydasi yo‘q.

Fazl ibn Ah’yo tabibning aqlu farosatiga tahsinlar o‘qib, sinab ko‘rish maqsadida shunday qilganini aytdi, so‘ng nimchaning tugmalarini yechib to‘shini ko‘rsatdi.

Xullasi kalom, sherozlik tabib Fazl ibn Yah’yoni ko‘p vaqt davoladi. Uning muomalasida bor bilim va tajribalarini ishga soldi. Lekin bundan biron natija chiqmadi. Tabib ruhan ezilib, bir necha kun nima qilishini bilmay yurdi. Oxiri Fazl ibn Yah’yoning huzuriga kirib bunday dedi:

- Ey, ulug‘ vazir! Sizni davolash uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qildim, lekin afsuski, nafi bo‘lmadi. Balkim otangizni qattiq ranjitib qo‘ygandirsiz, borib, qanday bo‘lmasin, uning ko‘nglini oling.

Vazir o‘sha kuniyoq otasining huzuriga borib oyoqlariga yiqildi, “men noqobil farzandning gunohlaridan o‘ting”, deb yalinib-yolvordi. Nima bo‘lsa ham ota-otada! U o‘g‘lining gunohlaridan o‘tdi. Fazl ibn Yah’yo esa ko‘p o‘tmay o‘sha darddan butunlay qutuldi va tabibga ko‘pdan-ko‘p minnatdorchilik bildirdi.

Lekin uni yurtiga kuzayotib: “Menga yopishgan dard otam tufayli ekanligini qayoqdan bilding?” - deb so‘radi.

Tabib javob qildi:

- Tuzalib ketavermaganingizdan keyin “bu odam balki kimnidir ranjitib, la’natiga qolgan bo‘lsa kerak”, deb o‘yladim. Lekin ko‘p so‘rab-surishtirib, saroy ahli orasidan ham, bozor ahli ichidan ham bunaqa odamni uchratmadim. Keyin bir kishi sizning ancha vaqtdan beri otangiz bilan arazlashib yurganlaringizni aytib bergan edi.

Bu mudhish voqea hammamizga ibrat maktabi bo‘lishi kerak. Xar bir inson iloji boricha, ota-onaning e’zozlab, ularning xizmatlarini qilib, duolarini olib yashasa aslo kam bo‘lmaydi. Xalq iborasi bilan aytganda, - tuproq olsa oltin bo‘laveradi. Bundan tashqari, el-yurt o‘rtasida obro‘-e’tibori oshadi.

Yuqoridagi rivoyatda elga mashhur bo‘lgan tabib har chand harakat qilmasin pes kasalligiga mubtalo bo‘lgan bemorni davolay olmaydi. Chunki u ota qarg‘ishini olgan, dilozorligi uchun bu kasalni tanasiga yuqtirgan. Uning otadan kechirim so‘rashi, sog‘ayishi kitobxon kutganidek bo‘ladi.

Ko‘rinadiki, ota-onaga vafodor bo‘lgan, ularning xizmatlarini astoydil ado etgan, duolarini olgan farzand hamisha sog‘lom, el ardog‘ida bo‘lar ekan.


Kiritilgan vaqti: 22/07/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2501
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/vafoli-farzand--iymonli-farzand
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 06:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing