O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Uzoqning donidan yaqinning somoni....

 
 

Mamlakatimizda har bir insonning munosib turmush kechirishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan va kun sayin sharoitlar yaxshilanib bormoqda. Davlatimiz tomonidan tobora yangi ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, insonlarning turmush tarzini yaxshilash choralari ko‘rilyapti. Buning uchun fuqarolarga ko‘plab imkoniyatlar, imtiyozlar hamda qulayliklar yaratib berilmoqda.

Yurtimizda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona va unumli foydalanib, iqtisodiy holatini isloh qilgan, o‘zi va oilasi uchun barcha kerakli shart-sharoitlarni hozirlagan vatandoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo sharoitlar bo‘la turib boylik ilinjida xorijga noqonuniy chiqib ketayotganlar ham uchrayapti. Kunora qaysi bir qarinboshimiz yoki bo‘lmasa qo‘shnimiz, mahalladoshimiz xorijiy davlatlarning biriga ishlashga ketganini eshitamiz. Bu esa tashvishli oqibatlarga, odam savdosi kabi jirkanch jinoyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qudsiy hadislarida:

“Alloh taolo: “Uch kishi borki, men ularga qiyomat kuni xusumatchiman. Mening nomimdan (ahd) beradigan va keyin xiyonat qiladigan kishi. Hur kishini sotib pulini yeydigan kishi. Mardikor yollab, uni ishlatib va haqqini bermagan kishi”, dedi” (Imom Buxoriy rivoyati), deganlar. Ming afsuski, bugun odam savdosi ustidan mo‘may pul topishga odatlanganlar bot-bot uchrab turibdi. Achinarlisi, yurtimizda ham bunday kimsalarning bo‘lishi og‘ir musibat bo‘lmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda 2014 yil mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan odam savdosiga oid 1016 holat bo‘yicha tergov ishlari olib borilgan. 2013 yilda esa bu ko‘rsatkich 1093 tani tashkil etgan. 2014 yilda 583 nafar fuqaroga odam savdosi jinoya­ti bo‘yicha hukm o‘qilgan.

Jamiyatning taraqqiyoti, uning har tomonlama rivojlanishi, sir emaski birinchi navbatda oilalarning ittifoqiga, ulardagi sog‘lom muhitga bog‘liq. Oilaning kamoloti esa er-xotin va farzandlarning inoqligi asosida quriladi. Ushbu uchta bo‘g‘in, ya’ni er-xotin va farzand birlashib harakat qilsa mustahkam uchburchak qo‘rg‘onni hosil qiladi. Bordiyo ulardan birortasi o‘z o‘rnida bo‘lmasa oila mustahkamligiga putur yetib qolishi mumkin.

To‘g‘ri, o‘zga yurtlarga hech kim havas uchun bormaydi. Lekin har narsaning me’yori bo‘lganidek, xorijda yurishning ham me’yori bo‘lish kerak. Azbaroyi tirikchilik, yaxshi yashash, bola-chaqani biror nimaga muhtoj qilmaslik ilinjida yillab xorijda yurishlarni baribir hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Yillab musofirlikda yurib topgan pul ota-onaga qilinmagan xizmatu, ahli-ayol, bola-chaqaga vaqtiga berilmagan mehrning o‘rnini hech qachon qoplay olmasligi haqiqat.

Dinimizda ota-onaga yaxshilik qilish, xizmatlarini qilib, duolarini olish vojib amallardan bo‘lib, ibodat darajasiga ko‘tarilgan. Alloh taolo O‘ziga ibodat qilishlik bilan birga ota-onaga yaxshilik qilishlikni Qur’oni karimning bir necha oyatlarida yonma-yon zikr qilib keltirgan. Jumladan:

“Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa ehson (yaxshilik) qilingiz!” (Niso-36)

“Ayting: “Kelingiz, Robbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni o‘qib beray: Unga biror narsani sherik qilmangiz, ota-onaga ehson (yaxshilik) qilingiz”. (An’om-151)

Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ankabut-8)
Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik.
(Luqmon-14)

Bugun xorijga yillab ketayotgan vadandoshlar, ana shunday ulug‘ bir sharafni, ya’ni ota-onaga xizmat qilishdek savobli amalni qo‘ldan boy berib qo‘yyaptilar.

Islom shariati farzand tarbiyasi borasida mukammal tarzda ko‘rsatmalar berib qo‘ygan. Bandalardan ularga amal qilishgina qolgan, xolos. Zero, ertangi kunning porloq bo‘lishi bugungi avlodga yuz foiz bog‘liq ekani hech kimga sir emas. Davlatimiz siyosatining ustuvor maqsad va vazifasi ham aynan ertangi kun egalarini har tomonlama kamol toptirishdir. Yillab farzandining chehrasini ko‘rmay yurgan ota-onalar ularni hech nimadan kam qilmasligi mumkin, biroq vaqtida berilmagan mehr, tarbiya-chi?! Ular o‘rnini pul bilan to‘ldirish mumkinmi?!

Farzandlar doimo ota-onalari tomonidan pandu nasihat eshitib borishlari kerak. Ular hayotning guli, Alloh taolaning insonga bergan eng buyuk ne’mati, dunyo va oxiratda ko‘z quvonchi yoki hasrat-nadomat boisidir. Ushbu ne’matning shukri ota-onalik majburiyatlarini ado etish, go‘zal xulq va yaxshi amallarni o‘rgatish bilan bo‘ladi. "Tahrim" surasining 6-oyatida shunday marhamat qilingan: "Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)". Oyati karima mazmunidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bugun pul topaman deb farzandlari va ahlidan uzoqda yurganlar ayni shu xatti-harakatlari bilan ularni oxiratda qattiq azobga tushishiga sababchi bo‘lib qolishi mumkin ekan. Alloh shundan saqlasin.

Ba’zan xorijga endigina balog‘atga yetgan, tafakkuri mukammallashmagan g‘o‘r yoshlarning ketayotgani ham achinarlidir. Aslida ularning birinchi galdagi vazifasi ta’lim olish, yurtining kelajagi uchun foydasi tegadigan yetuk kadr bo‘lib yetishishdir. Xorijda turli g‘arazli maqsadli kimsalar tomonidan diniy ma’lumotlar yoki darslarga jalb etilishi oqibatida esa adashish, noto‘g‘ri e’tiqod, aqidaparstlik kabi illatlar domiga tushub qolmoqdalar.

Er-xotin o‘rtasidagi munosabatga ham islom shariatida katta e’tibor qaratilgan. Juft bo‘lib yashashning mohiyati, oila qurishdan qanday maqsadlar ko‘zlanishi lozimligi, har ikki tarafning huquq va majburiyatlari nimalardan iborat ekani dinimizda batafsil yoritilgan. Alloh taolo shunday deydi:

وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

"Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo‘ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir" (Rum, 21).

Demak, insonning o‘zidan unga juft yaratib berilishini ushbu oyatda "sokinlik topishingiz uchun" deyilmoqda. Shunday ekan erkak sokinlik, orom, xotirjamlikni faqatgina rafiqasi huzuridagina topadi. Ayol ham o‘ziga kerak bo‘lgan sokinlikni erkakdan topadi. Bu sokinlikka intilish tabiiy ehtiyoj... Endi bir necha yillar bir-biridan uzoqda yashagan er-xotinlarning holatini qanday baholash mumkin? Ming afsuski, ba’zi bir erkaklar, yanada achinarlisi, ba’zi ayollarimiz juftlari yonlarida bo‘lmagach, sokinlikni nomahramlar huzuridan izlab qoladilar...

Unutmaylik, ayol iqtisodiy jihatdan tug‘ilganidan umrining oxirigacha ta’minlangan. Dastlab otasi, u bo‘lmasa boshqa valiylari, so‘ng eri, u vafot etsa, farzandlari uning nafaqasini berib turishga mas’uldirlar. Dinimiz ayolga pul topib o‘z ehtiyojlarini qondirishni yuklamagan. Qur’oni karimda "Ularni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir", deya ayolning barcha nafaqasi ota, ya’ni erning zimmasida ekani ta’kidlangan. Bordiyu, uning yashashiga kafil bo‘lganlardan hech biri bo‘lmasa, ushbu vaziyatda ayol zarurat miqdorida, vatanidan chiqmagan holda, pul topish uchun mehnat qilishiga ruxsat berilgan.

Musulmon ayol, toki uning bilan eri yoki mahrami bo‘lmas ekan, safar masofasiga borishini islom shariati ta’qiqlaydi. Imom Muslim Abu Said al-Xudriydan qilgan rivoyatda shunday deyiladi:

"Rasululoh sallollohu alayhi vasallam:

"Ayol, u bilan birga eri yoki mahram qarindoshi bo‘lmas ekan, uch kundan ortiq safar qilishi mumkin emas", dedilar". Hozirgi vaqtda safar masofasi o‘rtacha 100 kilometr atrofida belgilangan. Bundan esa ayol kishiga, hattoki, bir viloyatdan boshqasiga mahramsiz borishi mumkin emasligi kelib chiqadi. E’tiborlisi shuki, jumhur ulamolari mahrami yo‘q ayolga, agar u boy bo‘lsa ham, hajga borishga ruxsat bermaganlar. Bu sha’riy talabni xotin kishi, ayniqsa, erkaklar aslo unutmasligi kerak.

Oilada xotirjamlik, o‘zaro hurmat barqaror ekan, u yerga Allohning barakasi yog‘iladi. Allohning barakasi yog‘ilib turgan xonadon vakillarining esa xorijga chiqib, pul topishga ehtiyoji qolmaydi. Shuni unutmasak, bas.


Kiritilgan vaqti: 09/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3060
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/uzoqning-donidan-yaqinning-somoni
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing