ULUG‘ SAFAR ODOBLARI
Haj har bir musulmonning orzusidir. Chunki u sababli kishi onadan qayta tug‘ilgandek gunohlaridan poklanadi. Dunyodagi musulmonlar birdamligiga guvoh bo‘ladi va olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamni ziyorat qilish baxtiga musharraf bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam, muborak hadis shariflarida haj davrida gunohlar va fisqu fasod ishlardan tiyilib, haj amallarini ado qilgan kishilarning onadan qayta tug‘ilgandek gunohlardan pok bo‘lishlari xushxabarini berdilar:
عن أبي هريرة رضي الله عن النبي صلى الله عليه وسلم قال :"من حج لله فلم يرفث ولم يفثق رجع كيوم ولدته امه"
Abu Hurayradan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek qaytadi."
Darhaqiqat haj, inson hayotida yaxshilik sari tubdan burilish yasaydigan jarayon. Buning uchun esa kishi o‘zini o‘zi boshqara bilishi, oldingi gunoh ishlarni tark etishi hamda savob ishlarga haris bo‘lishi lozim. Alloh uni O‘zining fazli, marhamati bilan onadan qayta tug‘ilgandek gunohlardan poklaganidan so‘ng bu ne’matning qadriga yetib, Vatanga qaytganidan keyin ham, go‘zal axloqda barchaga namuna bo‘lishga harakat qilishi lozim. Zero, musulmonlar barcha yaxshi ishlarda peshqadam bo‘lishlari va bu muborak safar odoblarini ham yaxshilab o‘rganib olishlari maqsadga muvofiqdir.
Safar odoblari:
1. Haj va umrani niyat qilgan kishi avvalambor bu ulug‘ safardan Alloh taoloning roziligini maqsad qilishi hamda riyokorlik, odamlar eshitsin kabi illatlardan o‘zini poklashi lozim;
2. Safar oldidan kishi o‘zining vasiyat, qarz oldi-berdilari va omonatlarini yozib qoldirishi mustahab amallardan;
3. Gunohlariga qattiq tavba qilishi va ularni hech qachon qaytarmaslikka niyat qilishi kerak;
4. Kishilarning unda haqlari bo‘lsa yoki ularga nohaqliklar qilgan bo‘lsa, haqlarini egalariga qaytarish, zulm qilgan kishilaridan esa, avf etishlarini so‘rash lozim;
5. Alloh taolo faqat halol mollardan qilingan nafaqalarnigina qabul qilishini e’tiborga olib hajga ishlatiladigan nafaqalarini ham faqat haloldan to‘plash lozim;
6. Barcha gunohlardan, jumladan til va qo‘ldan sodir bo‘ladigan chaqimchilik, g‘iybat, bilmagan narsasini gapirish, atrofidagilarga qo‘pollik qilish, haj va umrani ado etayotganlarni noqulay ahvolga solib qo‘yish kabilardan saqlanish lozim. Atrofdagilarga nisbatan rahm-shafqatli, mehribon va xushmuomalada bo‘lish musulmon kishining fazilatidandir;
7. Haj va umrani niyat qilgan kishi haj va umra amallari qanday ado etilishini yaxshi bilib olishish lozim;
8. Haj ziyoratiga otlangan kishilar zimmalaridagi farz va vojib amallarni to‘liq bajarishga jiddu-jahd qilishlari lozim. Xususan, namozlarni o‘z vaqtida jamoat bilan ado qilish, zikr, duo, Qur’on tilovati va istig‘forlar aytish, muhtoj kishilarga yordam ko‘rsatish kabi ishlarni qilishi tahsinga loyiq ishlardandir;
9. Safar davomida solih va bilimdon hamrohlar bilan birga bo‘lishi ham mustahab amallardan sanaladi;
10. Safarga otlangan kishilar go‘zal xulqli bo‘lishga va odamlar bilan xushxulqda muomala qilishga e’tibor berishlari lozim. Bu esa o‘z-o‘zidan sabr qilish, avf etish, muloyimlik, mehribonlik, halimlik, kamtarinlik, shoshmaslik, sahovatli bo‘lish, adolatli va omonatdor kabi xislatlarni o‘z ichiga oladi;
11. Safarga otlangan kishi o‘z oilasini Allohdan taqvo qilishga chaqirishi lozim. Chunki bu, Alloh taoloning bandalarga ko‘rsatmasi;
12. Safarga otlangan kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan vorid bo‘lgan duolarni yodlab olishi mustahab amallardandir.
Alloh Taalo barcha hojilarimizni hajlarini mabrur hajlardan qilsin!
Kiritilgan vaqti: 20/08/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3372
Chop etilgan vaqti: 07/11/2024 02:47