TURMUSHDAGI HAMJIHATLIK OILAGA BARAKA KELTIRAR!
Munisa uy yumushlarini bajargach, Ahmadjonning xonasiga kirdi. Stol ustidagi kitoblarni taxlab turgan edi, hadislar to‘plamiga ko‘zi tushdi. Kitobdagi bir rivoyat diqqatini jalb qildi: Salmon Forsiy (r.a.) rivoyat qilishlaricha, Fotimai Zahro (r.a.) Payg‘ambar (alayhissalom)ning oldilariga kirdilar. Ko‘zlari Rasululloh (s.a.v.)ga tushib yig‘ladilar. Sarvari olam (s.a.v.) Fotimai Zahrodan so‘radilar: “Ey Fotima, seni nima yig‘latdi?”. “Ey Allohning payg‘ambari (s.a.v.), man birla kuyovingiz Ali (r.a.) o‘rtamizda bir so‘z o‘tdi. Ali (r.a.) mendan qittiq xafa bo‘ldilar. Sababi shuki, mening og‘zimdan beixtiyor bir so‘z chiqib ketdi. Men u kishiga uzrlar aytdim. To mendan xushnud bo‘lib yuzimga kulib qaradilar”. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytdilar: “Ey farzand, bilmasmiding Erning rizosi, Xudoning rizosidur va erning noxushlig‘i Xudoi Taoloning noxushlig‘iga sabab bo‘ladi. Ey Fotima, ajab saodatlig‘dur, ul xotindanki eri andin rozi bo‘lsa, har xotun kecha-kunduz erining xizmatida bo‘lib, bir marta erini xushnud qilsa, bir yillik ibodatdin yaxshiroqdur. dedilar. Ey qizim, xotunlarga hamma amallardan yaxshirog‘i Allohning farzidan so‘ngra va erini xizmatidan so‘ngra charx yigirmog‘i. Bir soat o‘ltirib charx yigirmoq, xotunlarga bir yillik ibodatdin yaxshiroqdur. Ey Fotima har xotunki, eri andin rizo bo‘lsa, Jannatning xohlagan eshigidin kirgay”.
Munisa bu hadisni o‘qib, o‘zini koyidi. Turmush qurganiga o‘n yildan oshibdiki, erini ranjitib kelganini o‘ylab, ko‘zidan yosh chiqib ketdi. “Allohning ozmi-ko‘pmi bergan ne’matiga qanoat qilmay, men noshukur Allohning oldida ham, erimning oldida ham qattiq gunohga botibman”. Munisa ertalabki beodobligi uchun ming marta afsus chekdi. Nahotki, o‘n yildan ziyod birga yashab, ikki qiz va bir o‘g‘illik bo‘laturib ham aqli kirmasa. Ertalab erining choyini zahar qilib, kayfiyatini buzdi. Ahmadjon xotiniga: “Nonushtani ham zahar qildingku!” degandek tikilib qo‘ydi. Ahmadjon o‘qituvchi bo‘lganligi uchun ham har bir gapini o‘ylab gapirar edi. Munisa juda ko‘p marta: “Qachon bizlar ham ba’zi kishilardek bekamu ko‘st yashaymiz, bu o‘qituvchiligingizdan birimiz ikki bo‘lmadi. Siz ham savdogarchilik qiling yoki chet elga borib ishlab keling”, deb dag‘dag‘a bilan Ahmadjonga zulum qilganlari esiga tushib, bir gunohi mingta bo‘lganligidan dili vayron bo‘ldi.
Kechki payt Ahmadjon maktabdan kelgunicha Munisa har kungidan ham epchillik bilan ro‘zg‘or ishlarini bajarib qo‘ydi. Ahmadjon yaxshi ko‘rgan oshni ham tayyorlab qo‘ydi. Eri eshikdan kirib kelganida uzr so‘ragandek salom berdi. Bunday iltifotni kutmagan Ahmadjon miyig‘ida jilmaydi. Hazil aralash: “Quyosh qayoqdan chiqdi?”, deb dasturxonga o‘tirdi. Taomdan oldin Munisa boshini Ahmadjonning yelkasiga qo‘yib: “Dadasi, men noshukurni kechiring. Men sizni ko‘p ranjitdim”, deb ko‘ziga yosh oldi. Xotinining qattiq pushaymon bo‘lganini sezgan Ahmadjon: “Hayotda bo‘lib turadi”, deb xotinini yupatdi.
Ertasi kuni Munisaning qarindoshlaridan birinikiga to‘yga taklifnoma keldi. Qishloq do‘konidan bir tog‘oracha pishiriq sotib oldi. Yo‘lda ketaturib “Shuncha pulga pishiriq sotib olguncha, o‘zim pishirsam bo‘lmaydimi, axir o‘zimning qo‘limdan ham keladi-ku!” deb o‘yladi.
O‘shandan keyin Ahmadjonga pishiriq tayyorlash uchun maslliqlar keltirib berishini iltimos qildi. Keyin o‘sha masalliqlardan shirinliklar tayyorlab, qo‘shnilarni mehmon qildi. Shirinliklardan tatib ko‘rgan qo‘shnilar: “Bundan buyon to‘y-ma’rakalarga buyurtmani siz tayyorlab berasiz”, deyishdi.
Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Ayol kishilar ham kasb bilan shug‘ullansinlar”, deganlaridan xulosa chiqarib Ahmadjon bilan Munisa maslahatlashib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydilar. Munisaning pazandaligi qishloqdagilarga ham ma’lum bo‘ldi. Bir necha xotin-qizlarni shogirdlikka oldi. Ahmadjon uyining yonidan kichkina bir do‘kon ochdi. Asta-sekin ularning oilaviy sharoitlari yanada yaxshilanib bordi.
Ilohim, yurtimizdagi barcha xonadonlarda oilaviy totuvlik, birdamlik hukm surib, obod turmushimiz poydevori yanada mustahkam bo‘lsin.
Kiritilgan vaqti: 03/06/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3376
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:19