O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

TORTISHISH BALOSI

 
 

Biz musulmonlarning eng katta muammolarimizdan biri ixtilof va bo‘linish.. Bu muammo tegirmoniga suv quyayotgan illatimiz esa tortishish balosi hisoblanadi. Shu sabab, foydadan xoli bo‘lmas, degan umidda hujjatul-islom, imom Abu Homid G‘azzoliyning "Ihyo" kitoblaridan iqtibos keltirmoqchiman.

Imom "Til ofatlari" kitobida shunday deydilar: "To‘rtinchi ofat
Tortishish va mujodala

Bu ishlar nahiy qilingandir. Payg‘ambar (s.a.v.): “Birodaring bilan tortishma. U bilan mazahlashma. Unga xilof qiladigan va’dani berma”, deganlar. Ul zot (s.a.v.) aytadilar: “Tortishishni qo‘yinglar. Chunki uning hikmati anglanmaydi va fitnasidan omonda bo‘linmaydi”. Kim tortishishni haq bo‘la turib tark etsa unga jannatning eng yuqorisida uy bino qilinadi. Kim tortishishni nohaqligidan tark qilsa, unga jannat chetidan uy bino qilinadi”. Ummu Salama (r.a.)dan rivoyat qilinishicha Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: “Rabbimning menga qilgan eng birinchi ahdi va butlar ibodati, xamr ichishdan keyingi birinchi qaytarig‘i kishilar bilan nizolashishdir”. Yana (s.a.v.) aytadilar: “Alloh hidoyat qilgandan keyin qavm faqatgina mujodala tufayli adashdilar”. Yana (s.a.v) aytadilar: “Banda haq bo‘lsa ham, tortishuvni tark etmaguncha, iymon haqiqatini mukammal qila olmaydi”. Yana (s.a.v) aytadilar: “Olti narsa borki, kim ularda bo‘lsa iymon haqiqatini yetibdi: Yozda ro‘za tutish. Allohning dushmanlariga qilichla zarba berish. Bulutli kunda namozni avvalgi vaqtida o‘qish. Musibatlarga sabr qilish. Qiyinchilik vaqtida tahoratni mukammal qilish. Haq bo‘la turib tortishuvni tark qilish.”

Zubayr (r.a.) o‘g‘illariga: “Qur’on ila odamlar bilan tortishma, chunki ularga kuching yetmaydi. Lekin o‘zingga sunnatni lozim tut”, dedilar. Muslim ibn Yasor aytadilar: “Tortishishdan saqlaning, u olimning johillik soatidir. Bu paytda shayton uning adashishini kutadi”. Aytilishicha: “Qavm Alloh hidoyat etgandan keyin, faqat mujodala qilgandagina adashadi”. Molik ibn Anas rohimahulloh aytadilar: “Bu tortishuv dindan biror narsada emasdir”. Yana aytadilar: “Tortishuv qalbni qoraytiradi, nafratni meros qoldiradi”. Luqmon o‘g‘illariga: “Ey o‘g‘lim, ulamolar bilan tortishma, seni yomon ko‘rib qoladilar”, dedilar. Bilol ibn Sa’d aytadilar: “Agar uzoq tortishadigan, janjallashadigan va fikriga mahliyo kishini ko‘rsang, bu odamning ziyoni mukammal bo‘libdi”. Sufyon Savriy: “Agar birodarim anorni shirin deganda, men nordon deb, teskarisini aytsam, meni sultonga sudraydi”, dedilar. Yana aytadilar: "Xohlagan kishing bilan , so‘ng tortishib, uning g‘azabini chiqar. Shunda u seni yashashdan to‘ydiradigan kulfat bilan o‘qqa tutadi". Ibn Abu Laylo aytadilar: “Men sherigim bilan tortishmayman. Chunki tortishsam yo uni yolg‘onga tutaman, yo jahlini chiqaraman.” Abu Dardo (r.a.) aytadilar: “Senga gunoh uchun tortishuvchi bo‘lishda davom etishing yetarlidir”.

Payg‘ambar (s.a.v.): “Har qanday tortishishning kafforati ikki rakaat namozdir”, deydilar. Umar (r.a.) aytadilar: “Ilmni uch narsa uchun olinmaydi va uch narsa uchun tark qilinmaydi. Uni tortishish, faxrlanish va riyo uchun o‘rganilmaydi. Talabidan uyalib, u to‘g‘rida zohidlik uchun va johillikka rozi bo‘lib tark qilinmaydi”. Iso (a.s.) aytadilar: “Kimning yolg‘oni ko‘paysa, chiroyi ketadi, kim odamlar bilan tortishsa, muruvvati yo‘qoladi, kimning g‘ami ko‘paysa, jismi xastalanadi va kimning xulqi yomon bo‘lsa, o‘zini azoblaydi.

“Facebook” sahifasidan olindi


Kiritilgan vaqti: 03/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2903
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/tortishish-balosi
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 15:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing