SHUBHALI NARSANI TARK ET
عن أبي الحوارء السعدي قال قلت للحسن بن علي : ما حفظت من رسول الله صلى الله عليه و سلم ؟ قال حفظت من رسول الله صلى الله عليه و سلم دع ما يريبك إلى مالا يريبك فإن الصدق طمأنينة وإن الكذب ريبة
Abul Havro Sa'diy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men Hasan ibn Aliga: “Rasululloh solallohu alayhi va sallamdan nimani yodlab olgansan?” dedim. U menga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Seni shubhalantirayotgan narsani tark etib, shubhasizini ol. Chunki rostlik xotirjamlikdir, yolg‘on esa shubha-gumondir”, deb o‘rgatganlar, dedi» (Imom Termiziy rivoyati).
Turbashtiy rahmatullohi alayh bu hadis sharhida deydi: “Senga duch kelgan shak-shubhali narsadan voz kechib, begumon va shubhasizini ol! Hadisdagi: “Seni shubhalantirayotgan narsani tark et”, degan gapning ma'nosi shuki: “Man etilganmi yoki ruxsat etilganmi, sunnatmi yoki bid'at ekanini bilolmay, seni shubhalantirgan gaplar hamda amallarni tark etib, shubha-gumonsizini tanla”.
Banda din borasidagi ishlarni gumonga emas, balki aniq va ishonchli amallar, so‘zlarga asosan bajarishi kerak. To‘g‘ri va rost narsadan esa inson xotirjam bo‘ladi va taskin topadi. Yolg‘on qalbning bezovtaligi va iztirobiga sabab bo‘ladi. Kishining tashvishga tushib qolishi uning biror-bir ishida shubha borligidan darakdir. Xotirjamlik esa shubhalardan yiroq bo‘lish bilandir.
Yuqoridagi hadisda bir qissa bayon qilinadi. Buni Imom Ahmad “Musnad”ida rivoyat qilgan. Abu Havro roziyallohu anhu aytadi: «Men Hasandan so‘radim: “Sen Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan nimani eslab qolgansan?” Hasan roziyallohu anhu: “Men sadaqa uchun ajratib qo‘yilgan xurmodan bir dona olib, uni og‘zimga solgan edim. Buni ko‘rgan Rasululloh alayhissalom mening og‘zimdagi xurmoni so‘lagi bilan qo‘shib chiqarib tashladilar va boyagi xurmolarga qo‘shib qo‘ydilar. Shunda bir kishi Nabiy alayhissalomga aytdi: “Xurmolardan sizlar ham yesangiz nima bo‘libdi?!” U zot: “Biz Bani Hoshim avlodiga sadaqa yeyish man etilgan”, dedilar. Hasan ibn Ali deydi: “Mana shu voqeadan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam menga: “Sen shubhalantirayotgan narsani tark etib…” derdilar va bizga mana bu duoni o‘rgatardilar: “Allohumma ihdiniy fiyman hadayt, ya'ni: “Yo Alloh, hidoyatga boshlanganlar qatorida meni ham to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirgin”».
Muxtasar aytganda, mo‘min kishi har doim shubhalardan yiroq, ezgu amallarning payida bo‘lishi darkor.
“Tuhfatul ahvaziy bi sharhi jome' at-Termiziy” asari asosida
Urgut shahar “Yoqub Oxun” masjidi imom- xatibi Husniddin Ibragimov tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2019 yil, 14-sonidan
Kiritilgan vaqti: 23/09/2019 12:08; Ko‘rilganligi: 1563
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:32