O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Тазкия

SAFAR DUOLARI

 
 

Kishi safar qilishga otlanar ekan, uning ushbu safardan bir qancha orzu-umidlari bo‘ladi. Uning qalbida xursandchilik, hayajonlanish va shu bilan birga, xavfsirash, g‘amginlik kabi holatlar yuzaga keladi. Oilasidan, yoru-birodarlaridan uzoqda bo‘lishni o‘ylab, beixtiyor kishining ko‘nglida bir oz xavotir, ularning xayrda, ofiyatda bo‘lishlarini xohlash, safar qiyinchiliklarini tasavvur qilish, o‘z oilasiga sog‘-omon qaytishni istash kabi holatlar paydo bo‘lishi tabiiy.

Bunday lahzalarda qalbga taskin beruvchi birdan-bir narsa musofirning har bir holati mulohazasini qilib aytilgan murabbiy Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning pokiza duolaridir.

عن عثمان بن عفان، قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : "مَنْ خَرَجَ مِنْ بَيْتِهِ يُرِيدُ سَفَرًا فَقَالَ حِيْنَ يَخْرُجُ: بِسْمِ اللهِ وَ اعْتَصَمْتُ بِاللهِ تَوَكَّلْتُ عَلَى اللهِ لا حَوْلَ وَ لا قُوَّةَ إَلا بِاللهِ رُزِقَ خَيرَ ذَلِكَ المَخرَجِ وَصُرِفَ عَنهُ شَرَّ ذَلِكَ المَخرَجِ".

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Kimki safarni iroda qilib uyidan chiqsa va chiqayotgan paytida: “Bismillahi va'tasomtu billahi tavakkaltu alallohi la havla vala quvvata illa billah” desa, o‘sha chiqishligida yaxshilik bilan rizqlanib, o‘sha chiqishligining yomonligi undan daf' qilinadi”, dedilar”. Duoning ma'nosi: “Allohning nomi bilan safar qilishni boshlayman. Allohning yordamiga bog‘landim, Allohga tavakkul qildim va toatga quvvat ham, gunohdan saqlanishga bo‘lgan quvvat ham yolg‘iz Allohdandir”.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَافَرَ فَرَكِبَ رَاحِلَتَهُ قَالَ بِإِصْبَعِهِ قَالَ اللَّهُمَّ أَنْتَ الصَّاحِبُ فِي السَّفَرِ وَالْخَلِيفَةُ فِي الْأَهْلِ وَالْمَالِ. وَالوَلَدِ"

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam safarga chiqib, ulovlariga minganlarida barmoqlari bilan ishora qilib: “Allohumma antas sohibu fis safar val xalifatu fil ahli val mali val valadi” der edilar”. Duoning ma'nosi: “Allohim! Mening safardagi sohibim faqat Sensan va safardaligimda ahlimni, molimni va farzandlarimni hifzu himoyangga olguvchisan”.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا سَافَرَ فَرَكِبَ رَاحِلَتَهُ قَالَ بِإِصْبَعِهِ قَالَ: "اللَّهُمَّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ مِنْ وَعْثَاءِ السَّفَرِ وَكَآبَةِ الْمُنْقَلَبِ وَسُوءِ الْمَنْظَرِ فِي الأَهْلِ وَالْمَالِ"

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullloh sollollohu alayhi vasallam safarga chiqib, ulovlariga minganlarida barmoqlari bilan ishora qilib: “Allohumma inniy a'uzu bika mi va'sais safar vakaabatil munqolab va su'il manzari fil ahli va maal”, der edilar”. Duoning ma'nosi: “Allohim! Safarning mashaqqatidan, g‘amga soluvchi manzara(ga duchor bo‘lish)dan, uyga – o‘z ahlimga, molimga va farzandlarimga qaytib kelganimda yomon holatga duchor bo‘lishdan O‘zingdan panoh so‘rayman”.

عَنْ ابْن عمر أَن رَسُول الله - صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ - كَانَ إِذا اسْتَوَى على بعيره خَارِجا إِلَى سفر كبر ثَلَاثًا ثمَّ قَالَ : اللَّهُمَّ أَسأَلك فِي سفرنا هَذَا الْبر وَالتَّقوى، وَمن الْعَمَل مَا ترْضى

" Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam safarga chiqib, tuyalariga minganlarida uch bor takbir aytar so‘ngra: “Allohumma as'aluka fi safarina haza al-birra vat taqvaa va minal amali maa tarzoo”, der edilar”. Duoning ma'nosi: “Allohim! Men Sendan bu safarimda yaxshilikka, taqvoga va amallardan O‘zing rozi bo‘lganingga muvaffaq qilishingni so‘rayman”.

Saydullo domla Ruziyev – Kattaqo‘rg‘on shahar “Qori Rovot” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 05/01/2022 17:32;   Ko‘rilganligi: 729
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/tazkiyah/safar-duolari
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 11:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing