O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Tafakkurning fazilati

 
 

وَهُوَ الَّذِي مَدَّ الْأَرْضَ وَجَعَلَ فِيهَا رَوَاسِيَ وَأَنْهَارًا وَمِنْ كُلِّ الثَّمَرَاتِ جَعَلَ فِيهَا زَوْجَيْنِ اثْنَيْنِ يُغْشِي اللَّيْلَ النَّهَارَ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

U Yerni yoyib qo‘ygan va unda tog‘lar va daryolar paydo qilgan zotdir. U Yerdagi mevalarni (va boshqa narsalarning) ikkitadan – juft-juft qilib yaratdi. U tun (zulmati) bilan kunduzni o‘raydi. Albatta, bu (misollar)da fikr yuritadigan qavm uchun alomatlar bordir.

Yuqoridagi oyati karimada Parvardigiri olam tafakkur egalari uchun belgi, alomat borligini ma’lum qilmoqda. Bu oyatdan ma’ulum bo‘ladiki tafakkurli inson tafakkursiz insondan fazl jihatidan ham aql jihatidan ham yuqori o‘rinda turadi.

Shu o‘rinda tafakkur haqida qisqacha malumot va uning fazilati haqida aytib o‘tishlikni joiz deb bildik.

“Tafakkur” “fikr” so‘zining masdaridan olingan bo‘lib, bir narsa haqida chuqur fikr yuritish degan ma’nomazmunni anglatadi. Mutafakkir olimlarimiz, ruhiy tarbiya ustozlarimiz shu o‘rinda aytadilarki, inson nafsini poklashga va odob-axloqini sayqallashga “tafakkur” katta rol o‘ynaydi.

Alloh subhanahu va taolo ham aynan tafakkur haqida o‘zining ilohiy dasturi bo‘lmish Qur’oni karimining o‘n yetti oyatida insonlarni tafakkur qilishga targ‘ib qilganligi bejizga emas albatta.

Musulmon ulamolarimiz ham tafakkur haqida beqiyos fikrlarini bildirganlar:

Imom G‘azzoliy “Ihyo”da yozadilar: “Luqmoni Hakim yolg‘iz o‘zlari uzoq o‘tirar edilar. Bir kuni xizmatkori uning oldidan o‘tayotib: “Ey xojam! Yolg‘iz o‘zingiz uzundan uzoq o‘tirasiz. Bundan ko‘ra odamlarga qo‘shilib o‘tirsangiz yaxshi emasmi, dedi. Luqmoni Hakim: “Uzoq vaqt yolg‘iz qolish fikrlashga qulay, uzoq fikrlash esa jannat yo‘lining ko‘rsatgichidir ”, dedilar.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Tafakkur ila o‘qilgan ikki rakaat qisqa namoz, tun bo‘yi fikrsiz bedor bo‘lgandan yaxshiroqdir.”

Umar ibn Abduaziz aytadilar: “Alloh azza va jallaning ne’matlari haqida fikr yuritish eng afzal ibodatdir.”

Tafakkurning foydalari:

1. Tafakkur qilish bilan inson Alloh taoloning roziligi va muhabbatiga erishadi. Tafakkursiz inson esa Alloh taolodan uzoqlashadi.

2. Tafakkur qilishlik Alloh azza va jalladan xavfda bo‘lish va qo‘rqish malakasini paydo qiladi. Tafakkursizlik esa insonni qo‘rqmasdan gunoh va ma’siyat ishlarni qilishlik malakasini paydo qiladi.

3. Tafakkur qilish bilan inson qalbi g‘uborlardan tozalanib qalbi sayqal topadi. Tafakkursizlik esa inson qalbini qoraytirib o‘ldiradi.

Alloh subhanahu taolo Yunus surasida marhamat qilib aytadi:

إِنَّمَا مَثَلُ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا كَمَاءٍ أَنْزَلْنَاهُ مِنَ السَّمَاءِ فَاخْتَلَطَ بِهِ نَبَاتُ الْأَرْضِ مِمَّا يَأْكُلُ النَّاسُ وَالْأَنْعَامُ حَتَّى إِذَا أَخَذَتِ الْأَرْضُ زُخْرُفَهَا وَازَّيَّنَتْ وَظَنَّ أَهْلُهَا أَنَّهُمْ قَادِرُونَ عَلَيْهَا أَتَاهَا أَمْرُنَا لَيْلًا أَوْ نَهَارًا فَجَعَلْنَاهَا حَصِيدًا كَأَنْ لَمْ تَغْنَ بِالْأَمْسِ كَذَلِكَ نُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

Haqiqatan, dunyo hayotining misoli xuddi Biz osmondan tushirgan suv (yomg‘ir) bo‘lib, odamzot va hayvonot yeydigan narsalardan iborat yer giyohlari u bilan aralashib, to yer yasanib va ziynatlangach, yer egalari o‘zlarini unga qodir deb bilgan bir paytda, yerga tunda yoki kunduzi Bizning amrimiz kelib, uni kechagi kuni obod bo‘lmagandek (yig‘ib olingan) hosilga aylantirib qo‘yganimizga o‘xshaydi. Tafakkur qiluvchi qavm uchun (Biz) oyatlarni shu tarzda batafsil bayon qilurmiz.

Ushbu oyati karimada bu dunyo hayoti va uning matohlari tabiatda ro‘y berib turadigan hodisalarga o‘xshatilmoqda. Quruq yerga yomg‘ir yog‘ib, suv tushsa, odamlarga ham chorva hayvonlariga ham ozuqa bo‘ladigan nabotot-o‘simliklar o‘sib chiqadi. Bu o‘simliklar yer yuzini bezaydi. O‘sgan sari go‘zalligi ortib boradi. Hosil vaqti yaqinlashganda egalarining ko‘zlari quvonadi. Endi bir narsali bo‘ladigan bo‘ldim, deb kelgusi hosil ustida rejalar tuzadi. Shunda xoh kechasi, xoh kunduzi bo‘lsin, Allohdan amr kelib, haligi o‘simliklar birdan qurib qoladi. Quruq hashakka aylanani. Yaxshiligi ham, go‘zalligi ham, meva-hosoli ham yo‘q.

Fikrli, farosatli odamlar uchun bu dunyo hayoti ham xuddi shunday. Inson tug‘iladi, o‘sadi. Tinmay harakat qiladi. Ma’lum bir natijalarga ham erishadi. Ammo Alloh taolo xohlagan lahzada u erishgan narsani olib qo‘yishi mumkin. Yani bu dunyo matohi bir lahzaga arzimaydigan narsadir.

Hadisi sharifda rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni bu dunyoda eng ulkan ne’matlarga erishganlarni olib kelib, do‘zaxga bir solib olib: “Hech yaxshilik ko‘rganmisan? Hech bir ne’matga ega bo‘lganmisan?” deb so‘ralganda, “Yo‘q”,-deb javob berar ekanlar. Bunday narsalarni har bir banda yaxshi tafakkur qilmog‘i lozim.

“Tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyatlarimizni ana shunday batafsil bayon qilurmiz”.

Ammo tafakkur qilmaydiganlar, Allohning aytganiga yurmaydiganlar bu dunyoyu u dunyolarini xarob etadilar.

Alloh taolo barchalarimizni tafakkur qavmlaridan, o‘zining bizlarga ato etayotgan ne’matlari ustidan fikr yuritib shukr qiladiganlardan bo‘lishimizni hamda o‘zi ko‘rsatib bergan to‘g‘ri yo‘lidan yurishda bardavom bo‘lishimizni nasib aylasin.


Kiritilgan vaqti: 28/01/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2154
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/tafakkurning-fazilati
Chop etilgan vaqti: 26/07/2021 17:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing