“Sunnat” haqida qisqacha ta'rif
“Sunnat” so‘zi arab tilida “tariqat”, ya'ni “ma'naviy yo‘l” degan ma'noni anglatadi. “Falonchining sunnati” degani “uning hayotiy yo‘li” demakdir. Shundan kelib chiqib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari, deganda u zotning tariqatlari, yo‘llari tushuniladi.
Sunnat muhaddislar istilohida quyidagicha ta'riflanadi:
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy (tana tuzilishi), axloqiy sifatlar va tarjimai holga tegishli ma'lumotlar “sunnat” deyiladi”.
O‘z-o‘zidan ma'lumki, Sunnat – Islom va musulmonlar uchun g‘oyatda muhim manba. Chunki u Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning gaplari, ishlari, ma'qullashlari, xalqiy, xulqiy sifatlari va tarjimai hollari majmuasidan iboratdir.
Qur'oni Karimning tafsirini ham o‘sha Sunnatdan o‘rganamiz. Chunki Qur'onning birinchi va bosh tafsirchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar.
Qur'oni Karim bosh dastur sifatida umumiy holda amr qilgan ishlarning tafsilotini ham Sunnatdan topamiz. Misol uchun, Alloh taolo Qur'onda namoz o‘qishga amr qilgan. Lekin o‘sha namozni qanday o‘qishni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam batafsil aytib, ko‘rsatib berganlar. Yana ko‘plab umumiy yo‘nalish va qoidalar Qur'onda zikr etilib, o‘sha asosda shariatning bir muncha hukmlari Sunnat ila sobit bo‘lgan. Demak, Sunnat Islom shariatida Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi.
Sunnat-hadis, ya'ni hadisi qudsiy esa ma'nosi Allohdan, lafzi Payg‘ambardan bo‘lgan vahiydir. Din-diyonat, shariat va boshqa ma'nolarda Payg‘ambarimiz alayhissalom o‘z shaxsiy fikrlarini emas, Allohning vahiysini o‘z iboralari bilan taqdim etganlar. Alloh taolo u zoti bobarakot sollallohu alayhi vasallamning vasflarida:
“U havodan nutq qilmas. U (Qur'on) yuboriladigan vahiy, xolos”, degan (Najm surasi, 3–4-oyatlar).
Payg‘ambarimizning muborak og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, o‘zlaridan sodir bo‘lgan har bir harakat shariat hukmi, o‘rnak, shaxsiy misol, hikmat, nasihat va ko‘rsatma sifatida qabul qilingan.
Hanafiy mazhabi ulamolari sunnatni uch darajaga bo‘lganlar:
- Sunnati mukkada, ya'ni ta'kidlangan sunnat. Bunga misol, jamoat bilan namoz o‘qish. Bu darajagi sunnat vojibdan keyingi o‘rinda turadi.
- Sunnati mashru'a – dushanba, payshanba kunlari ro‘za utish va shunga o‘xshash amallar.
- Sunnati zoida – yemoq-ichmoq, yurib-turmoq, uxlash kabi ishlarda u zotga iqtido qilish.
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam“Ummatimning barchasi jannatga kirar, lekin bosh tortganlarigina kirmas” – dedilar.
Odamlar: “Ey Allohning Rasuli, kim bosh tortadi?!” – dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga itoat qilsa jannatga kiradi, kim menga osiy bo‘lsa, batahqiq bosh tortgan bo‘ladi” – dedilar (Buxoriy rivoyati).
Demak, Payg‘ambar s.a.v.ga itoat qilish, u kishining sunnatlarini mahkam tutish bilan bo‘ladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamsunnatlariga amal qilmagan odam esa, u kishiga osiy bo‘ladi.
Zafar MAHMUDOV, Samarqand shahar “Xo‘ja abdu Darun” jome masjidi imom xatibi. (Manbalar asosida tayyorlandi).
Kiritilgan vaqti: 04/10/2019 16:35; Ko‘rilganligi: 5712
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:30