SOG‘LOM FARZAND YURT TAYANCHI
Tarixga nazal solsak, sharqiy xalqlarimizda farzand tarbiyasi, uning axloq-odobi, ilm-ma’rifati doimo e’tiborda bo‘lib kelgan. Ayniqsa, islom dinida Qur’oni karim va hadisi shariflar ko‘rsatmalariga binoan bu vazifa yanada mas’uliyatli bo‘lib, ota-ona zimmasiga yuklatildi.
Barchamizga ma’lumki, farzand inson hayotining mazmuni, nasl-nasabini davom ettiruvchisi, oilaning mustahkam zanjiridir. Hozirgi vaqtda aziz farzandlarimiz, ayniqsa, kelajagimiz va o‘rinbosarimiz bo‘lgan yoshlarni buyuk ajdodlarimiz kabi go‘zal xulq va odobli, keng qamrovli bilimli, dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘sha oladigan darajada kamolotga erishishlarini, yuksak ma’naviy mezonlar bilan uyg‘unlashgan umuminsoniy qadriyatlarni chuqur hurmat qilish ruhida ulg‘ayishlarini ta’minlash borasida barcha bir tan, bir jon bo‘lib harakat qilishi eng muhim va dolzarb vazifalari biri bo‘lib hisoblanadi.
Mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni zamon talabiga mos ravishda tarbiyalash uchun mustaqillikdan keyin ulkan, tahsinga sazovor ishlar, tadbirlar amalga oshirildi. Ta’lim tizimining qayta isloh qilinishi va yosh avlodni barkamol voyaga yetishi uchun muhtaram prezidentimiz rahnamoligida joriy yillarning “Onalar va bolalar yili”, “Sog‘lom avlod yili”, “Yoshlar yili” deb nomlanishi, “Sog‘lom avlod uchun” ordenining ta’sis etilishi, rag‘batlantiruvchi maxsus stipendiyalar, turli dastur va tadbirlarning amalga oshirilishi, 2010 yilni “Barkamol avlod yili” deb e’lon qilinishi ham yurtimizda yoshlarga e’tibor juda katta ekanligini bildiradi. Bu tadbirlar barchasi yosh avlodni farovon, baxtli hayot kechirishlari uchundir.
Muhtaram yurtboshimizning: “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”, deganlarida yoshlarning, farzandlarimizning ertangi kunini, ularning ta’lim olishda hech qaysi davlat yoshlaridan kam bo‘lmasligini nazarda tutganlar.
Darhaqiqat, yoshlarning kelajak hayot bo‘sag‘alariga qo‘yadigan qadamlari qutlug‘ bo‘lishida va jamiyatda munosib o‘rinlarni egallashida ularning komil odob-axloqqa ega bo‘lishlari juda muhimdir.
Hammamizga ma’lumki, joriy yil mamlakatimiz rahbari tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilindi. Bu joriy yil yoshlar tarbiyasiga yana ham jiddiyroq e’tibor berilishi talab qilinadi, demakdir. Yoshlarimizning barkamol avlod bo‘lib yetishishlari yo‘lida hukumatimiz tomonidan juda ko‘p xayrli ishlar qilinmoqda. Ularning foydali bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Hozirgi maktab, kollej va litseylardagi sharoit oldinlari xayolga ham kelmagan. Bu kabi imkoniyatlarni qadrlash va ulardan unumli foydalanishlarida yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish biz kattalarning vazifalarimizga kiradi.
Mamlakatimiz yoshlari ulkan ijodiy, aql-zakovatli, ijtimoiy-siyosiy salohiyatga ega. Ana shu kuch va salohiyatni yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi sari safarbar etish eng muhim vazifalardan biridir. Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik qadrini, milliy va diniy qadriyatlarimizni bemalol, xotirjamlik bilan tiklab, rivojlantirishga, Islom arkonlarini barkamol ado etishimizga yaratilgan imkoniyatlarni ulug‘ ne’mat ekanini anglagan holda vatanimiz taraqqiyoti, xalqimizning baxt-saodati yo‘lida yoshlarimizning ilmu fan va kasbu hunarli bo‘lib yetishishlari uchun qo‘limizdan kelganicha yordam ko‘rsatish bizning asosiy maqsadlarimizdan bo‘lishi lozim.
Oilada farzand dunyoga kelgandan boshlab oilaning jamiyat oldida javobgarligi kundan kunga ortib boradi. Chunki o‘sib kelayotgan avlodning taqdiri ana shu muammoning hal qilinishi bilan uzviy ravishda chambarchas bog‘langandir.
Oila tarbiyasidagi bolalar hayotini xalqimiz an’analariga munosib yo‘lga qo‘yish, ularni vaqtdan to‘g‘ri va unumli foydalanishlarini to‘g‘ri tashkil qilish, bu ishlar namunali tarbiyaning asosiy garovi ekanligini ota-onalar o‘z farzandlariga uqtirishlari lozim. Oila tarbiyasi masalalariga bag‘ishlab buyuk mutafakkir bobokalonimiz Abu Ali Ibn Sino “Tadbir al-manozil” asarini yozgan. Unda olim ota-onaning bolalarni tarbiyalashdagi vazifalarini yoritgan. Asarda oilada ota-onaning vazifasi, burchiga va oila munosabatlariga to‘xtalar ekan, ayniqsa, ota-onalar o‘zlarining mehnatsevarligi bilan farzandlarini ham kasb va hunarga o‘rgatish zarurligi borasida muhim fikrlar bayon etadi. Ibn Sino tarbiyaviy qarashlarida oila va oilaviy masalalarga keng o‘rin berilgan.
Ota oilada o‘z farzandlariga har tomonlama yurish-turishda, nutq odobida, so‘z madaniyatida, o‘zaro muomala jarayonida eng muhimi amaliy ish faoliyatida to‘g‘rilik va haqqoniylik, samimiylikka namuna bo‘lmog‘i kerak. Oilada farzand tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishning asosiy vositasi uning ma’naviy olamida e’tiqodni shakllantirish, deb hisoblagan edi olim.
Kelajagimiz davomchilari bo‘lmish farzandlarni aqlan va jismonan sog‘lom holda parvarish qilish, odob-axloq va muqaddas dinimizga doir boshlang‘ich ma’lumotlarni o‘rgatib borish har bir ota-onaning vazifalariga kiradi. Oiladagi sog‘lom muhit va to‘g‘ri tarbiya farzandning keyingi oladigan bilim va kasb-hunarlari uchun asos va poydevor hisoblanadi. Farzandlarimizning maktab va o‘quv yurtlarida yaxshi o‘qib, turli kasb-hunarlarni to‘la egallashga tayyorlash ham o‘zimizga bog‘liq. Ularni o‘z hollariga tashlab qo‘yilsa, kimlar bilan do‘stlashayapti, nimalarga qiziqish paydo qilyapti deb qiziqmasak, buning oqibati yaxshi bo‘lmaydi.
Yoshlikdan chekish va giyohvandlikka ruju qo‘yayotgan, maktabdagi darsini turli bahonalar bilan qoldirib beparvo yuradigan bolalarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, ularga ilmning ahamiyatini, yoshlik qadrini tushuntirib borishlik hammamizning burchimiz ekanini esdan chiqarmasligimiz lozim. Yoshlikdek oltin davrni g‘animat bilib, ilm-fan, kasb-hunarni egallash hamma narsadan muhim ekanini ota-ona, o‘qituvchi va ustozlar tushuntirishlari ayni muddaodir. Muqaddas dinimiz ko‘rsatmalari bo‘yicha, mo‘min-musulmonlar imon-e’tiqodli, insonparvar va mehnatsevar bo‘lishlari kerak. Lekin oyat va hadislarda ilm-ma’rifat bilan shug‘ullanish ibodatdan ulug‘ ekani to‘g‘risida ham yetarli dalillar bor. Ayrim kishilar ilm deganda faqat diniy ilmlarni nazarda tutib, dunyoviy fanlarning qadri islomda yo‘qdek noto‘g‘ri e’tiqodga ega bo‘ladilar. Aslida esa, diniy ilmlar ham, dunyoviy ilmlar ham bir ilm. Ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi.
Yana shuni qayd etib o‘tish lozimki, o‘tgan barcha payg‘ambarlar, shu jumladan bizning janob Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) ham o‘z ummatlariga faqat diniy ta’lim berish uchun yuborilmaganlar, balki dunyoviy ishlarga, turmush tarzi, tirikchilik, tijoratdan tortib dehqonchilikkacha, uy-ro‘zg‘or ishidan tortib, sport ishlarigacha tegishli ko‘rsatmalarni berib ketganlar.
Demak, biz o‘z farzandlarimizni yoshlik chog‘laridan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalash bilan birga ilmu fanning barcha qirralarini egallashga qiziqtirib borishimiz darkor ekan. Maktabda berilayotgan darslarni puxta o‘zlashtirishga alohida e’tiborni jalb qilishga, boshqa ishlarga, behuda o‘yinlarga vaqtni bekor sarflamaslikka o‘rgatib borish har bir ota-ona va ustozlarning mas’uliyatli burchlaridan ekanini chuqur anglab, unga amal qilishimiz lozimligi ma’lum bo‘ladi.
Tarbiyaning eng muhim talablaridan biri-shaxsiy namuna, oila ibratidir. Ota-ona, kattalar, qariyalar, aka-ukalar, qarindosh urug‘larning oiladagi mavqei muhim ahamiyatga ega. Yaxshi farzandlarni, avvalo, yaxshi oila, yaxshi ota-onalar tarbiyalaydi.
Ijodkor xalqimiz yaratgan o‘zbekona qadriyatlar, rang- barang va beqiyos bo‘lib, o‘zbekona milliy qadriyatlarimizning har biri yaxlit bir asardir. Bugungi kun yurtimizda barkamol avlodni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash eng muhim vazifa hisoblanadi. Milliy qadriyatlarimiz asosini ma’naviyat tashkil etadi, ma’naviyat esa tarbiya demakdir. Ma’naviyatda insonning iymoni, e’tiqodi, ahloqi, ichki dunyosi shakllanib sayqal topadi. Insonni vatan, xalq, ota-ona, qavm-qarindoshlar oldidagi burchlarini anglashi uning yuksak ma’naviyat sohibi ekanligiga dalolat qiladi.
Milliy qadriyatlarimiz bilan chambarchas bog‘lanib ketgan muqaddas dinimizda ham farzand tarbiyasiga alohida e’tibor ko‘rsatilgan.
Davlatimiz rahbari diniy va milliy qadriyatlarning mushtarakligi haqida to‘xtalib, shunday degan edi: "Biz o‘z millatimizni mana shu muqaddas dindan ayri holda tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz. "[1]. Darhaqiqat ,o‘zbek oilasi, o‘zbek xonadoni odobi, tartib qoidasi ana shu benazir qadriyatlar asosida shakllangan, oila nomusi, oila sha’ni, ota-onalik va farzandlik burchi va mas’uliyati singari tushunchalar qaror topgan. Shu bois biz ajdodlarimiz qadriyatlariga tayanib, oila muqaddasligini, butunligini saqlash, farzandlarimizni yurtparvar va elparvar, yuksak e’tiqodli, odob–axloqli va barkamol etib tarbiyalashga intilishimiz zarur.[2]
Farzandlar tarbiyasi borasida Yurtboshimizning qo‘yidagi fikrlarini keltiramiz: “Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi. Bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi[3]. Bu haqda fikr yuritganimizda men Abdullo Avloniyning "Tarbiya biz uchun yo hayot- yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat – yo falokat", degan chuqur ma’noli so‘zlarni eslayman[4]. Haqiqatdan ham bola tarbiyasi eng ulug‘ va sharafli ishdir. “Ota-ona o‘z farzandiga chiroyli tarbiyadan-da, ulug‘roq narsa hadya etolmaydi” deb Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bejizga aytmaganlar.[5]
Otaning farzandlari ulg‘aygan sari bolalarga va ularning taqdiriga hushyorroq qarashi kuchayib borishi lozim, ularni yuksak qadriyatlarimizning asl va baquvvat ildizlaridan bahramand etish, bugungi turmush tarzimizga mos tarbiya berish, albatta, biz ota-onalarning zimmamizdagi muhim vazifalardan sanaladi. Kezi kelganda farzandlarimizning biriga aytilgan nasihat ayni chog‘da uning aka-ukalariga ham tegishli bo‘lishi, xonadondagilarning barchasiga birday ta’sir qilishini nazarga olgan holda ish tutishimiz va farzandlarimizni ilm olishga va kasb-hunar egallashlariga hamdard va hamfikr bo‘lishimiz darkorligini unutmasligimiz hamda ularni tevarak atrofimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarga, o‘zgarishlarga befarq bo‘lmay daxldorlik ruhida tarbiya berishimiz, kelajakka katta ishonch bilan boqishga o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi.
Xonadon farzand uchun birinchi ta’lim maskani bo‘lib, ota-onasi, el-yurti, jamiyati va diniga bo‘lgan hurmat-e’tiborni oilasidan o‘rganadi. Oiladagi muhim vazifalardan biri bu, farzand tarbiyasidir. Ushbu ma’suliyatni his etgan holda barcha ota-onalar o‘z farzandlarining tarbiyasiga jiddiy e’tibor berishlari va har qanday sharoitda ham farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanishga vaqt topishlari lozim. Ota-ona farzandlarini shunday tarbiya bersinki, o‘zlari o‘tib ketgandan keyin ham ularning foydasi tekib tursin.
Tarbiyaning maqsadi – yoshlarning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy, diniy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan, ruhan sog‘lom, jismonan baquvvat, ma’nan pokiza tarbiya topib, komil inson bo‘lib shakllantirishdir.
[1] Karimov I.A. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan qo‘ramiz. 7-jild. –T.:"O‘zbekiston",1999. –B. 350.
[2]Nazarov Q. va boshqalar. Milliy g‘oya va rahbar mas’uliyati. G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot, 2007 yil. –B. 646.
[3]Karimov I. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. T.: Ma’naviyat, 2008.–B.61.
[4]O‘sha manba. –B.62.
[5]Imom Buxoriyning “al-Adab va-l-Mufrad” asaridan olindi.
Kiritilgan vaqti: 28/05/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 6698
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 04:10