Sog‘lom bola yurt kelajagi
Ma’lumki, har bir ota-ona farzandini barkamol bo‘lib voyaga yetishini chin dildan xohlaydi va bu borada barcha mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun hayotini baxshida etadi. Farzandlarini sog‘lom bo‘lib o‘sishiga, ularning ta’lim-tarbiyasiga ahamiyat qaratadi, ularni, kelajakni ko‘radigan solih insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun, bor kuch va harakatlarni sarf qilishadi. Zero, yoshlar yurtning kelajagidir. Kelajak to‘g‘risida qayg‘urmaslik, kelajak ummat to‘g‘risida o‘ylamaslik yurtning kelajagiga beparvo bo‘lishlikdir.
Har bir jamiyatning fuqarosi shu jamiyatning kelajagi to‘g‘risida e’tibor berishligi, ahamiyat berishligi, bu jamiyatning kelajagini o‘ylashligi lozimdir. Bas, bu tarbiyaga jamiyatimizning har bir fuqarosi o‘zining ulkan hissasini qo‘shishligi, bundan chetda qolmasdan, bu ulug‘ ishda qo‘llaridan kelgancha harakat qilmoqlari lozim bo‘ladi.
Dinimiz kelajak yoshlarimiz to‘g‘risida juda katta e’tibor va ahamiyat bergan. Shuning uchun ham Alloh ta’olo o‘zining kalomida “Ey imon keltirgan bandalar, o‘zlaringizni va ahllaringizni olovdan saqlang” deb buyurgan. (taxrim, 6)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak so‘zlarida, Yoshlar ko‘proq e’tibor, ko‘proq ahamiyatga haqli ekanliklari bayon qilinadi. Chunki, yoshlar qalblarining hukmiga ta’sirchan bo‘ladilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Sizlarga, yoshlaringiz haqida yaxshilik qilishni vasiyat qilaman”- dedilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ummatiga bo‘lgan vasiyatidir.
Sog‘lom bola deganda nafaqat farzandlarimizning jismoniy sog‘ligiga e’tibor, balki ularni yuksak ma’naviy axloqli bo‘lib voyaga yetishligi xam nazarda tutilayotganini his qilishligimiz kerakdir. Ularni ma’naviy sog‘lom bo‘lib o‘sishiga, vatanni sevishiga, ota-onani hurmat qilishiga, xalqni koriholiga manfaatli bo‘lib o‘sishiga e’tibor qaratilishi lozimdir.
Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi uchun o‘z bolasiga odob bermog‘i uning bir so’ sadaqa qilganidan yaxshidir”, dedilar. Termiziy rivoyati.
Ko‘pchilik kishilar savob umidida peshona terisi bilan topgan mablag‘ini xayri-ehson, sadaqa qilishadi. Ba’zida bu sarf-xarajatlar farzandlar hisobidan bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni, ularga ishlatilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar savob umidida xayri-ehsonga sarflanadi.
Aslida esa, bolaning odobli bo‘lishi uchun qilingan xizmatning o‘zi xuddi sadaqa qilganning savobiga barobardir. Ota-ona farzandiga odob berar ekan, ularga sadaqa qilganlik savobi yozilib turadi.
Shunday ekan, bolalarga odob berishda g‘ayratli bo‘lishimiz kerakligini unutmasligimiz kerak.
Agar har-bir oila o‘zining bolasini odobli qilib tarbiyalasa, jamiyatdagi barcha oilalar tarbiyali bo‘ladilar. Bunday odobli oilalardan barpo bo‘lgan jamiyat ham, odobli jamiyat bo‘ladi. Bu esa jamiyatni gullab yashnashi uchun, ozod va obod vatanni poydevorini qurishga asos bo‘lib qoladi.
Marhum birinchi Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat-engilmas kuch” asarida: “Vatanning kelajagi, xalkimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obru-e’tibori avvalom bor farzandlarimizning o‘nib-o‘sib, ulg‘ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog‘likdir. Biz bunday o‘tkir xaqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak”, — deb aytganlar. Darhaqiqat, farzandlarimizni ma’naviy sog‘lom bola bo‘lib voyaga yetishiga avvalombor oilada ota-onaning o‘rni katta.
Ayyub ibn Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota-ona o‘z bolasiga go‘zal odobdan afzal narsa bera olmaydi”, dedilar. Termiziy rivoyati.
Islom dini bola tarbiyasiga u hali dunyoga kelmasdan oldin, oila qurishga tayyorgarlik ko‘rish paytidan boshlab qayg‘ura boshlaydi. Oila qurilgandan so‘ng odob va axloq muomilasiga yanada e’tibor kuchayadi. Oilada ota va onadagi har-bir xislat, u xoh maqtaladigan bo‘lsin, yoki yomon odatlar ham bolaga ko‘chishi isbot talab qilmaydigan xaqiqatdir. Bas, shunday ekan farzandlar ma’naviy sog‘lom bola bo‘lib o‘sishi uchun ota-ona o‘rtasida go‘zal odob bo‘lishi kerakdir!
Kiritilgan vaqti: 31/05/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3450
Chop etilgan vaqti: 07/11/2024 02:01