O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

VIJDON AZOBIDA QOLMAYLIK

 
 

Odam taftini odam oladi. Yaqinda bir hamshaharim o‘z xatolari boshqalarga ibrat bo‘lishini istab, dardini menga ochdi:

“Rahmatli otam biz – ikki aka-ukaga alohida-alohida hovli qilib berganlar. Men tijorat bilan shug‘ullanib, tez orada uy-joyimni zamonaviy uslubda ta'mirladim, qimmatbaho avtoulov ham oldim. Qurilishda oddiy g‘isht teruvchi bo‘lib ishlaydigan akamning topganlari asosan ro‘zg‘or tebratishga ketardi. Bir mahallada yashasak-da, akamni to‘y-ma'rakada uchratardim, xolos. Ataylab uylariga borib diydorlashmasdim, sababi, mendan qarz so‘rashlaridan cho‘chirdim. Akam katta qizlarini uzatganda, mehmonlar qatori bordim, to‘yona bermadim. Ikkita o‘g‘il jiyanlarim maktabda a'lo baholarga o‘qishgan bo‘lsa-da, oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishmadi. Chunki kontrakt asosida o‘qishga to‘g‘ri kelsa, bunga imkonlari yo‘q edi. Ular o‘qish va uylanish xarajatlarini ishlab topish uchun davlat tashkilotining hujjati bilan chet elga ishga ketishdi.

Bu orada mening ishlarim yana ham rivojlanib, xususiy firmamni ochdim. Begonalarni ish bilan ta'minlab, o‘z jigarlarim boshini silamadim. Umrlari og‘ir mehnat bilan o‘tgan akam biror marta ham mendan moddiy yordam so‘ramadilar. Bu holat menga ayni muddao edi.

Keyin akam tez-tez kasal bo‘ladigan bo‘lib qoldi. Bu to‘g‘rida xotinim qo‘shnilardan xabar topardi. Men esa o‘zimni bilmaslikka olardim. Dardlari tobora og‘irlashdi. O‘sha paytda mahalliy shifokorlar akamni chet elda – Hindistonda jarrohlik muolajasi bilan davolatish mumkinligini aytishibdi. Jiyanlarimning topganlari chet yurtga borish-kelish yo‘lkirasiyu yana muolajalarga to‘lashga yetmasligi aniq edi. Mendan pul so‘rashlaridan hadiksirab, oilam bilan chet eldagi oromgohga jo‘nab ketdim. Biz u yerda sayru sayohatda yurganimizda, akam olamdan o‘tdi. Jiyanlarim tezda uyga qaytishib, otalarini hurmat bilan oxirgi yo‘lga kuzatib, ma'rakalarini ham o‘tkazishibdi.

Dam olishdan qaytganimizdan keyin akamning uyiga birrov kirib chiqdim. Bir kuni kechki payt uyimda o‘zimga o‘xshagan mehmonlarni ziyofat qilayotgandim. Xotinim meni chaqirib, tashqarida jiyanim so‘rab kelganini aytdi. Men esa nozik mehmonlar bilan bandligimni bahona qilib, yoniga chiqmadim. Sababi, mendan pul so‘rab qolishlari mumkinligidan hamon hadikda edim.

Keyin xotinim qo‘limga bir konvert tutqazdi, jiyanim qoldirib ketgan ekan. Ochib qarasam, akam meni yelkalariga ko‘tarib tushgan bolalik suratimiz (men roppa-rosa o‘n yosh kichik edim) hamda ikki enlik maktub: «Ukajon, rahmatli ota-onam “Yagona jigaringga o‘zing ota-onalik qil, yaxshi-yomon kunlarida doim holidan xabar ol”, deb seni menga omonat qoldirib ketgan edilar. Men qo‘lim kaltaligi sababli senga yordam bera olmadim. Endi seni yolg‘iz Allohga omonat qoldirib ketyapman. Ota-onamizning ruhlari rozi bo‘lsin. Seni har kuni besh mahal namozlarimda duo qildim».

O‘sha lahzalarda boshimdan go‘yo qaynoq suv to‘kilgandek bo‘ldi. Boyib ketishim, to‘kinu farovon yashashimga akamning duolari ham sababchi bo‘lgan ekan-da! O‘sha kundan buyon ruhan ezilaman, ichimda tuganmas bir azob… Endi uyimdagi barcha hashamlar, to‘kinliklar ko‘zimga o‘tdek ko‘rinadi. Yaqinda bir amri ma'rufda domlaning qarindosh-urug‘chilik haqlari haqidagi ma'ruzasini eshitganimdan buyon (aslida, oldin ham ko‘p eshitganman-u, beparvo edim) dardim dunyoga sig‘may qoldi: “Qiyomat kuni ahvolim nima bo‘ladi?”

Men suhbatdoshimning aytganlarini orttirganim ham, kamaytirganim ham yo‘q. Alloh hammamizni gunohlardan asrasin, tavba qilganlarga rahm etsin. Avvalo bu dunyo davlatiga mahliyolik sabab ikki dunyomizni boy berishdan asrasin.

Anvar G‘ULOMOV,

Tadbirkor, Samarqand shahri

“Islom nuri” gazetasining 2019 yil, 1-sonidan


Kiritilgan vaqti: 05/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1507
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/vijdon-azobida-qolmaylik
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing