O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

TINCHLIKNING QADRIGA YETAYLIK

 
 

           Islom dini tinchlik va rahmat dinidir. Ilohiy dastur – Quroni  karim tongga qadar tinchlik hukm surgan kechada nozil bo‘ldi. U tinchlikka chaqiradi, kiziqtiradi va targ‘ib qiladi. Urush, o‘zaro nizo va firqalanishni qoralaydi. "Agar ular sulhga moyil bo‘lsalar, Siz ham unga moyil bo‘ling va Alloxga tavakkul qiling! Albatta, U Eshituvchi va Bilguvchidir" (Anfol, 68).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim uyida xotirjam tong orttirsa, tani sog‘ hamda huzurida bir kunlik ovqati bo‘lsa, go‘yo unga dunyo (boyligi) berilibdi" ( Imom Termiziy), deya bu dunyoda tinchlik va tansihatlik ulug‘ ne'mat ekanligini ta'kidlaganlar.

        U zot (alayhissalom) odamlarni tinchlikka chaqiradilar. Hudaybiyada mushriklar bir necha shartlar evaziga sulh taklif qilganida tinchlik va murosa uchun rozi bo‘ldilar .

       Rasuli Akram alayhissalom bunday dedilar: "Bir biringizga hasad qilmang, narxni oshirish uchun yolg‘ondan savdo qilmang, bir-biringizni yomon ko‘rmang, bir biringizdan yuz o‘girmang. Biringiz boshqaning savdosi ustiga savdo qilmasin. Alloh taoloning birodar bandalari bo‘linglar. Musulmon musulmonning og‘a inisidir. Unga zulm kilmaydi, uni haqoratlamaydi va unga hurmatsizlik bilan muomalada bo‘lmaydi. Taqvo bu yerdadir (uch marotaba ko‘kraklariga ishora kildilar). Har bir musulmonga boshqa bir musulmonning qoni, moli va shani haromdir" ( Imom Muslim rivoyati).

       Islom ahlining shiori tinchlik. Hatto o‘zaro salomlashuvlari ham bir birlariga tinchlik tilashni ifodalaydi. Ular bu bilan go‘yo dunyo ahlini har jihatdan tinchlik bilan o‘rab oladilar.

      Islom kabi tinchlikni amaliy tadbir, shariatning shiori, ruknlaridan bir rukn  deya e'tibor qilgan boshqa din, e'tiqod dunyoda yo‘q. Birgina haj amalini misol qilsak. Ehromga kirgan har bir musulmonga o‘sha lahzalarda tirnoq olish, soch kesish, o‘simlik yulish, daraxt kesish, hayvon o‘ldirish, ov qilish, biron bir kishiga tili va qo‘li bilan ozor berish ta'qiqlanadi. Musulmonning ehrom bog‘lashi nafaqat o‘ziga, balki o‘zga inson, hayvon va o‘simliklar uchun ham omonlikni anglatadi.

        Islom Parvardigorga bo‘ysingan, Payg‘ambariga itoat etgan, dasturiga og‘ishmay amal qilgan har bir musulmonni jannat - Tinchlik va omonlik diyoriga musharraf etadi. Jannatning xushbo‘y hidi eng olis masofadan ham kelib turadi. U yerda tashvish, hasad, kasallik, xavotir, xavf, urush kabi narsalar bo‘lmaydi. Jannat ahli bir biriga o‘zaro tinchlik tilab salomlashadi:

Va iymon keltirib, amali solih qilganlar ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritilurlar. Unda Robbilari izni ila abadiy qolurlar. Ularning undagi so‘rashishlari Salomdir. (Ibrohim  23).

        Xar bir musulmon bugungi dorilomon kunlarga shukur qilishi, tinchligimizning qadriga yetib, uni ta'minlash yulida barchamiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozimdir.

Tolib MAMATQULOV - Bulung‘ur tuman “Kildon” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/10/2019 18:00;   Ko‘rilganligi: 3711
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/tinchlikning-qadriga-etaylik
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 14:09
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing