O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Til – millatning yuragidir

 
 

1989 yil 21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bugun, 21 oktyabr, 2019 yil ushbu voqeaga 30 yil to‘ldi. Ushbu sana mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 oktyabr kuni “Davlat tili haqida"gi qonunning 30 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Til har bir millatning ulkan boyligi, benazr qadriyati va bebaho mulkidir. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi.

Alloh taolo Qur'oni karimda insonlar o‘zaro tanishishlari ularni xalqlar va qabilalar qilib qo‘yganini bayon qilgan.

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَىٰ وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا ۚ إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ ۚ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ

                “Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”.

Ushbu oyati karimada “Ey odamlar!” deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga ularning asli bir ekanligi eslatilmoqda. Demak, odamlarning asli bir — hammalari Odam Ato va Momo Havodan taralganlar. Ayni chog‘da Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib ham qo‘yganini ta'kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo‘linishini sababi esa, o‘zaro tanishish, ma'rifat hosil qilish ekanligi uqtirilmoqda.

Insonlarning turli xalqlar, millatlar, elatlar, qabila va urug‘lar hamda turli firqalarga bo‘linishi, tillarining har xil bo‘lishining asosiy sababi bu - xalqlar  o‘zaro tanishish, muomalaga kirishish, do‘stlashish ekan. Alloh taolo oyatda urishishingiz uchun, janjal uchun, faxrlanish uchun, maqtanish uchun, o‘zaro adovatlashishingiz uchun demayapti yoki boshqa sabablarni aytmayapti. Demak, xalqlarning turli-tumanligini ilohiy maqsaddan – tanishuvdan boshqa maqsadga ishlatish Allohning irodasiga qarshi chiqish bilan barobar bo‘lar ekan.

Barchamizning aslimiz Odam ato va Momo havvo onamizdir. Bizlar ham ushbu aslning katta bir bo‘lgimiz. Mustaqil davlatimizda o‘zbek millatiga mansub ya'ni o‘zbek tilida suhbatlashadigan shaxslar soni millionlab kishilarni tashkil etadi. Alloh taolo bizni o‘zbek millatiga mansub xalq bo‘lishimizni iroda etdi.

Har bir davlatning asosini tub millat tashkil qiladi. Millatni millat qilib turgan narsa esa uning o‘ziga xosligi, o‘z tili, o‘z milliy xususiyatlaridir. Shu bois ham “Til boyligi – el boyligi” deyishadi. Tilni asrash, avaylash, boyitish, mazmunli so‘zlash har bir insonning burchi, vazifasi hisoblanadi. Qadimda elchilarning tiliga, gapirish ohangiga razm solib, xalqining madaniyati, dini va urf odatlarigacha ilg‘ab olishgan. Adiblardan biri: “Til – millatning yuragidir” degan edi. Ming yillardan buyon o‘zligini, diniy va milliy qadriyatlarini yo‘qotmay, uni bizga meros qoldirgan ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishimizni Alloh nasib etsin!

Zayniddin ESHONQULOV  - O‘MI Samarqand viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 21/10/2019 15:53;   Ko‘rilganligi: 2651
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/til-millatning-yuragidir
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 08:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing