O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

SHAR'IY VA RASMIY NIKOH. BIZDA VAZIYAT QANDAY?

 
 

Yaratuvchi Qodir Alloh yer yuzidagi inson naslining davomli bo‘lishiga nikohni shart va sabab qilgan. Insoniyatning vorisligiga eng munosib avlod, albatta nikoh va halollik orqali dunyoga kelgan avlodlardir.

Nikoh lug‘atda “Qo‘shilish”, “Yaqinlik” ma'nolarini anglatadi. Shari'atda esa, nikoh, “Er kishining nikohida shar'an mone'lik bo‘lmagan ya'ni  ayol kishidan huzur olishini halol qilishdir”.

Niso surasining 3-oyatida:

"Bas o‘zingiz hush ko‘rgan ayollardan ikki, uch, to‘rtini nikohlab oling. Agar adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bittani" degan.
Alloh taolo ushbu oyatda mo‘min bandalarga pok yo‘l bilan nikohda bo‘lishni amr etmoqda. Ushbu oyat nikohga bo‘lgan kuchli targ‘ibdir. Bundan tashqari musulmon kishi faqat o‘zi nikohda oilali bo‘libgina qolmay, boshqa, o‘z qo‘l ostidagilar va qaramog‘ida bo‘lganlarning ham nikohiga mas'uldir.

O‘zingizdan oilasizlarni, qo‘l va cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying, agar faqir bo‘lsalar Alloh o‘z fazlidan boy qilur. Alloh keng va bilimdon zotdir”. (“Sho‘ro” so‘rasi 32-oyat) - deb Alloh taolo marhamat qilgan.

Oilali bo‘lish, uylanish va zurriyotli bo‘lish barcha Payg‘ambar alayhimussalomlarning sunnatlaridir. Termiziy rivoyatida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “To‘rt narsa Rasullarning sunnatlaridan: “Hayo, xushbuy sepmoqlik, misvok va nikoh" dedilar. Ushbu to‘rt narsa Odam alayhissalomdan tortib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan barcha payg‘ambarlarning sunnati ekan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa bir hadisi shariflarida: “Nikoh mening sunnatimdir. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, dedilar. Rasulullohning (s.a.v) ushbu so‘zlari imkoni bo‘la turib oila qurmaslik, nikohlanmaslik musulmon kishining ishi emasligini anglatmokda.

Yuqorida tanishib o‘tganlarimiz oyati karima va hadisi shariflarda oila qurib yashashga bo‘lgan targ‘ibotlarga guvoh bo‘ldik. Alloh taolo insonlarni oila bo‘lib yashashi hamda oilalardan zurriyotlar dunyoga kelib, inson nasli davom etishini iroda qilgan ekan. Shari'atmizda oila qurishni ixtiyor qilganlar uchun bir nechta shartlar qo‘yiladi. Bular:

Nikohlanishini xohlagan ikki taraf bir-biriga mahram darajasida qarindosh bo‘lmasliklari lozim. Islom shari'ati musulmon erkaklarga uylanishni harom qilgan toifalardan ba'zilari “Niso” surasining 23-24 - oyatida bayon qilingan. 

Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa - singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning qaramog‘ingizdagi qizlari harom qilindi. Agar u(xotin)lar bilan qovushmagan bo‘lsangiz (qizlariga uylanishingizda) gunoh yo‘q. Va pushtingizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari, opa-singilni qo‘shib xotin qilmog‘ingiz harom qilindi. Magar avval o‘tgan bo‘lsa mayli. Albatta, Alloh mag‘firat qiluvchi va rahimdil zotdir. Qo‘lingizga mulk bo‘lib tushganlardan boshqa erli ayollar ham (harom qilindi). Bu sizlarga Allohning yozganidir”.

Nikoh tuguni iyjob va qabul bilan bog‘lanadi. Ya'ni, er-xotinlik aloqasi nikohlanmoqchi bo‘lgan ikki tarafdan birining nikohlanish rag‘batini bildirishi va ikkinchisining o‘sha rag‘batni qabul qilishi bilan yuzaga chiqadi. Ushbu iyjob va qabulda ishlatilgan iboralar abadiylikni ifoda qilishi shart. Agar bu iboralar vaqtinchalikni ifoda qilsa, nikoh bog‘lanmaydi. Vaqtini tayin qilib “falon oyga, falon yilga nikohlandik” deyilsa, nikoh botil bo‘ladi.

Kelin-kuyov bir-birlarining iyjob va qabul haqidagi lafzlarini eshitishlari shart. Shuningdek, kuyov-kelinning iyjob va qabul haqidagi lafzlarini o‘sha yerda hozir bo‘lgan guvohlar ham eshitishlari shart.

         Ushbu jarayonga ikki adolatli guvohning ishtirok etishi ham nikohning aosiy shartlaridan hisoblanadi. Yangi qurilgan oila jamiyatning yangi a'zosi bo‘ladi. Shuning uchun ham jamiyatning vakillari bo‘lmish guvohlar ularning halol-pok oila qurayotganlariga jamiyat nomidan shohid bo‘ladilar va buni boshqa kishilarga ham yetkazadilar. Shuningdek, er-xotin orasida nikoh masalasida da'volashuv bo‘lib qolsa, qozining oldida guvohlik ham beradilar. Ushbu e'tibordan nikoh guvohsiz bo‘lishi mumkin emas.

Mahr belgilanishi ham nikohning shartlaridan biridir. Ya'ni, er tomonidan xotinga beriladigan sovg‘aning miqdori yoki nimaligi aniqlab olinishi kerak.

            Nikohga ta'rif bergan Shayx Muhammad Abu Zahra “Nikoh erkak va ayol orasidagi yaqinlikni, ikkisining o‘zaro hamkorligini ifoda qiluvchi hamda ikkisining huquq va majburiyatlarini chegaralovchi aqddir”, -deganlar.

Ming afsuski, hozirgacha musulmonlar orasida nikohning asli, oila poydevori, haromni halol qiladigan, boshqalar uchun shunchaki odat bo‘lgan er-xotinlik aloqasini ibodat darajasiga ko‘taradigan asosiy omil bo‘lmish nikoh aqdiga unchalik ahamiyat bermaydigan, unga “eskicha odat” deb qaraydiganlar bor.

Bu o‘ta noxush holatga chek qo‘yishimiz kerak. Aynan shar'iy nikoh saodat manbai ekanini anglab yetishimiz va uni qadrlay bilishimiz lozim. Shari'atning har bir musulmon uchun farz bo‘lgan ushbu hukmini yaxshilab o‘rganishimiz zarur.

Oila tushunchasi Konstitusiyamizga ham kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi maqomi qat'iy belgilab qo‘yilgan. Bosh qomusimizning 63-moddasida bu o‘z ifodasini topgan. Unda oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi, jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga egaligi mustahkamlab qo‘yilgan. Shuningdek, nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqlilikka asoslanishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida ham nikoh tuzish tartibi belgilangan bo‘lib, kodeksning 13-moddasida “Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuziladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas”, -deya qayd etilgan.

Xo‘sh, bizda shar'iy nikoh o‘qish kim tomonidan va qanday amalga oshiriladi? O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish xaqida” gi nizomini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori, O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Otaliqni belgilash va noqonuniy nikohlarni oldini olish maqsadida” gi buyrug‘i 2-bandi, “Nikoh o‘qishdan oldin joylardagi FHDYO bo‘limlarining ma'lumotnomasiga qat'iy e'tibor qaratilishi”, ushbu qarorning birinchi  bandida esa “Shar'iy nikohlarni barcha rasmiy masjid imom-xatiblari va imom-noiblari  tomonidan  amalga oshirilishi” belgilab qo‘yilgan. Mazkur O‘MI buyrug‘ining 4-bandida “norasmiy shaxslar tomonidan shar'iy nikoh o‘qilishini oldini olish uchun imom-xatiblarga zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish” yuklatilgan. Mana shularga binoan FHDYO bo‘limlarida nikohi qayd etilib, bu haqda tuzilgan guvohnoma bilan  fuqarolar rasmiy faoliyat olib borayotgan masjidlarning imom xatib va imom noiblariga murojaat qiladilar. Shundan so‘ng imom xatiblar tomonidan ularga shar'iy nikoh o‘qiladi hamda bu haqda masjidning “Nikohni qayd etish” daftariga ma'lumot kiritiladi.

                Rasmiy nikohdan o‘tmagan, FHDYO guvohnomasiga ega bo‘lmagan yosh oilalar ajrashib, ona o‘zining tirik yetim bolasi bilan ko‘chada qolishini hisobga oladigan bo‘lsak, shar'iy nikoh shartlariga hukumat tomonidan beriladigan FHDYO  guvohnomasini surishtirmay nikoh o‘qilishi yosh oilalarni ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo‘ladi. Guvohnomani ko‘rib, so‘ngra nikoh o‘qilishi esa huquqiy jamiyat barpo qilinayotgan bir vaqtda yosh oilalarning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir.

Muallif: X.Sattarov - O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 30/07/2019 16:19;   Ko‘rilganligi: 14353
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/shariy-va-rasmiy-nikoh-bizda-vaziyat-qanday
Chop etilgan vaqti: 29/05/2024 21:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing