Qo‘shnilar bilan yaxshi bo‘lish – tinch-totuvlik garovi
Har bir jamiyat a'zosi hayotdi davomida o‘zining hohish-irodasiga bog‘liq bo‘lmagan holda doimiy ravishda qo‘shnisi bilan aloqada bo‘lib turadi. Ko‘pincha, jamiyatni tinch-osuda bo‘lishligi ham jamiyat a'zolarining o‘zaro va qo‘shnilari bilan bo‘ladiga chiroyli muomalalariga bog‘liq bo‘ladi.
Shuning uchun ham azaldan ota-bobolarimiz qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi muomalada bo‘lib, to‘y-hasham, marosim va hasharlarda yonma-yon turib bir birlarini qo‘llab-quvvatlab kelishgan. Dono xalqimizning “Hovli olma, qushni ol”[1], “Qo‘shning tinch – sen tinch”[2] degan bu maqollarni zamirida ham purma'no, hikmatlar bor. Agar qo‘shni yaxshi bo‘lsa, ko‘pgina yaxshiliklarga sabab bo‘ladi. Bordiyu aksincha bo‘lsa, ko‘pgina yomonliklarga sabab bo‘lib, hayotdagi tinchlik va xotirjamligi yo‘qoladi. Shu sababli muqaddas dinimizda qo‘shnichilik aloqalariga alohida e'tibor berilib, ularga yaxshilik qilishni ibodat darajasigacha ko‘targan.
Alloh taolo Qur'oni karimda qo‘shnilarga yaxshilik qilishga buyurib, shunday marhamat qiladi:
﴿ وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلاَ تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لاَ يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالاً فَخُورًا ﴾
“Allohga ibodat qilingizlar va Unga hech narsani sherik qilmangizlar! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingizlar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham(yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”[3].
Ushbu oyatning tafsiri qo‘shnining qo‘shnida uchta haqqi borligi aytiladi. Ular:
- agar qo‘shni qarindosh va musulmon bo‘lsa, uning qo‘shnichilik, qarindoshchilik va islomiy haqqi.
- agar qo‘shni musulmon bo‘lsa, uning qo‘shnichilik va islomiy haqqi
- agar qo‘shni boshqa din vakili bo‘lsa, uning qo‘shnichilik haqqlaridir.
Kimlar qo‘shni deb hisoblanadi degan savolga quyidagi hadisi sharif javob bo‘ladi:
عَنِ الْحَسَنِ: أَنَّهُ سُئِلَ عَنِ الْجَارِ فَقَالَ: "أَرْبَعِينَ دَارًا أَمَامَهُ وَأَرْبَعِينَ خَلْفَهُ وَأَرْبَعِينَ عَنْ يَمِينِهِ وَأَرْبَعِينَ عَنْ يَسَارِه"ِ.[4]
Hasandan rivoyat qilinadi: U kishidan qo‘shni haqida so‘ralganda. U kishi: “Oldidan qirq hovli, ortidan qirqta, o‘ngidan qirqta, chapidan qirqta”, dedi.
Demak, oldi tomondan, orqa tomondan, o‘ng tomondan va chap tomondan qirqta hovli qo‘shni hisoblanib, ularning bir-birida qo‘shnichilik haqqi bor ekan.
Islom dinida o‘ta muhim bo‘lgan amallarni ba'zida Jabroil alayhissalom orqali Payg‘ambar alayhissalomga ko‘p bora ta'kidlab, vasiyat (topshiriq) qilganlar. Shunday amallardan biri, qo‘shnichilik haqqiga rioya qilish bo‘lib, bu borada Payg‘ambar alayhis salomdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
عن عائشة رضي الله عنها عن النبي صلى الله عليه و سلم قال: " مَا زَالَ جِبْرِيلُ صلى الله عليه و سلم يُوصِيِني بِالْجَاِرِ حَتَّى ظَنَنْتُ أنَّهُ سَيُوَرِّثُهُ".[5]
Hazrati Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Jabroil alayhissalom qo‘shni haqqiga rioya qilish to‘g‘risida menga shu qadar ko‘p vasiyat qildilarki, men uni hatto molimga ham merosxo‘r qilib qo‘ysalar kerak deb o‘yladim”,- dedilar.
Qo‘shnichilikning haqqini ulug‘ligi sababidan Jabroil alayhissalom Payg‘ambar alayhissalomga qo‘shniga mudom yaxshilik qilishlikka, shu qadar ko‘p vasiyat qilgan ekanki, hatto, Payg‘ambar alayhissalom vasiyat shunday davom etaversa, tez kunlarda ko‘shni merosxo‘rlar qatoriga kirib qolsa kerak, - deb o‘ylagan ekanlar.
Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini qo‘shniga yaxshilik qilishga buyurib shunday marhamat qilganlar:
عن أبى شريح الخزاعي عن النبي صلى الله عليه و سلم قال:"مَنْ كَاَن يُؤءمِنُ بِاللهِ والْيَوْمِ الآخِرِ فَلْيُحْسِنْ إِلَى جَارِهِ ..."[6].
Abu Shurayx Huzoiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Kimki Alloh taologa va qiyomat kuniga iymon keltirsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin...”,- dedilar.
Demak, kimki Alloh taologa iymon keltirgan bo‘lsa, qiyomat kuniga ishonib va u kunda yaxshiliklardan umidvor bo‘lsa, eng avvalo, qo‘shnisiga yaxshilik qilib, ular bilan yaxshi muomalada bo‘lib yurishi lozim ekan. Ya'ni, kishini qo‘shnisiga yaxshilik qilib yurishi uning Alloh taologa va qiyomat kuniga iymoni borligining alomati ekan.
عَنْ عَائِشَةَ قَالَتْ قُلْتُ: "يَا رَسُولَ اللهِ اِنَّ لِي جَارَيْنِ فَإِلَى أَيُّهِمَا أُهْدِى", قَالَ: "إِلَى أَقْرَبِهِمَا مِنْكَ بَابًا"[7].
Oysha roziyallohu anhodanrivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh! Meni ikkita qo‘shnim bor, ularning qaysi biriga hadya beray?” – deb so‘radim. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Senga eshigi yaqinroq bo‘lganiga”, - dedilar.
Demak, eshigi yaqin qo‘shnilarni tashlab undan keyingilariga hadya berilsa, o‘rtada qolgan qo‘shnilar “Bizni yomon ko‘rar ekan” degan xayollarga borishi mumkin. Shu sababli qo‘shnilarga yaxshilik qilish va hadya berish borasida ham adolatli bo‘lib, ularning o‘rtasida salbiy munosabatlar paydo bo‘lmasligi uchun, avvalo ularning eshigi yaqin bo‘lganidan boshlash kerak ekan.
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "خَيْرُ الْأَصْحَابِ عِنْدَ اللَّهِ خَيْرُهُمْ لِصَاحِبِهِ وَخَيْرُ الْجِيرَانِ عِنْدَ اللَّهِ خَيْرُهُمْ لِجَارِه"[8] .
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Alloh huzurida do‘stlarning yaxshisi -do‘stiga yaxshi (sodiq) bo‘lganidir. Alloh huzurida qo‘shnilarning yaxshisi - qo‘shnilarga yaxshi (muomalada) bo‘lganidir”,- dedilar.
Qo‘shnilarga ko‘p yaxshilik qilib, ular bilan chiroyli muomalada bo‘lgan kishi, albatta, Alloh taoloning huzurida qo‘shnilarning eng yaxshisi deb hisoblanar ekan.
Islom dinida nafaqat qo‘shnilarga yaxshilik qilishga, balki ularning holidan boxabar bo‘lib turishga ham buyurilgan. Jumladan, Payg‘ambar alayhis salom o‘zi to‘q bo‘laturib, qo‘shnisini och qoldirgan kishini qoralab shunday marhamat qilganlar:
عَنْ مُحَمَّدِ بْنِ عَلِيٍّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيهِ وَ سَلَّم: "مَا أمَنَ بِي مَنْ أَمْسَى وَهُوَ شَبْعَانُ وَ جَارُهُ جَائٍعٌ"[9].
Muhammad ibn Alidan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki o‘zi to‘q bo‘lib, qo‘shnisi och bo‘lgan holda kunni o‘tqazsa, menga iymon keltirmagan bo‘ladi”, - dedilar.
Demak, bir kishi o‘zi to‘q va xotirjam bo‘la turib, qo‘shnisining holidan xabardor bo‘lmasa, ya'ni qo‘shnisi och va nochor bo‘lsa, bu holat u kishining iymoni komil emasligiga dalolat qilar ekan. Mo‘min kishi doimo qo‘shnisining holidan xabardor bo‘lib, uning och va nochor qolishidan juda ehtiyot bo‘lishi lozim ekan.
Agar har bir inson qo‘shnisini qaysi din vakili ekanligidan qat'iy nazar, qo‘shnichilik madaniyatiga amal qilib, ularning holidan xabardor bo‘lib va ular bilan chiroyli muomalada bo‘lsa hamda ularning och va yupun qolishiga yo‘l qo‘ymasa, o‘sha jamiyat bag‘rikenglik va xalqlararo totuvlik tamoyillariga amal qilgan, tinch-totuv va ahl jamiyat bo‘ladi.
[1] O‘zbek xalq maqollari. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti, 1989. – B. 566.
[2] O‘sha manba. . – B. 108.
[3]Qur'oni karim ma'nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Mansurov A. – T.: Sharq, 2009. “Niso” surasi, 36-oyat. – B.84.
[4] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Al-adab al-mufrad (arab tilida). – T.: Movarounnahr, 2013. – B.33.
[5] O‘sha asar. – B.31.
[6] O‘sha asar. – B.31.
[7] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihu-l-Buxoriy. J.1.– Qohira, 2004. – B.498.
[8] Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy. Sunanu-d-Dorimiy. J.2. – Bayrut. 1407 h. – B. 284.
[9] Abu Abdulloh Husayn ibn Hasan Marvaziy. Al-Birru va-s-sila. – Riyoz. 1419 h. – 133.
Yo‘ldoshxon ISAYEV - Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi qo‘lyozmalar bilan ishlash va muzey bo‘limi boshlig‘i
Kiritilgan vaqti: 09/10/2019 10:29; Ko‘rilganligi: 6442
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 17:48