NAVRO‘Z QANDAY BAYRAM?
Hijriy-shamsiy taqvim bo‘yicha Quyoshning birinchi burjga va oyning o‘n ikki burjdan biri – hamalga kirishi bilan Navro‘z, shu bilan birga, yangi (shamsiy) yil kirib keladi. Besh ming yillik tarixga ega bu bayram inson va tabiat uyg‘unligi ramzidir.
Buruj surasi 1-oyatida Alloh taolo aytadi: «Qasamyod etaman (o‘n ikkita) burjlarga ega osmon bilan». Bu o‘rinda burjlardan murod osmondagi Quyosh va Oy burjlaridir.
Furqon surasining 61-oyatida esa: «Osmonda burjlarni bunyod etgan va unda chiroq (Quyosh) va nurafshon Oyni paydo qilgan Zot barakotli (buyuk)dir».
Mazkur oyatlardan ma'lum bo‘ladiki, burjlar besabab yaratilmagan. Shuningdek, Alloh taolo ham bejiz burjlar bilan qasamyod etmaydi. U Zotning Quyosh va Oy bilan, yulduzlar bilan qasam ichishida aql egalari uchun oyat-ibratlar bordir. Zotan, Quyosh va Oyning yaratilishidan maqsad ham bandalarning hayotiy, diniy, dehqonchilik ishlarini Alloh taqdir qilgan ilohiy taqsimot – 12 burj asosida belgilab olish zaruratidir.
Yurtimizda azaldan uch xil taqvim – hijriy, milodiy va dehqonchilik kalendari bilan ish yuritish odat bo‘lgan. Yillar hisobini bilishimiz uchun Alloh Qur'oni karimning Isro surasi 12-oyatida bunday zikr qiladi: «Kunduz alomatini esa Rabbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun ham da yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz».
Mufassirlar mazkur oyatning “yillar sanog‘ini” qismini qamariy (Oy) taqvim bilan ish yuritish (binobarin, diniy yumushlarda), yillar “hisobini” qismini esa shamsiy (Quyosh) taqvim bilan ish yuritish (ayniqsa, dehqonchilikda) mazmunida tafsir qilishgan.
E'tibor bergan bo‘lsangiz, fiqhiy kitoblarimizda Navro‘z kuni ro‘za tutish makruhligi bayon etiladi. Demak, Navro‘zning ham dinlar, xalqlar o‘rtasida alohida o‘rni bor.
Xo‘sh, Navro‘z qanday bayram, uni nishonlash joizmi?
Avvalo, Navro‘z urf-odatlar bo‘y ko‘rsatadigan bayram bo‘lgani bois uning tantanalari jarayonida e'tiqod va shariat talablariga xilof ishlar bo‘lmasa, nishonlash hamda kishilar o‘zaro bir-birlarini tabriklashlari joiz.
Bunga dalil sifatida quyidagilarni keltirish mumkin.
Birinchidan, bu kun Alloh taolo Muso alayhissalomga nusrat berib, fir'avn va uning sehrgarlarini sharmanda qilgan. Qur'oni karimda: «(Muso) aytdi: “Va'da bayram kuni (to‘planadigan joy)dir. Odamlar choshgohda to‘planurlar”» (Toho surasi, 59-oyat).
Ushbu oyatdagi “bayram” kuni yilning boshi shanba kuniga to‘g‘ri kelgan “Navro‘z” kunidir (Ibn Asokir, “Tarixi Damashq”, 61–65-b).
“Tafsiri ibn Kasir”da “bayram”dan murod ularning iyd va navro‘zlari deb keltiradi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo “Bayram” kuni Ashuro kuni degan.
Ikkinchidan, Muhammad ibn Ziyod Abu Harayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Alloh taolo Sulaymon ibn Dovud alayhimassalomga uzuklarini qaytargan kun ham aynan shu navro‘z kuni edi…” (Ibn Asokir, “Tarix madinat Damashq”, 22-j 261-b).
Uchinchidan, “Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga Navro‘z kuni hadya olib kelindi. Ali roziyallohu anhu: “Bu nima?” dedilar. U zotga: “Ey amiral mo‘minin bu Navro‘z (hadyasi)”, dedilar. Shunda u kishi: “Har kuningizni “fayruz” qilinglar”, dedilar (Bayhaqiy “Sunanul Kubro”, 9-j. 392-s).
Ulamolarimiz fiqhiy kitoblarda xalqimizning an'anaviy hamda milliy bayramlarini, jumladan, Navro‘zni bayram tariqasida nishonlash haqida fatvo berganlar. Binobarin, “Fatovoi zahiriya”da bunday deyiladi: “Navro‘z uch xildir: Navro‘zi Jamshidiy, Navro‘zi Majusiy va Navro‘zi Sultoniy. Navro‘zi Sultoniyni o‘tkazmoqlik maqbuldir va ziyoni yo‘qdur”.
Navro‘zda kun bilan tun barobar bo‘ladi. Bu bayram Islom olamida mahbub bilingani kabi Beruniy, Ibn Sino, Umar Xayyom, Chag‘miniy, Ulug‘bek kabi dunyoviy ilmlarning sohiblari ham tun bilan kun barobar bo‘ladigan va Quyosh hamal burjiga kiradigan kunni Navro‘z ayyomi sifatida nishonlash maqbul ekanligini ta'kidlashgan.
Hakim Termiziy “Solnoma” asarida, buxorolik buyuk faqih Abdulaziz ibn Moza “al-Muhit al-burhoniy fi-l-fihhi-n- nu'moniy” qomusida Navro‘z haqida qimmatli ma'lumotlar qoldirishgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘z asarlarida Navro‘z haqida qimmatli fikrlarni keltiradi. Bunday ma'lumotlarning diqqatga sazovor tomoni shundaki, alloma Navro‘zni koinot va olam bilan bir butunlikda, deb ta'riflaydi.
Yusuf Xos hojib “Qutadg‘u bilig” asarida bu holga shunday ta'rif bergan: “Sharqdan bahor nasimi esib keldi, olamni bezamoq uchun firdavs yo‘lini ochdi. Oq rang ketib, bo‘z yerni alvon rang qopladi, olam o‘ziga oro berib bezanmoq taraddudiga tushdi. Zerikarli qishni bahor nafasi haydadi, musaffo bahor yana o‘z hukmiga kirdi. Quyosh yana qaytib o‘z o‘rniga keldi, Baliq (Hut) dumidan Qo‘zi (Hamal) burjiga ko‘chdi. O‘yquga kirgan daraxtlar yana yashil to‘n kiydi, oq, sariq,ko‘k, qizil rangli harir yopinchiqlar bilan bezandi”.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Navro‘z zamirida olam ahlini o‘zaro totuvlik, do‘stlik va hamjihatlikka da'vat etuvchi umuminsoniy qadriyatlar mujassam. Zotan, dinimiz ham har doim insonlarni ezgulikka da'vat etgan. Shunday ekan, Navro‘z bayrami muborak bo‘lsin!
J.SABUROV
Kiritilgan vaqti: 21/03/2021 11:39; Ko‘rilganligi: 3149
Chop etilgan vaqti: 11/09/2024 18:04