O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Musulmon musulmonning tug‘ishganidir

 
 

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, uni tashlab ham qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh Qiyomat kunida uning aybini berkitadi”, deb aytganlar”.

Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan.

Darhaqiqat, musulmon musulmonning birodari. Ular bir-biriga zulm qilishi haromdir. Musulmon musulmonga nafaqat zulm qilmasligi, balki uni yordamsiz tashlab qo‘ymasligi ham lozim. Musulmon odam biror sababga ko‘ra zulmga uchrab qolsa, birodari uni bu zulmdan qutqarishga qo‘lidan kelganicha harakat qilishga va uning hojatini ravo qilishga intilishi kerak ekan. Shuningdek, musulmon odam birodarining g‘am-tashvishlarini aritish uchun ham imkon qadar harakat qiladi. Chunki u birodarining g‘amini aritgan odamning g‘amini Alloh taoloning O‘zi aritishiga ishonadi.

Xabaringiz bor, viloyatimizda eshitish va gapirish qobiliyati cheklangan insonlarning ko‘ngillariga xursandchilik ulashish, ularning dinimiz ahkomlarini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojlarini ta'minlash maqsadida ular bilan Samarqand shahridagi “Xo‘ja Is'hoq Valiy” jome masjidida masjid imom xatibi Yo.Mansurov ma'rifiy suhbatlar o‘kazib kelmoqda. Navbatdagi uchrashuv ham o‘zgacha bo‘ldi. Islom dinining insonparvar g‘oyalari haqida kengroq tushunchaga ega bo‘lib borayotgan fuqarolar mana shunday ma'rifiy suhbatdan so‘ng “Yer yuzidagi eng yaxshi suv” - “Zam-zam” suvidan iste'mol qildilar. Balkim, ularning ayrimlari bunday baxtga ilk bor sazovar bo‘layotgandir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Zamzam nima maqsadda ichilsa, o‘sha uchun bo‘ladi”, - degan muborak so‘zlariga binoan qalblarini to‘rida O‘zidan o‘zgaga ayta olmaydigan niyatlarni tilab ichgan bo‘lsalar neajab!

Suhbat ishtirokchilarining moddiy jihatdan ehtiyojmandlariga ham ko‘mak berilmoqda. Bunga Bulung‘ur tumanida yashaydigan, eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan Meliboyev Akromni Jomboy tumanidagi go‘shtni qayta ishlash sexiga ishchi bo‘lib joylashtirilishi yaqqol misol bo‘ladi. Bu esa uning doimiy mehnat bilan band bo‘lishini ta'minladi. Albatta, bu kabi savobli ishlarini tashkil etayotgan Jome masjid xodimlari va “Vafq” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali xodimlari hamda bunday ishlarga hissa qo‘shayotganlar ulkan ajrlarga ega bo‘ladilar, inshaalloh!


Kiritilgan vaqti: 11/03/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1835
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/musulmon-musulmonning-tugishganidir
Chop etilgan vaqti: 24/04/2024 08:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing