O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Ma'naviy va moddiy hayot uyg‘unligi

 
 

Islom dini ta'limotida bayon qilinishicha, inson jism va ruhdan tarkib topgan. Ma'lumki, jism moddiy bo‘lib, tuproqdan yaratilgandir. Alloh taolo aytadi:

"Albatta, men loydan bashar yaratuvchidirman" (Sod surasi 71 oyat)

Ruh g‘ayb olamiga tegishlidir: Sha'ni ulug‘ Zot:

"Bas, qachonki, uni rostlab, unga ruhimdan puflaganimdan so‘ng, unga sajda qilgan holingizda yiqilingiz!" (Sod surasi 7 oyat)

Demakki inson mana shu ikki narsaning jamlanmasidan yaratilgan. Agar jismni ruh tark etadigan bo‘lsa, endi biz uni inson demaymiz, balki jasad deymiz. Shunday ekan, insonning kamolot topishi, ikki dunyo saodatiga yetishi uchun uning ham moddiy hayoti, ham ma'naviy olami isloh bo‘lishi kerak.

Insoniyat o‘zining ustidan moddiy hayot g‘olib kelmasligiga urinishi, ma'naviy falsafalarga sho‘ng‘ib ketishlikdan saqlanishi lozim. Dunyo deya oxiratni, oxiratni deya dunyoni tashlab qo‘ymasligi kerak. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

"Oxiratni deb dunyoni, dunyoni deb oxiratni tark qiladiganlaringiz yaxshilaringiz emasdir. Lekin yaxshilaringiz undan ham, bundan ham nasibasini olgan kishidir", deganlar. Yana bir hadisi sharifda:

"Dunyo qanday ham yaxshi ulovdir. Uni ulov qilib olinglar. Sizlarni oxiratga yetkazadi", deyilgan. Bir kishi Ali roziyallohu anhuning huzurlarida dunyoni yomonladi. U zot: "Dunyo uni rostga chiqargan kishi uchun rostlik diyori, uni tushungan kishi uchun najot diyori, undan zodi rohila oladigan kishi uchun boylik diyoridir", dedilar. Demak, qachonki biz dunyoga shung‘ib ketib, asl mohiyatni eslamaydigan bo‘lsak, bu bizning dunyoni to‘g‘ri anglamaganimizdan bo‘lar ekan. Buning aksini qilib, moddiy hayotdan butkul yuz buradigan bo‘lsak, buning so‘ngidan kelgan fasod ko‘zlagan maqsadimizga ta'sir qilmay qolmaydi. Zero, hakimlardan biri: "Badan ozuqalanadigan narsalarni to‘plash do‘nyoga o‘chlik emas", degan.

Shu o‘rinda ba'zi bir nazariyotchilarning oldin moddiy hayotni, keyin ma'naviy masalalarni o‘ylash kerak, degan mazmundagi fikrlari mutlaqo xato bo‘lib, kishiga faqat zarar yetkazishini bugun hayotning o‘zi har qadamda tasdiqlab turibdi.

Yuqoridagi hadisda Dunyo ulovga o‘xshatildi. Ulov bo‘lmasa manzilga yetishlik mushkul. Shuning bilan birga hamma narsani ulov uchun sarf qilib, manzilga quruq kirib borish ham oqillar ishidan emas.

Alloh taolo barchamizga dunyo ulovida oxirat manzili tomon betalofat yetib olishimizni nasib aylasin.


Kiritilgan vaqti: 01/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 5115
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/manaviy-va-moddiy-hayot-uygunligi
Chop etilgan vaqti: 28/04/2024 00:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing