O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymang

 
 

  So‘ngi  paytlarda  o‘tkazilayotgan  maraka  va  marosimlarda  milliy  va   diniy  qadriyatlarimizga  yot   bo‘lgan  ba'zi  odatlar  uchrab   turganining   guvohi  bo‘lmoqdamiz.  Misol  uchun  yangi  tug‘ilgan  chaqaloqni tug‘ruqxonadan  olib  chiqishdagi  dabdababozlik  yoki  beshik   to‘yi  deb  qilinayotgan  sarf  xarajatlar kundan-kunga  kattalashib,  isrofgarchilik avjiga chiqmoqda.  Xalqimiz  orasidan bunday  holatni  “Beshik  to‘yi,  isrofgarchilikning  eshik  to‘yi”mi  deb aytayotganlarni ham eshitib qolamiz. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad  sollallohu alayhi  vasallam Allohning nozu ne'matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati) deb aytganlar.  

Ayniqsa  nikoh  to‘ylardagi  “Kelin  bazmi”,   “Challari”   va   yosh  kelin  kuyovning  to‘ydan  oldingi  turli   rasmlarga  tushishlar (lav stori), to‘y kuni yo‘llarda  tirbandliklar hosil  qilib,  o‘nlab avtomashinalarda   yurishi,   qiz   uzatayotgan oila, qizini hech  kimdan  kam  qilib  uzatmayman,  deb  qarzga botsa ham “mebel”  va  qimmatbaho sarpolar  olib  berishi, natijada  katta  miqdorda qarzdor  bo‘lib qolayotgani eng ayanchli holatlardandir.  Milliy  urf – odatlarimizga  zid  bo‘lgan  bunday  holatlar,  oilalarning  iqtisodiga, balki borib-borib ularning baxtiga ham  salbiy   ta'sir  qilmoqda. Bunday  dabdababozliklar,  manamanliklar farzandlar  baxtini  belgilamaydi-ku axir. Hozirgi kunda  oilaviy  ajrimlarning  kelib  chiqish  sabablaridan  biri,  aynan   katta  to‘y  va  undan  keyingi  keragidan  ortiq  xarajatlar desak, xato bo‘lmaydi.

Turmush  qurishdan  asosiy  maqsad,  sog‘lom  nasl davomiyligini  ta'minlash,   aklli va  ilmli   farzandlarni  tarbiyalab voyaga  yetkazish va  ularning  kamolini ko‘rishdan  iborat. Farzand   voyaga  yetgach,  har    bir   ota-ona  oldida  uning  oila  qurishini  ta'minlash   vazifasi   turadi. Bu  jarayonga  ko‘pchillik shoshqoloqlik  qilib,  “o‘g‘ilni ertaroq uylash  kerak, qiz  bolani  ushlab  o‘tirmay,  tengi  chiqishi  bilanoq  turmushga  berish  lozim” degan noto‘g‘ri  qarashlar oqibatida,   qiz bolani  erta  turmushga  berib,  uning  salomatligiga  putur yetkazilayotganligi    yoki  o‘zaro  qarindoshlar  o‘rtasida tuzilayotgan nikohlar natijasida  nosog‘lom  farzandlar  dunyoga  kelayotganligi hech kimga  sir emas.

        Oila  mustahkamligini  ta'minlovchi  omillardan  biri  farzanddir, farzand  tarbiyasiga   e'tiborli  bo‘lish  esa  avvalo ota-onaning  vazifasidir.  Mukammal  tarbiya – barcha  hikmatlarning   avvalidir.

    Milliy  urf-odatlarimizga yot bo‘lgan bunday salbiy holatlarga, milliy  va  ma'naviy  qadriyatlarimizga tayangan  holda  qarshi  kurashish,  yosh  avlodni  sog‘lom  va   barkamol   etib  tarbiyalash,  aholi  o‘rtasida  ma'naviy   muhit barqarorligini  ta'minlashga  ko‘maklashish  borasida  targ‘ibot  va  tashviqot   tadbirlarini o‘tkazish  hozirgi  kunga  kelib davlat  siyosatiga   aylandi.

        Mamlakatimizda  oila  va  nikohning  muqaddasligi,  milliy urf  odat, an'analarga  mosligini  ta'minlashga  alohida  e'tibor  qaratilmoqda.  Muhtaram  yurtboshimiz   Sh. Mirziyoevning  to‘y va  ma'raka  marosimlarni   tartibga  solish va ixcham  o‘tkazilishi  borasida  farmoni, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlari 14 sentyabr kuni to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

      Bunga birgina misol, tumanimizda  qariyib  ikki  yildan  buyon  tuman hokimligi,  tuman  FHDYO, tuman tibbiyot  bo‘limi va  tuman  imom  xatibligi  hamkorlikda,  oila  qurishga  tayorgarlik  ko‘rayotgan  yosh  yigit  qizlar  bilan  har xaftaning seshanba  kunlari,  oila  psixologiyasi  bo‘yicha  suhbat  va  uchrashuvlar   o‘tkazib, “Onasini ko‘r, qizini  ol”,  “Oila  va nikoh- muqaddas  rishta”, “Isrofgarchilik og‘ir  gunoh”  mavzularidagi  ma'naviy-ma'rifiy  tadbirlar,  tibbiy - ko‘rik  va   mutaxassislar  ishtirokida   seminarlar  tashkil  etish  an'anaga  aylangan.  Suhbatlar  jarayonida, nikohning nafaqat qonuniy  bo‘lishi, balki  bunda  yoshlarning, xususan, qiz bolaning  oilaga ruhiy  va  jismoniy tayyorgarligi ham muhim  ekanligi,    yosh bo‘lg‘usi  kelin  kuyovlarni, oila  qurish  borasidagi  bilim  va  ko‘nikmalar  bilan  tanishtirib,  oilaning  muqaddasligi, isrofgarchilikning gunohligi va eng asosiysi,  bir  marta berilgan umrda,  ahil-inoqlikda baxtli  saodatli  hayot  kechirish eng  to‘g‘ri  yo‘l  ekanligi uqtirilib  o‘tiladi.

    Alloh taolo  yurtimizdagi  har bir  oilalarni  mustahkam qilsin. Maraka-marosimlarimizni  ortiqcha  dabdabasiz, isrofgarchiliksiz o‘tishini va yoshlarimiz  baxtli-saodatli  bo‘lishini  nasib  aylasin.

 Muhammaddiyor Jomonqulov, Bulung‘ur tuman “Sarqipchoq” jome masjidi   imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/10/2019 15:15;   Ko‘rilganligi: 3481
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/isrofgarchilik-va-manmanlikka-yol-qoymang
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 04:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing