O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

FITNALARDAN OGOH BO‘LING!

 
 

Mamlakatimizda ilmiy-ma'rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda, shu kabi diniy sohada ham ko‘plab ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘p millatli xalqimiz millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch va totuv hayot kechirmoqdalar. Fuqarolar vijdon erkinligi qonuniy kafolatlangan diyorda o‘zlarining ibodatlarini emin-erkin ado etib turganlari, yaratilgan imkoniyatlardan mamnun ekanliklari hech kimga sir emas. Shunday bo‘lsada, ba'zi bir hasadgo‘y kimsalar xalqimiz orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish maqsadida, fitna chiqarish ilinjida turli-xil uydirmalarni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishdan o‘zlarini tiymayaptilar. Ko‘pchilikning xabari bor, 2019 yil 25 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy ish qog‘osi nusxasiga yozilgan bir nechta shaxslar to‘g‘risidagi soxta ma'lumot tarqatildi. Unda keltirilgan ma'lumotlar va yozuvlarning barchasi qalbakidir.

Bu kabi asossiz uydirma xabarlarni tarqatishdan maqsad O‘zbekistondagi diniy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yomonlab ko‘rsatish va mo‘min-musulmonlar orasiga ishonchsizlik urug‘ini sochishdan o‘zga narsa emas. Bu kabi yolg‘on uydirmalarga aldanib qolmasligimiz zarur. Islom ulamolari ummatni turli fitnalardan saqlanish haqidagi chora va tadbirlar haqida to‘xtalib shunday deganlar:

“Ummat ichidagi nasihat qiluvchilarga, ulug‘larga va mas'ullarga yaqin bo‘lib, ular atrofida jipslashish, xususan fitna o‘rinlarida ulardan aslo uzoqlashmaslik zarur. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Hazrati Rasul akram sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

“Baraka ulug‘laringiz bilan birgadir”.

Darhaqiqat, inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi.

Bunday yolg‘on xabarlarni tayyorlash va tarqatish qonun bilan taqiqlanadi, Islom dinida esa qattiq qoralanadi.

Alloh taolo hammamizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin!

O‘MI Samarqand viloyat vakililigi


Kiritilgan vaqti: 26/03/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1534
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/fitnalardan-ogoh-boling
Chop etilgan vaqti: 30/04/2024 23:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing