O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

FIRIBGARLIK - OG‘IR JINOYAT

 
 

Keyingi vaqtlarda jamiyatimizda o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirish, xususan firibgarlik jinoyati tez-tez sodir bo‘lib turmoqda. Ajdodlari dinu diyonat, axloqu odob, or-nomus, halolu poklikka odatlangan o‘zbek xalqining avlodlaridan mazkur jinoyatga qo‘l urayotganlarning uchrashi achinarli holdir. Holbuki, dinimizda birovning molini aldov, firibgarlik, chuv tushirish yo‘li bilan o‘zlashtirishdan qattiq qaytarilgan. Qur'oni karimda bu haqda shunday bayon etilgan:

Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).

Firibgarlik jinoyati molni botil yo‘l bilan yeyishning bir ko‘rinishi bo‘lib, bunday yo‘l bilan topilgan mol otashi do‘zaxning bir bo‘lagi hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) quyidagicha marhamat qiladilar:

Payg‘ambar (s.a.v.)ning ayollari bo‘lmish Ummu Salama (r.a.) rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh (s.a.v.) hujralarining oldida janjal ovozini eshitib, tashqariga chiqdilar va dedilar: “Men ham bir insonman. Mening huzurimda haq talashib, da'vo bilan kelib turasizlar. Balki biringiz boshqangizdan so‘zga chechanroq bo‘lib chiqarsiz va men uni rost gapiryapti, deb shunga qarab hukm chiqaraman. Lekin bilib qo‘yingki, men kimga biror musulmonning haqqini olib bergan bo‘lsam, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagn olmasin” (Imom Buxoriy rivoyati).

Sir emaski, keyingi vaqtlarda ba'zi kishilar odamlardan qarzga yoki sherikchilikka, deb pul olib, oxir-oqibat uni qaytarmay o‘rtada nizo chiqishi, yaqin kishilar bir-biri bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishi holatlari kuzatilmoqda. Albatta, zarurat uchun qarz olish yoki sherikchilik bilan shug‘ullanish joiz. Biroq, olgan qarzini paysalga solmay qaytarish, sherikchilikda yesa xiyonat qilmaslik lozim. Aks holda boshlangan ishlarga ortga ketib, kasodga uchrashi tayin. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar:

Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambar (s.a.v.) dedilar: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘ziga talofat yetkazadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ayniqsa, savdo-sotiq vaqtida haridorga firib berish, masalan, aybli molni aybini yashirib sotish yoki soxta molni asl mol, deb sotish eng og‘ir gunohdir. Quyidagi hadislar bunga ochiq dalil bo‘ladi:

Rasululloh (s.a.v.) don sotayotgan odamning yonidan o‘tib qolibdilar. Uning doni orasiga qo‘l tiqib ko‘rsalar, namlanib qolgan ekan. “Bu nima?!” deb so‘radilar. Sotuvchi: “Yey Rasullulloh! Unga yomg‘ir tegibdi”, dedi. Shunda Rasullulloh (s.a.v.): “Uni ustiga quymaysanmi, odamlar ko‘rar edi” dedilar va “Kimki aldasa, mendan yemas!” dedilar (Imom Musim rivoyati).

Hadisdagi “gash” lug‘atda “aldamoq, firib bermoq, sohtalashtirmoq” ma'nolarida keladi. Demak, umumiy ma'noda aldov, firibgarlik, biror narsani soxtalashtirishlik musulmonning ishi emas ekan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday deganlar:

Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar, Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Tuya va sovliqlaringizni (sersut qilib ko‘rsatish maqsadida) ataylab sog‘may qo‘ymangizlar! Kimki (bilmay) shunday hayvonni otib olgan bo‘lsa, uning ixtiyorida ikki yo‘l bordir, biri – uni o‘zida olib qolmoqlik, ikkinchisi uni egasiga qaytarib bermoqlikdur. Agar qaytarib beradigan bo‘lsa (bir-ikki kun soqqani uchun) bir so xurmo qo‘shib bersin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Demak, sog‘in sigir va qo‘ylarni sotishda hadisda bayon etilganidek, firibgarlik usullarini qo‘llash ham joiz emas. Bizning hanafiy mazhabimizda: bordi-yu molni qaytarib beriladigan bo‘lsa, unga xurmo qo‘shib berilmaydi, deyilgan.


Kiritilgan vaqti: 07/02/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 2112
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/firibgarlik---ogir-jinoyat
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 11:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing