Do‘st tanlash odobi
Inson uchun mashaqqatli ishlardan biri, bu do‘st tanlashdir. Halqimizda “Do‘sting kimligini aytsang, sening kimligingni aytib beraman” degan naql bor. Demak, do‘st tanlashda e'tiborli bo‘lish lozim ekan. Hozirgi kunda o‘zini do‘st deb atayotgan kimsalar o‘zlarining asl maqsadlarini yashiradilar. Buning misolini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab uchratish mumkin. Ommaviy madaniyatni targ‘ib qilayotganlar yoshlarga ko‘proq e'tiborlarini qaratishmoqda. Kishiga, ayniqsa, u yosh bo‘lsa, do‘st va suhbatdoshlarning ta'siri o‘tadi. E'tiqodi buzuq bo‘lgan kishilar bilan do‘stlashish oqibati pushaymonlikdir.
Yoshlarni yomon hulqli, badniyat kishilardan himoya qilish ota-ona va barchamizning burchimizdir. Yaxshi do‘st tanlashda yoshlarimizga o‘rnak va ko‘makdosh bo‘lishimiz zarur.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Rostgo‘ylar bilan do‘stlashing! Ular tinchlikda ziynat, xavfda qalqondir”.
Hakimlardan biri aytadi,- “ Diyonatli, aqlli va odobli kishi bilan do‘stlashgin. U muhtojligingda yordamching, qiyin kunlaringda qo‘llovching, mayusligingda quvonching, xotirjamligingda ziynating bo‘ladi”.
Inson salomatligi yegan taomiga bog‘liq bo‘lganidek, uning saodati ham tanlagan do‘stlariga bog‘liq. Shuning uchun do‘st tanlashda adashmang.
Alijon YAQUBOV - Ishtixon tuman bosh imom xatibi
"Adabud dunyo vad din" kitobidan
Kiritilgan vaqti: 03/12/2019 11:39; Ko‘rilganligi: 4009
Chop etilgan vaqti: 12/09/2024 11:30