O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Bid'at va isrofdan saqlanaylik

 
 

Ma'lumki, muqaddas dinimiz kishilarni bir-birlari bilan yaxshi muomalada bo‘lishga, hamda taom ulashishga buyuradi. Fazilatli va ixlosmand halkimiz qadimdan bu sunnatlarga amal qilib keladi. Mana shunday chiroyli sunnatlar jumlasiga nikoh to‘yini xam kiritish mumkin. Nikoh ikki begona, nomahramni bir-biriga halol qilgani sababli, uni e'lon qilish jumxur ulamolar nazdida sunnatdir va bizning urfimizda u "to‘y" deb yuritiladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ning sahobalarga to‘y qilish yuzasidan tavsiyalari ko‘pdir. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Abduraxmon ibn avf "Ey Allohning Rasuli bir ayolga danak vaznidagi tillo (mahr) berib uylandim"-, dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Alloh senga baraka bersin! Bir qo‘y bilan bo‘lsa ham to‘y qilgin",- dedilar.

         Shundan ham xulosa qilishimiz mumkinki, kim uylanadigan bo‘lsa, kuchi yetganicha, o‘zini ortiqcha urintirmasdan to‘y qilib berishi sunnatdir. Payg‘ambarimiz xam uylanganlarida imkonlari boricha to‘y qilib berganlar. U zot Safiya onamizni nikohlariga olganlarida mehmonlarni xurmo va yog‘dan tayyorlanadigan taom bilan mehmon qilganlar.

         Qadimdan katta xursandchilik bo‘lgan to‘yni, biz o‘zimiz uchun jiddiy tashvishga aylantirdik. To‘yga qo‘shimcha  marosimlar, katta sarpolar, o‘nlab tog‘oralar qo‘shdik. Voyaga yetgan o‘g‘lini uylash, qizini uzatishni o‘ylab  otalar qzga yurtlarga pul topish maqsadida chiqib ketmokdalar, sog‘liqlariga putur yetkazib qo‘ymokdalar. Aslida esa dinimiz yengillik dini. Barcha masalada bo‘lgani kabi, to‘y masalasida ham mo‘tadil yo‘lni tutish maqsadga muvofiqdir.

Imom Bayxaqiydan rivoyat qilinishicha Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Eng barakali nikoh - xarajatlari yengil bo‘lganidir", dedilar.

         Nikohning barakali bo‘lishi sabablaridan biri nikoh xarajatlari va dabdabalarining kamroq, yengilroq bo‘lishidir.

Ba'zan qizlarimizning tengi chiqsa ham, yanada yaxshiroq joydan  umid qilib, ba'zida ularning sepi tayyor emasligi, bunga qo‘limiz kaltaligini bahona qilib ularning umrlarini o‘tkazamiz. Tengi chiqqan qizlarimizni  uzatmasak, bekorchi sarpolarni deb to‘ylarni kechiktirsak, oilasiz erkak va ayollar  ko‘payadi, zinoga yo‘l ochiladi, nasablar kesiladi. Jamiyatda salohiyat va iffat kamayadi.

         Ba'zi yigitlarimiz esa hamma sharoitimni yaxshilab olaman deb, oila qurmay yurishadi, natijada yoshlari o‘tib koladi. Vaholanki, bir kasbni boshini tutgan, ro‘zg‘or nafaqasi uchun mablag‘ topa oladigan yigitlar kambag‘allikdan qo‘rkib uylanmay yurishlari to‘g‘ri emas. Hanafiy mazhabiga ko‘ra uylanish - uylanmasdan umrini ibodatda o‘tkazishdan afzal, balki sunnatdir. Shuningdek, Alloh o‘z fazli karami bilan nikohga baraka bersa kambag‘al bo‘lganlar turmush qurganlaridan so‘ng boyib ketishadi. Uylanguncha bo‘sh, yalqov bo‘lgan yigitlar, uylangandan keyin g‘ayratli, shijoatli, harakatchan bo‘lib qolishlari ko‘p uchraydi. Shuning uchun muqaddas dinimiz imkoniyati bo‘lgan yigitlarni uylanishga targ‘ib qiladi. Lekin nikoh sunnatining e'loni hisoblangan to‘yni obro‘ to‘plash musobaqasiga aylantirish, dabdababozlik, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yish dinimizda qoralanadi. Yillar davomida yemay-ichmay yiqqan malagini va buning ustiga olgan qarzlarini bir kunda sovurib, keyin yillar davomida qarz to‘lash kimga foydali?! To‘y kuni o‘nlab mashinalarni yollagan kuyov to‘ydan keyin piyoda yurishga ham mablag‘ topolmay qolishichi?!

         Bugungi kunda yoshlarimizni gunoh qilsa ham, isrof qilsa ham gapirmasak, o‘zimizni oyog‘imizga o‘zimiz bolta urgan bo‘lmaymizmi?! Keyin bu isroflarning jabrini barchamiz tortishga majbur bo‘lmaymizmi?!

         Barchalarimizni to‘ylarda isrof qilish, manmanlik qilish, haddan oshishdan saqlasin va Yaratganning o‘zi to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilsin.

          N. Temirova - O‘MI Samarqand viloyat vakili maslahatchisi 


Kiritilgan vaqti: 30/01/2020 15:16;   Ko‘rilganligi: 1289
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/bidat-va-isrofdan-saqlanaylik
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing