O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

BADANGA SUVRAT CHIZISHNING OQIBATI

 
 

Yaratgan zot tomonidan insonga berilgan ne'matlarni sanab adog‘iga yetolmaysiz. Alloh taolo o‘zining kalomi sharifida shunday marhamat qiladi: “Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik (ulug‘ladik)”, “Darhaqiqat Biz insonni eng go‘zal shaklu shamoyilda yaratdik”. Parvardigori olam insonni go‘zal suvratda benuqson yaratib, uni mukarram qildi, ya'ni boshqa maxluqotlari ichida aziz qilib qo‘ydi. Inson uchun neki zarur bo‘lsa, uning jismi va atrofida muhayyo qildi. Buning evaziga esa bizdan arzimagan narsa – shukr aytishni, ibodatni talab qildi xolos.

Ammo,  bu bandasi noshukr ekan. Ba'zan ko‘cha-ko‘yda o‘ziga berilgan ne'matlarga noshukrligini  o‘z jismida zohir qilgan kishilarni ko‘rib qolamiz. Gap nima haqda borayotganligini sezgan bo‘lsangiz kerak. Badanga igna bilan suvrat chizish – tatirovka, bunga bizning muqaddas dinimiz qanday qaraydi. Shariati Islom badanga turli narsalarning suvratini chizishni xoh igna bilan bo‘lsin, xoh boshqa chizadigan asbob bilan bo‘lsin qat'iyan man etadi va bu amal kechirilmas gunohlardan biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimning “Niso” surasida shunday marhamat qiladi:

Alloh uni (Shaytonni) la'natladi. (Shunda) u dedi: “Qasamki, bandalaring orasidan o‘zimga tegishli nasibani albatta olaman. Va ularni yo‘ldan ozdiraman, xomxayollarga mubtalo qilaman, buyursam ular chorvalarining quloqlarini kesadilar, buyursam Alloh yaratgan narsalarni o‘zgartirib-buzadilar”. Kimki Allohni qo‘yib, shaytonni do‘st tutsa, bas, u ochiqdan-ochiq ziyon qilibdi”. (118,119).

Mazkur oyatdagi “Allohning yaratgan narsalarini o‘zgartirish”laridan murod —ayollarning ziynat uchun qosh terishlari, soch ulashlari, badanga igna bilan suvrat chizish kabi narsalarni anglatadi hamda bu kabi narsalarni qiluvchilar shaytonning buyrug‘ini bajaruvchilar va unga do‘st bo‘lganlar ekanligi uqtirilmoqda.

Imom Buxoriyning “as-Sahih” hadislar to‘plamida Abdullloh ibn Mas'uddan shunday rivoyat qilinadi: Payg‘ambar s.a.v.: “Badaniga igna bilan suvrat chizuvchi ayol va chizdiruvchiga, soch ulaydiganni va ulatadiganga, husn uchun tishlarining orasini ochuvchiga va Alloh (bandasida) yaratgan narsalarni o‘zgartiruvchiga Alloh taoloning la'nati bo‘lsin”,-dedilar.

Johiliyat davrida arab ayollari qoshlarini terdirib, uning o‘rniga qora siyohga botirilgan igna bilan sun'iy qoshlar chizganlar. Ularning hukmi haqida so‘ralganda Payg‘ambarimiz s.a.v. ularning barchasini la'natlab, mazkur hadisni aytganlar:

 “Abdulloh ibn Mas'ud aytadi: Allohning Payg‘ambari la'natlagan kimsaga men nechun la'nat aytmayin?”.

Darhaqiqat, Payg‘ambar qarg‘agan kishiga kim shafqat ko‘rsatadi? Allohning amri qolib shayton buyrug‘ini bajargan, uni o‘ziga do‘st tutgan kishiga panoh bo‘ladigan kimsa bormi?  Albatta yo‘q!

Ammo yuqoridagi hadis faqat ayollarga tegishli bo‘lmasdan, undan olinadigan umumiy hukm erkaklarga ham tegishlidir, chunki hadisning oxirida “Alloh (bandasida) yaratgan narsalarni o‘zgartiruvchi” degan umumiy ibora bordir. Hadisdagi aynan mana shu jumla badanga turli suvratlarni chizish Islom dini aqidasiga yot amallardan biri ekanligini ko‘rsatadi.

Yuqorida zikr qilingan oyat va hadislardan xulosa qilgan holda aytish mumkinki, badanga turli xil shakllarni chizish va chizdirish katta gunohlardan biridir.

Bu amallar nafaqat Yaratganga xush kelmaydi, balki, milliyligimiz va urf-odatlarimizga ham ziddir. Bu amallar natijasida kishi sog‘ligiga jiddiy putur yetishi ham mumkin. Bu tabiblarimiz e'tiboriga havola qilinadigan alohida masala. 

Demak, ahvol shu ekan, na milliyligimizga va na dinimizga to‘g‘ri keladigan, iymonimiz va jismimizga zarar keltirishdan boshqa narsaga yaramaydigan bunday manfur, shaytoniy amaldan biz o‘zimizni va boshqalarni saqlaylik!

Nodir Qobilov, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,

Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 23/10/2019 17:25;   Ko‘rilganligi: 1897
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/society/badanga-suvrat-chizishning-oqibati
Chop etilgan vaqti: 03/05/2024 18:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing