Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida, U zot yuvilgan suv qayerga ketgan?
Bugun ulug‘ olim, shayx Muhammad Mutavalliy Sha'roviy haqidagi ibratli bir qissani e'tiboringizga havola qilamiz.
Kunlardan bir kuni din shayxlari va ulamolaridan biri boshchiligida bir haftalik islomiy anjuman uyushtirildi.
Bu konferensiyaga shayx Sha'roviy ham taklif qilindilar. Shayx Sha'roviy taklifga binoan anjumanga tashrif buyurib, uning birinchi majlisiga hozir bo‘ldilar. Anjuman boshlandi. Shayx Sha'roviy majlis hay'atidan joy oldilar. Anjumanga raislik qilayotgan kishi o‘zini ilmu ma'rifatda barchadan ustun darajada deya mag‘rurlanar va bu bilan huzurlanar edi.
Majlis asnosida bunga guvoh bo‘lgan imom Sha'roviy izn so‘rab, minbarga chiqdilar va «Sizlarga bir savol beraman:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida U zot yuvilgan suv qayerga ketgan?» dedilar.
Majlis ahli kutilmagan savoldan hangu mang bo‘lib qoldi. Hech kimdan sado chiqmadi. Barcha jim, hech kim gapirmaydi.
Anjuman raisi hijolat va sarosimada qoldi. «Nahotki men bu savolning javobini bilmayman?» o‘ylardi u. Nihoyat, rais shayx Sha'roviyga: «Bizga fursat bering, insha Alloh, ertangi majlisgacha savolingizga javob toparmiz» deb, bu holatdan chiqdi.
Majlisga raislik qilgan kishi to‘g‘ri uyiga bordi-yu, kutubxonasiga kirib, bu mushkul savolga javob qidira ketdi. Biroq, harchand qidirmasin, kitob titmasin, hech narsa topa olmadi. Hamma kitoblarini birma-bir varaqlab chiqdi, lekin bu savolga javob topa olmadi. Nihoyat charchab, varaqlab o‘tirgan kitobining ustida uxlab qoldi.
Bir payt tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldiga keldilar. U zotning yonlarida fonus ko‘targan bir kishi bor edi.
Rais darhol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borib: «Ey Allohning Rasuli, siz yuvilgan suv qayerga ketgan?» deb so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam yonlarida fonus ko‘tarib turgan kishiga ishora qildilar. Fonus ko‘targan kishi shunday dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuvilgan suv bug‘lanib, osmonga ko‘tarilgan. So‘ng yomg‘ir bo‘lib yerga yoqqan. Bu yomg‘irning har bir qatrasi o‘rnida masjid bino qilingan». Ma'lum bo‘lishicha, yer yuzining qayerida bo‘lmasin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuvilgan suvning har bir qatrasi tushgan joyda bir masjid bino qilingan ekan.
Anjuman raisi uyqusidan baxtiyor holda uyg‘ondi. Endi u anjumanga yorug‘ yuz bilan bora oladigan javobni topgan edi. U shosha-pisha anjumanga yetib borib, shayx Sha'roviyning og‘ziga termulib, kechagi savolning javobini so‘rashlarini kutdi.
Lekin shayx hech narsa bo‘lmagandek, majlis hay'atida viqor bilan o‘tirardilar. Raisning ichi pishib, bir amallab majlisning oxirigacha chidadi. Nihoyat, toqati toq bo‘lib, imomga dedi:
– Kecha bir savol so‘ragan edingiz, javobiini aytaymi?
– Javobini bildingmi? – so‘radilar imom Sha'roviy.
– Ha, – dedi rais.
– Xo‘sh, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuvilgan suv qayerga ketgan ekan?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuvilgan suv bug‘lanib, osmonga ko‘tarilgan ekan. So‘ng yerga yomg‘ir bo‘lib yoqqan ekan. O‘sha yomg‘irning har qatrasi o‘rnida bir masjid bino bo‘lgan ekan, – dedi rais.
– Javobni qanday qilib bilding? – so‘radilar imom.
– Tushimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimga keldilar, U zotdan so‘radim.
– Lekin javobni senga fonus ko‘targan kishi aytdi-ku? – dedilar kulimsirab imom Sha'roviy.
Rais sarosima va hayratdan bir zum haykaldek qotib qoldi. So‘ng o‘ziga kelib, beixtiyor «Buni qanday bildingiz?» dedi. Shunda Sha'roviy hammani cheksiz hayratda qoldirib, «Fonus ko‘targan men edim!» dedilar…
Bu qissani o‘sha anjuman raisining o‘zi hikoya qilib bergan.
Robbim, gunohlarim har qancha ulug‘ bo‘lsa ham, afving ulug‘roq ekanligini bildim.
Odinaxon Muhammad Sodiq
Manba: https://azon.uz
Kiritilgan vaqti: 09/02/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 2306
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 17:04