Mavludi sharif muborak!
Hozir biz rabi'ul avval oyida turibmiz. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Fil (fil voqeasi bo‘lgan) yilida (melodiy 571-yil), rabi'ul avval oyining (mashhur qavlda) o‘n ikkinchisida Arabiston yarim oroli, Makka shahri, Quraysh qabilasida tavallud topdi. Bu kunlarda Payg‘ambarimizga ko‘proq salovatlar, salomlar, duolar qilishimiz lozim chunki, Alloh taolo bu kunlarni Payg‘ambarimizni tug‘ilishi bilan qadrladi. Insonlarni zulmatdan nurga va ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi Payg‘ambarimiz rostgo‘y Muhammad sallollohu alayhi vasallam tug‘ildi. Payg‘ambarimizning tug‘ilishi bandalar uchun Allohni barakasi va rahmati bo‘ldi. O‘sha davrlarda insonlar jaholat zulumatida yashar edi. Qizlarini tiriklayin ko‘mar, kuchli kuchsizni yeb tugatar, qo‘shni qo‘shniga g‘ayirlik qilar, jamiyatda tarafkashliklar ko‘p bo‘lib, hayot izdan chiqqan edi.
Dini –diyonatni aytmasa ham bo‘ladi. Ba'zilari toshga, ba'zilari daraxtga, ba'zilari xurmoga va yana ba'zilari qo‘llari bilan halvodan yasab olgan “xudo”chalariga sig‘inar va ularga atab qurbonliklar qilar, so‘ngra qorinlari och qolsa o‘sha “xudo”chalarini yeb quyar edi. Jaholat cho‘qqiga chiqib, aql tubanlashgan edi. Alloh barchamizni bunday tubanlikdan va bunday aqldan o‘zi saqlasin. Ana o‘sha vaqtlarda Alloh taolo o‘z Payg‘ambarini jaholatga, xurofatga qarshi kurashish uchun jo‘natdi. Tili va qo‘li bilan kurashdi, Allohning dini zohir bo‘ldi. Risolatni yetkazdi, omonatni ado etib, ummatga nasihat qildi. Ilk nozil bo‘lgan oyatlarning birinchi so‘zi “ Iqro” ya'ni “O‘qi” so‘zidir. Hammamiz bilamiz o‘qish ilmning kalitidir. Mana shu “O‘qi” so‘zi jaholatni yengadigan ilohiy yo‘ldir. Bu yo‘l qiyomatgacha ham eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi.
Payg‘ambarimizning siyratlari qalblar uchun davo, nafslarga shifodir. U zotning xulqlari Qur'on bo‘lgan. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari Qur'on edi”, - degan edilar (Imom Muslim rivoyati). Rasulimizning hayotlari Qur'onni amaliy tadbiqi bo‘lgan, tadbiqiy tafsiri bo‘lgan va Qur'onni tirik namunasi bo‘lgan. Payg‘ambarimizning siyratlarini o‘rgangan va xulqlari bilan xulqlangan kishi xuddi Nuh alayhissalomni kemasiga minib najot topgan, buning aksi esa kemaga minmay g‘arq bo‘lgan kishiga o‘xshar ekan.
Shukrlari: Ozgina ne'matni ko‘p sanar, taomni kamsitmas edilar. Omonatdorliklari: Yoshligidan “Amin” (omonatli, ishonchli) deb nomlangan edilar. Vafodorliklari: U zot juda vafodor, yaxshilik qilgan kishiga ortig‘i bilan yaxshilikni qaytarguvchi inson edilar. Umirlari davomida biron marta ahdiga bevafolik yoki va'dasiga xilof qilmagan. Hayolari: Chimildiqdagi kelinni ham hayosidan ortiq edi. Ayniqsa bugungi kunda bu fazilatlar biz uchun havodek zarur. Allohning kalomi va Payg‘ambarimizning sunnatlari barchamizni yakdillikka chaqiradi. Alloh taolo aytdi:
وَأَطِيعُواْ اللّهَ وَرَسُولَهُ وَلاَ تَنَازَعُواْ فَتَفْشَلُواْ وَتَذْهَبَ رِيحُكُمْ وَاصْبِرُواْ إِنَّ اللّهَ مَعَ الصَّابِرِينَ
Ya'ni, “Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadi. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilandir” (Anfol, 46).
Payg‘ambarimiz aytdilar:
“Kim jamoatdan qochsa, do‘zaxda yolg‘iz azoblanadi, Allohning yordami jamoat bilandir. O‘zlaringizga jamoatni lozim tuting O‘zingizga jamoatni lozim tutingiz. Allohni “qudrat qo‘li” jamoatdadir (Allohning rizoligi jamoat tarafda). Kim jamoatdan qochsa do‘zaxga yolg‘iz kiradi”.
Dinimiz insonlarni birdam bo‘lib yashashga targ‘ib qiladi. Yakdillik bo‘lgan joyda tinchilik, baraka bo‘ladi. Robi'ul avval oyi kirib kelishi bilan yurtimizda mavlud marosimlari o‘tkaziladi. Ushbu xayrli ishni “bid'at” deb e'lon qilib, musulmonlar o‘rtasiga ixtilof soladiganlar ham afsuski bor. Bu kabi ixtiloflar dinni va jamiyatni zaiflashtirishdan boshqa narsa emas. Musulmon ommasi ming yillardan buyon bu xayrli marosimni o‘tkazib kelmoqda. Bu marosimida Qur'on tilovat qilinib, salovatlar aytiladi. Payg‘ambarimizning ota bobolari, nasl-nasablari, tug‘ilishlari, xulq-atvorlari va hayotlari haqida nazm va qasidalar o‘qilib, siyratlari yod etiladi. Eng komil insonni mo‘minlarga tanitish, Alloh unda jamlagan go‘zal sifat va xulqlarini eslatib, ularni mazkur xulqlar bilan ziynatlanishga chaqirish “bid'at” emas, hikmat, ma'rifat bo‘ladi inshaalloh!
Ozod NAZAROV - Pastdarg‘om tuman bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 08/11/2019 16:11; Ko‘rilganligi: 2919
Chop etilgan vaqti: 16/09/2024 07:07