O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Shukr qilgan boy bo‘lar

 
 

Haqiqatdan ham ne’matlarga shukr qilib yashash odamning ko‘zini to‘q, qalbini xotirjam qiladi. Bugungi kunda shukr qilib yashayotganlar juda ko‘p, shuning uchun ham xalqimiz tinch, elimiz farovon, vatanimiz kundan kunga ko‘rkam bo‘lib bormoqda. Bunday obodonlashtirish va bunyodkorliklarni ko‘rib yashagan sayin yashaging keladi.

Qur’oni karimda Nahl surasining 18-oyatida: “Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz” deb marhamat qilingan. O‘ylab qaraydigan bo‘lsak, tirikligimizning o‘zi bir ne’matdir. Aqlimiz, farosatimiz borligi, ko‘rgan narsani tanishimiz, eshitgan narsani anglashimiz, o‘zimizning kimligimizni bilib yashashimiz bularning hammasi hech bir narsaga tenglab bo‘lmaydigan baxtdir. Hayotda shunday insonlar borki ko‘radi, eshitadi, ovqat yeydi, yuradi ammo o‘zining kimligini bilmaydi. Nima uchun yashayapti, otasi kim, onasi kim, hayotdagi vazifasi nimadan iborat,bu narsalarni o‘ylab ko‘rmaydi. Chunki ularning aqli noqisdir. Shunday ekan sog‘-salomat tug‘ilib, sog‘-salomat yurgan insonlar shukronani ko‘p qilishlari kerak.

O‘zidan boyroq kishilarni ko‘rib, ularga yetib olaman degan maqsadda odamiylikni, og‘a-inilarni, hatto ota-onani unutib, nafs yo‘lida ovora bo‘lib shukronalikni unutgan kishilar o‘z-o‘ziga zulm qilgan bo‘ladi. Hadisi sharifda: ,”Haqiqiy boylik mol-mulkning ko‘pligida emas, balki haqiqiy boylik nafsning to‘qligidadir”, deyilgan. Ba’zilar boylik ilinjida farzand tarbiyasiga e’tibor qaratmasdan, faqat pul topishning yo‘liga o‘tib olganlar. Farzandga vaqtida tarbiya berilmasa keyin kech bo‘ladi. Topilgan boylik farzand tarbiyasiga kor qilmaydi.

Noshukrlik insoniylik fazilatidan chetlatadi. Bu esa zulmat sari yo‘llaydi. Hadasi sharifda: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyda bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”, deb ne’matni keng ma’noda tushunish lozimligiga ishora qilingan. Ko‘pchilik kishilar ne’matning qadriga u qo‘lidan ketgandan keyingina yetadi. Unda kech bo‘lib afsusu-nadomatlar yordam bermaydi.

Shukr qilib yashashning o‘zi bir ne’matdir. Shukr qilgan boy bo‘ladi. Chunki shukronaning orqasidan yana va yana ne’matlar berilaveradi. Topgan boyligimizni gunoh bo‘ladigan amallarga emas, savob bo‘ladigan amallarga ishlataylik. O‘zimizdan orttirib og‘a-ini, qo‘ni ko‘shnilarga, kam ta’minlangan oilalarga yordam qo‘lini cho‘zaylik. Zero hadisda aytiladiki: “Beva va miskinga g‘amxo‘rlik qiluvchi kishi Alloh taolo yo‘lida sa’y-xarakat qiluvchi yoki kechalari toat ibodat qilib, kunduzlari ro‘za tutuvchi kabidir”.

Hayot go‘zal. Shu go‘zal hayotda shukr qilib yashash undanda go‘zaldir. Boriga va bariga shukr qilib yashaylik. Chunki bizlarga shukr qilib yashash yarashadi. Qur’oni karimning Ibrohim surasining 7-oyatida:,, Yana Robbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar) ni eslangiz: ,,Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham)juda qattiqdir‘‘. Alloh taola barchalarimizga shukr qilib yashashni nasib qilgan bo‘lsin.


Kiritilgan vaqti: 22/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3151
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/shukr-qilgan-boy-bolar
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 23:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing