Shogirdlarni eslab
Qorong‘u tunlarni nurafshon etgan,
Muhabbat bog‘ida ochilgan gulzor.
Gina-kuduratni ichiga yutgan,
Shukrki, sizdayin shogirdlarim bor.
Ustoz shogirdidan bo‘lmas norozi,
Hatto tushlarimga kirgay ovozi.
Barchangizdan bo‘lsin Yaratgan rozi,
Shukrki, sizdayin shogirdlarim bor.
Hadisga payvasta, hofizi Qur’on,
Qalbdagi mehringiz emasdir pinhon.
Hasadgo‘y ko‘zlardan saqlasin omon,
Shukrki, sizdayin shogirdlarim bor.
Adolat yo‘linda biyrondir tilim,
Sizlarni ko‘rganda yayraydi dilim.
Ustozga nisbatan hurmat limmo-lim,
Shukrki, sizdayin shogirdlarim bor.
Og‘a-inilardek davron suraylik,
Birlashib hidoyat qasrin quraylik.
Duoga qo‘l ochib, iqbol so‘raylik,
Shukrki, sizdayin shogirdlarim bor.
Jannatmakon yurtda o‘ynab-kulaylik,
Uchrashib qolganda zavqqa to‘laylik.
Iloho, jannatda birga bo‘laylik,
Shukrki, sizdayin shogirdlarim bor.
Kiritilgan vaqti: 10/03/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2135
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 03:43