SAODAT ASOSI
Yaratgan bandalariga mehribon Zot, bizlarni yaratib o‘z xolimizga tashlab qo‘ymadi, balki dunyo va oxiratda ham baxtli hayot kechirishimiz uchun hayotimizda kerak bo‘ladigan barcha narsalarni ochiq – oydin bayon qiluvchi kitobini va u kitobini bizlarga yetkazuvchi Rasullarini yubordi. Nozil qilgan kitobi Qur’oni Karimda Islom dini o‘z huzuridagi eng maqbul din ekanligini quyidagicha bayon qilgan:
“Albatta, Alloh nazdida (maqbul) din Islom (dini)dir. Ahli kitoblarga (yahudiy va nasroniylarga) ma’lumot (tavhid va Muhammad to‘g‘risidagi vahiy) kelgandan keyin o‘zaro hasad yuzasidan ixtilof (inkor) qilishga o‘tdilar. Kim Allohning oyatlarini inkor etsa, (bilib qo‘ysinki) Alloh tez hisob-kitob qiluvchi zotdir”.Oli Imron surasi 19 – oyat.
Va yana islom dinidan o‘zga dinlarni hoxlovchilardan qilgan amallarini qabul qilmasligini aytib shunday deydi:
“Kimki islomdan o‘zga dinni istasa (ixtiyor etsa), undan (u din) sira qabul qilinmagay va u oxiratda ziyon ko‘ruvchilardandir”.Oli Imron surasi 85 – oyat.
Ushbu oyatlardan kelib chiqqan holda o‘z robbisini tanigan va uning buyruqlariga itoat etgan inson islom dinini o‘z dini deb tanlashi va diniga muhabbat qilishi lozim bo‘ladi. Zero, bizning saodatimiz asosi mana shu dinimizdir.
Nega yaxshi ko‘rmaylik, bu din bizlarga yakka xudolikka ibodat qilishni, vatanni sevishni, halol – haromni, hidoyatu zalolatni, to‘g‘ri – noto‘g‘rini, ota – ona va qo‘ni – qo‘shnilarga yaxshilik qilishni, qarindoshlar bilan silai rahm qilishni, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lishni, o‘zgalar haqqiga xiyonat qilmaslikni, qolaversa, barcha insonlar bilan go‘zal muomalada bo‘lishni ta’lim berdi. Dinini yaxshi bilgan va uni ta’limotlarini to‘la to‘kis o‘rgangan inson sadoqatli, diniga, xalqiga, vataniga muhabbatli bo‘lib osoyishta hayot kechiradi. Bu din yana bizlarga o‘z nafsimizda, oilamizda, ish joylarimizda va barcha insonlar bilan adolatda bo‘lishimizni ta’lim beradi. Zero adolatli hayot dunyo mezonidir.
Abdulloh ibn Huzofa Rum podshohi tarafidan nasroniylik dinini qabul qilish taklifi aytilib, agar uni qabul qilsang mulkimni yarmini beraman deganda ham, dinini yaxshi ko‘rgan bu ulug‘ sahobiy taklifni rad etdi. Bu qissa bizlarga dinimizni yaxshi ko‘rishimizga yetarli xulosa bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Dinimizni yaxshi ko‘rishimizning belgilaridan biri Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rishimiz va U zotning sunnatlariga ergashishimizdir. Bu haqda quyidagi hadislarni keltirishimiz mumkin:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sizlardan biringiz men unga farzandidan, ota – onasidan va barcha insonlardan suyukliroq bo‘lmagunimcha komil mo‘min bo‘lmaydi”. Buxoriy rivoyati.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rish, u zot bilan jannatda birga bo‘lishga sabab bo‘ladi.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: qiyomat qachon? deb so‘radi. U zot: “Qiyomatga nima tayyorlab qo‘yding?” dedilar. U kishi: hech nima lekin men Alloh va Rasulini yaxshi ko‘raman, dedi. U zot: “Sen yaxshi ko‘rgan kishing bilan bo‘lasan, dedilar”. Buxoriy rivoyati.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ulug‘lash U zotni yaxshi ko‘rishdan ko‘ra ulug‘roq hisoblanadi. Chunki har–bir yaxshi ko‘ruvchi yaxshi ko‘rgan insonini ulug‘layvermaydi. Misol: ota–ona farzandini yaxshi ko‘radi. Shu muhabbat asnosida farzandiga yaxshiliklar ko‘rsatadi, lekin uni ulug‘lamaydi. Farzand esa ota–onasini yaxshi ko‘radi va ulardan ko‘rgan yaxshiliklar evaziga ularni ulug‘laydi.
Demak, bizlar ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rish bilan birga, U zot bizlarni ikki dunyo saodati va yaxshiliklariga boshlagani uchun ulug‘lashimiz vojib bo‘ladi.
Bu borada Alloh taolo marhamat qiladi:
“Ey, Muhammad!) Haqiqatan, Biz Sizni (qiyomat kuni ummatlarga) guvohlik beruvchi, (mo‘minlarga) xushxabar eltuvchi va (kofirlarni) ogohlantiruvchi qilib yuborgandirmiz. (Biz, Muhammadni) Allohga va Uning rasuliga imon keltirishlaringiz uchun va uni (Rasulini) qo‘llab-quvatlab, izzat-ikrom qilishlaringiz hamda ertayu kech Unga (Allohga) tasbeh aytishlaringiz uchun (yubordik)”.Fath surasi 8 – 9 – oyatlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kun Ubay ibni Ka’b roziyallohu anhuni chaqirdilar. U kishi namoz o‘qiyotgan edi, javob bera olmadi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Javob berishingga nima to‘sqinlik qildi”, dedilar. Ubay ibni Ka’b: namoz o‘qiyotgan edim, deb javob berdi. Shunda U zot: Ey, imon keltirganlar! Sizlarni tiriltiruvchi narsa (ilm olish) uchun chorlaganlarida, Allohga va Rasulga (labbay deb) javob qilingiz! Yana bilib qo‘yingizki, Alloh inson bilan uning dili (o‘rtasi)da «parda» bo‘lib turadi va Uning (huzuriga) jamuljam bo‘lursiz”, (Anfol surasi 24) oyatni o‘qib unga tanbeh berdilar.
Bizlarga ham U zot sunnatlarida biror ishga buyurgan bo‘lsalar, U zot huzurimizda turgandek tezda bajarishimiz vojib bo‘ladi.
Hozirda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurimizda bo‘lmasalar ham ulamolarimiz aytishlaricha, Rasulullohning hadislari o‘qilayotganda yoki aytilayotganda ovozni ko‘tarish, u zotning huzurida ovozni ko‘tarish bilan barobardir. Sahobalar u zotni shunchalik yaxshi ko‘rib, hurmat qilganlaridan oldilarida ovozlarini pastlatib, yuzlariga tik boqa olmaganlar. Shuning uchun Hudaybiya qissasida Quraysh qabilasi Urva ibn Mas’udni sulx uchun jo‘natganida, qaytgandan so‘ng shunday degan: “Birorta inson o‘zining do‘stini Muhammadning as’hoblari Muhammadni ulug‘laganidek ulug‘laganini ko‘rmadim”.
Yana yaxshi ko‘rish alomatlarimizdan – Rasulullohga maqtalgan maqomni so‘rab, azondan keyin vorid bo‘lgan duoni o‘qib duo qilishimiz kerak. U zotni ismlari zikr qilinganda, qolaversa barcha vaqtlarda, xossatan juma kuni, ko‘proq salavot aytishimiz lozimdir. Bizlar uchun eng katta bashorat shuki – Rasululloh olib kelgan yo‘llariga ergashishimiz Robbimizni muhabbatiga loyiq bo‘lishimizga va gunohlarimiz kechirilishiga sabab bo‘ladi. Bu har – bir mo‘minning eng katta orzusidir.
“Ayting (ey, Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir”.Oli Imron surasi 31 – oyat.
Ey Robbimiz, qalbimizda U zotga muhabbat va olib kelgan yo‘llariga ergashish bilan ulug‘lash lazzatini bergin. Omin!
Kiritilgan vaqti: 01/11/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 2949
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:02