O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Salomlashish odoblariga rioya qilaylik

 
 

Assalomu –alaykum!   Sog‘misiz,   tinchmisiz,  omonmisiz   azizlar. Keling,  salomlashish  odoblari   haqida   ham  biroz   to‘xtalib  o‘taylik.

Salom berish Payg‘ambar alayhissalomning ko‘rsatmalari (sunnat), unga alik olish esa Alloh taoloning buyrug‘i (farz) hisoblanadi.

Har bir kishi o‘z xonadoniga kirganda ham oila a'zolariga salom beradi.  “Assalomu alaykum”  lafzi   arabchadan    o‘zbek tiliga   o‘girilganda  “sizga  tinchlik  va  xotirjamlik    tilayman” –degan  ma'noni   anglatar   ekan. Salomga javob qaytarish esa  farz   amaldir.  Salomga javob qaytaruvchi kishi   “Va  alaykum assalomu  va  rahmatulloh”- degan  so‘zlar  bilan   javob   qaytarishi  lozimdir. Buning   ma'nosi   esa  “sizga  ham  tinchlik, omonlik  va  Allohning rahmati  bo‘lsin” deganidir.

Boshni qimirlatib, ovozsiz, faqat qo‘lni ko‘ksiga qo‘yish bilangina salom berib ham, alik olib ham bo‘lmaydi. Salom-alik baralla, eshittirib aytilishi kerak. Haddan tashqari engashib, yerga bukilib salom berish odobimizda man etilgan. Xiyol egilib salom berish mumkin.

Shuningdek,   piyodaga,  ulovdagi   odam,  ko‘pchilikka    ozchilik, o‘tirgan  yoki  turgan   kishiga   yurgan  kishi  salom   berishi   afzaldir. Notanish kishilarga, yosh bolalarga ham salom beriladi. Agar   yosh bolalarga  yoshi  katta   odam   birinchi  bo‘lib  salom   bersa, bu uning    aql-odobi  va  ma'naviyati  yuksaligidan   dalolat   beradi. Bunday   holatda   yoshi   kichik   odam  salomga javob qaytarishi farz bo‘ladi. Agarda  javob qaytarmasa, farz amalni   tark   qilgan   bo‘ladi  va  gunohkor   hisoblanadi.

Salom   berish  odoblaridan    yana   biri  shundaki  kishi  hech kim    bo‘lmagan   xona   yoki   uyga   kirishida   ham “Assalomu alaykum  ahla-l-bayt va   rahmatullohi   va  barokotuhu” deb  salom   bermog‘i   maqsadga    muvofiqdir. Bu holatda sizning salomingizga farishtalar alik olishadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollollohu alayhi vasallamdan  rivoyat qilingan hadisda shunday marhamat qilinadi: “Toki imon keltirib, mo‘min bo‘lmagunlaringizcha hargiz jannatga kirmaysizlar. Bir-birlaringizga nisbatan mehru–muhabbat hosil qilmaguningizcha mo‘min    bo‘la olmaysizlar. Men sizlarga bir amalni o‘rgataman agar uni qilsangiz,  bir–birlaringizga nisbatan mehr-muhabbat hosil bo‘ladi. O‘zaro   o‘rtalaringizda salomni oshkora qilingiz”. (Abu  Hurayra) rivoyati.

Bu hadisi sharifda ham ko‘rinib turibdiki salom berish va unga javob qaytarish insonlar o‘rtasida do‘stlik, ahillik va mehr–oqibat rishtalari   mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘lar ekan.

Alloh taolo barchamizni salomlashish va go‘zal odob-axloqlarga amal   qilishimizda va farzandlarimizni vatanparvar va yuksak ma'naviyat    sohibi etib tarbiyalashimizda ulkan muvofaqqiyatlar ato qilsin.

Uchqun Saidahmadov – Kattaqo‘rg‘on tuman “Qirovul” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 14/03/2020 10:41;   Ko‘rilganligi: 7356
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/salomlashish-odoblariga-rioya-qilaylik
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing