O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Salomatlik kushandasi

 
 

Biz narkotik moddalar tarqalishining halokatli oqibatlarini sergaklik bilan baholagan holda, bu illatga qarshi kurashda sa’y harakatlarimizni birlashtirishimiz zarur. O‘zbekiston barcha manfaatdor mamlakatlar va tashkilotlar bilan bu borada hamkorlik qilishga tayyor

I.A.Karimov

Bashariyatning ikki dunyosiga manfaat keltiradigan narsalarni halol qilib bergan va aksincha ham bu dunyosiga ham oxiratiga ziyon bo‘ladigan narsalarni harom qilgan Alloh subhanahu va taologa beadad va behad shukronalarimiz bo‘lsin. Halol ochiq oydin, harom ochiq oydin deb ta’limot bergan va shubhali narsalardan chetda bo‘lishga targ‘ib qilgan ikki dunyo oftobi Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. ga benihoya salovotu salomlarimiz bo‘lsin.

Bugun XXI asr dolzarb muammolarga boy asr bo‘ldi desak hech qanday mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, milodiy XI asrda yashagan movarounnahrlik ulug‘ alloma Abu Bakr Saraxsiy: “Bang(afyun) o‘ninchi asrdan boshlab bizning diyorimizda paydo bo‘ldi va ko‘p kishilar unga mubtalo bo‘ldi”, deb yozgan. Buni qarangki oradan o‘n bir asr o‘tibdiki haligacha bu muammo o‘zining dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

Biz bugun dolzarb bo‘lib turgan “Salomatlik kushandasi” deb ataluvchi “Giyohvandlik”ning ham diniy ham dunyoviy zararlari haqida ma’lumotni siz kabi aziz o‘quvchilarimiz etiboriga havola qilishni lozim deb bildik.

Giyohvandlik-umr zavoli bo‘lib, salomatlikka putur yetkazuvchi, umrni qisqartiruvchi, hayotni zaharlovchi og‘udir.

Giyohvand moddalarini qabul qiluvchi insonlar narkamanlar deb ataladi. “Narkomaniya” yunon tilidan olingan bo‘lib, narko-karaxtlik, maniya-xohish, intilish degan manolarni anglatadi.

Inson zoti bu hayoti dunyoda bitta noto‘g‘ri bosgan qadami, oqibatni o‘ylamaslik natijasida gullagan umrni quritishiga sabab bo‘ladi. Buning misolini, bu dardga mubtalo bo‘lganlar qiyofasida ko‘rsak bo‘ladi.

Alloma ibn Hojar al-Makkiyning “Fatovoyi Kabir” kitobida aytilishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishda bir qancha diniy va dunyoviy zararlar mavjud: u inson tafakkurini o‘tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo‘qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu hayoni ketkazadi”. Bundan tashqari, bu zararli illat insonni o‘ta yalqov, kamg‘ayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qo‘yadi.

Jumladan, hozirda giyohvandlik insonga har tomonlama zarar bo‘lishini g‘arb va sharq tibbiyot mutaxassislari bir ovozdan tasdiqlashmoqda. Bu zahri qotil insonning nafaqat o‘zining hayoti xazon bo‘lishiga, jamiyatda nosog‘lom farzandlarning dunyoga kelishiga ham sabab bo‘lmoqada .

Islom dinimiz inson zotini jismiga va ma’naviyatiga zarar beradigan barcha narsalardan yiroq bo‘lishga va mutlaqo yaqinlashmaslikka buyuradi. Bunga yaqinlashganni o‘z joniga qasd qilish bilan baholaydi.

Alloh subhanahu va taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ

Ya’ni: “… O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!..”

Mana shu oyayi karimadan inson zoti xulosa chiqarib, Alloh bergan bebaho ne’matlar ichida umr ne’matini qadrini bilib, hamisha haq taologa shukrona qilib yashashi darkor. Alloh taolo barchalarimizni sog‘lom turmush tarziga muvofiq hayot kechirishimizni, Parvardigor harom qilgan zararli illat va qusurlardan chetda bo‘lishimizni nasib etsin.


Kiritilgan vaqti: 04/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1956
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/salomatlik-kushandasi
Chop etilgan vaqti: 16/06/2021 19:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing