SAHOBALAR PAYG‘AMBARIMIZNI QANDAY SEVISHARDI
Olamlarga rahmat qilib yuborilgan, anbiyoyu mursalinlar xotami, bashariyatning eng ulug‘ vakili sayyidimiz Muhammad (sollallohu alayhi va salam)ni yaxshi ko‘rish va u zotning muhabbatini boshqa barcha insonlar muhabbatidan ustun qo‘yish dinimiz talabidir. Anas (raziyallohu anhu) dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va salam) shunday marhamat qilganlar: «Birortangiz, toki Men unga otasi, bolasi va jamiki insonlardan mahbubroq bo‘lmagunimgacha (komil) mo‘min bo‘lolmaydi» (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Abdulloh ibn Hishom (raziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va salam) bilan birga edik, U zot Umar (raziyallohu anhu) ning qo‘lidan tutib turardilar. Umar (raziyallohu anhu): «Yo Rasulalloh, Siz menga o‘zimdan boshqa hamma narsadan mahbubroqsiz», dedi. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam): «Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, unday bo‘lmaydi (ey Umar!), toki, Men senga o‘zingdan ham mahbubroq bo‘lmagunimcha (iymoning komil bo‘lmaydi)», dedilar. Shunda Umar (raziyallohu anhu): «Allohga qasamki, mana endi shunday bo‘ldi. Endi Siz menga o‘z nafsimdan ham suyukliroq bo‘ldingiz», dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va salam): «Ana endi (bilding va to‘g‘ri aytding) ey Umar», dedilar» (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ni yaxshi ko‘rish va sevish vojib ekanligiga dalillar juda ham ko‘p. Ulardan biri quyidagi hadisdir. Anas (raziyallohu anhu) Nabiy (sollallohu alayhi va salam) ning shunday deganlarini rivoyat qiladi: «Uch xil xislat borki, ular kimda (mujassam) bo‘lsa, u kishi iymon lazzatini topadi: «Alloh va Uning Rasuli unga ulardan boshqa barcha narsalardan sevimliroq bo‘lsa», «Va biror kishini yaxshi ko‘radigan bo‘lsa, faqat Alloh uchun yaxshi ko‘rsa» hamda «Kufrga qaytishni olovga tashlanishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rsa» (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ni yaxshi ko‘rish U zot bilan jannatlarda birga bo‘lishga sabab bo‘ladi. Anas ibn Molik (raziyallohu anhu) dan rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy (sollallohu alayhi va salam)dan qiyomat haqida so‘rab: «Qiyomat soati qachon?», dedi. Nabiy alayhissalom unga: «Qiyomat uchun nima tayyorlagansan o‘zi?» dedilar. U «Hech narsa!», - dedi – «Lekin, men Alloh va Uning Rasulini yaxshi ko‘raman». Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam): «Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan!», dedilar. Anas (raziyallohu anhu) aytadilar: «Biz hech narsadan Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ning mazkur «Sen o‘zing yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan!», degan so‘zlaridan xursand bo‘lganimizchalik xursand bo‘lmaganmiz». (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari)
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan saboqlardan biri shuki, inson solih zotlarni ixlos bilan yaxshi ko‘radigan bo‘lsa, garchi ular kabi amal qilolmagan bo‘lsa ham qiyomatda ular bilan birga bo‘ladi. Zero, agar ulardek amalda peshqadam bo‘lganda ularning biri bo‘lib qolar va muhabbatning unga foydasi tegmasdi.
Muhabbat qalblarni birlashtiradi. Qalblar yaqin bo‘lsa, amallar o‘rtasidagi tafovut qiyomat kuni o‘rtadan ko‘tariladi. Shuning uchun ham bir kishi Nabiy (sollallohu alayhi va salam) huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh (sollallohu alayhi va salam), bir inson bir qavmni yaxshi ko‘radiyu, lekin (amalda) ularga yetisha olmagan. Shu kishi haqida nima deysiz?» deganda, Rasululloh (sollallohu alayhi va salam): «Kishi sevganlari bilan birga bo‘lur». (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari), deganlar.
Abu Zarr (raziyallohu anhu)dan rivoyat qilinishicha, u kishi (Payg‘ambarimizga): «Yo Rasululloh, bir kishi bir qavmni yaxshi ko‘radiyu lekin ularning amalidek amal qilolmaydi?», dedi. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam): «Sen, ey Abu Zarr, albatta yaxshi ko‘rganlaring bilan birga bo‘lasan», dedilar. Shunda Abu Zarr (raziyallohu anhu): «Men Alloh va Rasulini yaxshi ko‘raman», dedi. Nabiy (sollallohu alayhi va salam) yana: «Sen yaxshi ko‘rganlaring bilan bo‘lasan», dedilar (Imom Ahmad, Abu Dovud va Doramiy rivoyatlari).
Yuqoridagi hadisi shariflardan kelib chiqadigan xulosa shuki, qaysi bir musulmon Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ni chin dildan yaxshi ko‘rsa, albatta, jannatda U zot bilan hamroh bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ladi.
Sahobai kiromlar Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ni qattiq yaxshi ko‘rganlar. Hadisi shariflarda aytilganidek, U zotni o‘zlaridan ham kuchliroq yaxshi ko‘rganlar. U zotning muhabbatini boshqa barcha insonlar muhabbatidan ustun qo‘yganlar. Tarix kitoblari sahobai kiromning Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va salam)ga nisbatan aql bovar qilmas muhabbatlariga dalolat qiluvchi fidokorona ishlari bilan to‘lib toshgan. Ulardan ba’zilarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Abu Bakr (raziyallohu anhu)ning chanqog‘i
Abu Bakr (raziyallohu anhu) hikoya qiladi: «Madinaga hijrat qilayotgan paytimiz edi. Juda ham tashna edim. Suv qo‘shilgan sut keltirib, uni Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ga uzatar ekanman, «Iching yo Rasulullah!», dedim. Nabiy (sollallohu alayhi va salam) uni ichdilar va mening chanqog‘im bosildi”.
Izoh: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va salam) davrlarida arablar yangi sog‘ilgan sutga suv qo‘shib ichishni yaxshi ko‘rardilar. Chunki, suv uni sovutar va mazasini ham shirinroq bo‘lishiga sabab bo‘lardi. Yangi sog‘ilgan sutni issiq holda ichishni xushlamasdilar.
Ushbu voqeada Abu Bakr (raziyallohu anhu) ning Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va salam)ni qay darajada yaxshi ko‘rgani, U zotga nisbatan nechog‘li fidokorligi namoyon bo‘ladi. Kishi qay bir insonni chin dildan yaxshi ko‘rsa, uning ehtyojini o‘z ehtiyojidan ustun qo‘yadi. Unga foyda yetkazishga, undan zararni daf qilishga haris bo‘ladi.
Abu Bakr (raziyallohu anhu) otasining islomga kelishi
Abu Bakr Siddiq (raziyallohu anhu) qariya otasi Abu Quhofani Nabiy (sollallohu alayhi va salam) huzurlariga Islomni qabul qilganligini e’lon qilish uchun olib kelganlarida Abu Quhofa Nabiy (sollallohu alayhi va salam)ga qo‘llarini uzatar ekan, Abu Bakr (raziyallohu anhu) yig‘lab yuboradilar. Nabiy (sollallohu alayhi va salam) bundan hayron bo‘lib: «Nega yig‘layapsiz?», deb so‘raganlarida Abu Bakr Siddiq (raziyallohu anhu): «(Yo Rasulalloh sollallohu alayhi va salam), qaniydi hozir, otamning qo‘li o‘rnida amakingiz (Abu Tolib)ning qo‘li bo‘lib, u kishi Islomga kelgan bo‘lsa va shu ish bilan Alloh Sizning ko‘zlaringizni quvnatsa, mana shu men uchun mahbubroq edi», dedilar («Al-isoba»: 4/116; «Al-kanz»: 7/111).
Savbon (raziyallohu anhu)ning hadigi
Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va salam) kun bo‘yi xodimlari Savbonning ko‘ziga ko‘rinmadilar. Oxiri, U kishi kelganlarida Savbon: «Yo Rasulalloh, meni yolg‘izlatib, sog‘intirib qo‘ydingiz», dedi va yig‘lab yubordi. – «Shunga yig‘laysanmi?!», dedilar Rasululloh (sollallohu alayhi va salam). – «Yo‘q, ey Rasululloh», dedi Savbon (raziyallohu anhu), - «Lekin, men jannatdagi Sizning makoningiz haqida o‘yladim, so‘ng o‘zimning makonim haqida o‘yladim. Va (Siz bilan bitta makonda bo‘lolmayman, deya, Sizdan ayro tushib), vahshat va yolg‘izlikka duchor bo‘lishim haqida o‘yladim». Shunda mana bu oyat nozil bo‘ldi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar payg‘ambarlar, siddiqlar, shuhadolar va solih kishilardan iborat – Alloh in’omiga sazovor bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lurlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir» (Niso surasi, 69-oyat).
To‘nkaning sog‘inchdan yig‘lashi
Nabiy (sollallohu alayhi va salam) o‘z masjidlarida juma kunlari hali U kishiga minbar tiklanishidan oldin bir daraxt tanasining yonida turib, mav’iza qilardilar. Shunda sahobalar xutba davomida U kishini ko‘rib turishlari oson bo‘lardi. Payg‘ambarimiz mazkur daraxt tanasini ushlab turib, va’z qilardilar. U kishiga minbar qurib berilgach, uni tark etib, minbarga chiqib ma’ruza qiladigan bo‘ldilar. Bir kuni Nabiy (sollallohu alayhi va salam)dan ajragani uchun boyagi to‘nkaning ingrayotganini eshitdik, deya hikoya qiladilar sahobai kiromlar. Shunda Nabiy (sollallohu alayhi va salam) minbardan tushib kelib, to‘nkani oldiga keldilar va uni silar ekanlar: «Shu yerga ko‘milib, so‘ngra jannatda men bilan birga bo‘lishga rozimasmisan?!», dedilar. Shundan so‘ng to‘nka tinchlandi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va salam) ni yaxshi ko‘rishda hech bo‘lmasa bir qurigan daraxt tanasichalik bo‘laylik, zinhor bu sohada to‘nka bizdan ustun bo‘lib qolmasin!
Kiritilgan vaqti: 29/12/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3198
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 03:31