Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng yosh sarkardasi
Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu dunyoga kelganlarida butun musulmonlar juda xursand bo‘lishgan edi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni xursand qilgan barcha narsa musulmonlarni ham xursand qilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xursand bo‘lishlari sababi, Usoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin kishilaridan bo‘lgan Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuning farzandlari edilar. Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu “Hibbur Rasul” (Rasulullohning sevikli kishisi) degan laqablari bor edi. O‘g‘illari Usoma roziyallohu anhu esa “Ibnul hib” (Seviklining o‘g‘li) degan laqabga sazovar bo‘ldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Usoma roziyallohu anhuning shunchalik yaxshi ko‘rar edilarki, bu muhabbatga butun olam to‘lib ketar edi. Usoma roziyallohu anhu Rasulullohning nevaralari Hasan roziyallohu anhu bilan tengdosh edilar. Birini o‘ng tizzalariga, ikkinchisini chap tizzalariga o‘tqazib erkalar edilar. So‘ng ikkalalarini birgalikdan qalblariga bosib, “Allohim, bu ikkisini yaxshi ko‘raman. Sen ham ularni yaxshi ko‘r” deb duo qilar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning u kishiga bo‘lgan muhabbatlaridan namuna: Bir kuni Usoma roziyallohu anhu eshik qirrasiga peshonalarini urib oldilar. So‘ng qon oqa boshladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga qonni to‘xtatishlikni ishora qildilar. Oisha onamizning qo‘llari unga bora olmagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari turib, peshonalaridagi qonni qo‘llari bilan artdilar. U kishiga shirin gaplarni aytib, ovutdilar.
Usoma roziyallohu anhu balog‘atga yetgan paytlar... Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rumga qarshi g‘azotga chiqishlikka amr qildilar. Odamlar orasida Abu Bakr, Umar, Sa'd ibn Abu Vaqqos va Abu Ubayda ibn al-Jarroh roziyallohu anhum kabi ulug‘ sahobalar bor edi. Qo‘shinga amir etib hali yigirmaga ham to‘lmagan Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuni tayinladilar. Ozgina vaqt o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kasal bo‘lib, yotib qoldilar. Yurish esa to‘xtab qoldi. Usoma roziyallohu anhu aytadilar: “Rasulullohning oldilariga kirdim. U zot og‘riqning kuchliligidan gapirmas edilar. Qo‘llarini osmonga ko‘tarib, mening yelkamga qo‘ydilar. Shunda bildimki, u zot mening haqqimga duo qilibdilar”.
Ozgina vaqt o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu olamni tark etdilar. Abu Bakr roziyallohu anhuga bay'at berildi. Usoma roziyallohu anhuni o‘z vazifalarida qoldirdilar. Ammo, odamlar bunga unchalik ham rozi bo‘lishmadi. Umar roziyallohu anhuning oldilariga kelib: “Abu Bakr roziyallohu anhu bilan gaplashing. Usomadan yoshi kattaroq kishini amir etib tayinlasinlar” deyishdi. Umar roziyallohu anhuning gaplarini eshitgan Abu Bakr roziyallohu anhu u kishining soqollaridan tutib: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tayinlagan kishini o‘zgartiramanmi?” deb koyib berdilar. Umar roziyallohu anhu odamlarning oldilariga borib, Abu Bakr roziyallohu anhu aytgan gaplarni aytdilar.
So‘ng qo‘shin yosh yigit qo‘l ostida harakatlana boshladi. Abu Bakr roziyallohu anhu piyoda, Usoma roziyallohu anhu esa ulovda edilar. Shunda Usoma roziyallohu anhu: “Ey Rasulullohning xalifasi! Keling siz mining” dedilar. Shunda u kishi: “Allohga qasamki, tushmaysan. Men ham minmayman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tutgan yo‘ldan bir qadam ham tashqariga chiqmayman. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyirgan ishni bajar” dedilar. Usoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha buyirgan ishlarini bajardilar.
Umar roziyallohu anhu Usoma roziyallohu anhuni har ko‘rganlarida “Marhamat, amirim” der edilar. Odamlar ajablanib qarasalar, “Rasululloh bu kishini menga amir etib tayinlaganlar” deb aytar edilar.
Umar roziyallohu anhu o‘g‘illari Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga: “Usomaning otasi Rasulullohga otangdan ko‘ra suyukliroq edi. Usoma ham sendan ko‘ra rasulullohga suyukliroq” deb aytar edilar.
Alloh barcha sahobalardan va shu qatori bizlardan ham rozi bo‘lsin!
Kiritilgan vaqti: 22/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2978
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 21:40