O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

MUS'AB IBN UMAYR Islomning avvalgi elchisi (davomi)

 
 

Hech qancha o‘tmay, Mus'ab imon kalimasini aytib, Islom dinini qabul qildi. Mus'ab yosh bo‘lsa-da, ulug‘ hikmat va yuksak qat'iyat sohibi edi. Onasi Xunos binti Molik Islom diniga qattiq qarshi turardi. Shuning uchun Mus'ab imon keltirgan paytida yer yuzida unga onasidan xavfliroq kimsa yo‘q edi. Butun Makka mushriklari, but-sanamlari va sahrolari Mus'abga qarshi kuchga aylanganda ham, onasining xusumatichalik qo‘rqinchli emasdi.

Mus'ab o‘ylab-o‘ylab, Alloh taolo bir yo‘l ko‘rsatmaguncha, onasidan imkonini yashirishga qaror qildi. Shunday qilib, Mus'ab Arqamning hovlisiga borib, Payg‘ambar suhbatlaridan bahramand bo‘lishda davom etdi. U imonini sir saqlab, onasi g‘azabidan yiroqda yurganidan juda mamnun edi. Ammo xursandlik davom etmadi. Chunki Makkada biror ish maxfiy bo‘lib qolishi mumkin emasdi: qurayshning ayg‘oqchi va josuslari har tomonda izg‘ib yurar va yangi dinni qabul qilganlarning har bir qadamini zimdan kuzatar edi.

Shu ayg‘oqchilardan biri Usmon ibn Talha maxfiy ravishda Arqamning hovlisiga kirib, bir-ikki marta Mus'abning u yerda musulmonlar bilan birga namoz o‘qiyotganini ko‘rgach, zudlik bilan Xunos binti Molikka xabar yetkazdi. Buni eshitgan Mus'abning onasi qattiq g‘azablanib, o‘g‘lini o‘z huzuriga chorladi. Mus'ab ibn Umayr yetib kelganda, onasi, qarindoshlari va bir qancha Makka zodagonlari darhol uni o‘rab olishdi. U esa xotirjamlik bilan Rasuli Akram o‘rgatgan, qalbini poklab, hikmat va sharaf, adolat va taqvoga to‘ldirgan Qur'oni karim oyatlarini tilovat qila boshladi.

Onasi o‘g‘lini so‘zdan to‘xtashi uchun yuziga tarsaki tushirdi. Ammo qalbida imon jo‘sh urib turgan Mus'ab to‘xtay demasdi. Shundan keyin onasi Mus'abga boshqacha jazo tayin qildi: uni hovlining bir burchagiga bog‘lab, uydan chiqarmay qo‘ydi. Lekin bu ishlar Ibn Umayrning imoniga zarracha ta'sir qilmadi. Ayni shu kunlarda ba'zi musulmonlar Rasulullohning ko‘rsatmalariga binoan Habashistonga ketayotgan edi. Buni eshitgan Mus'ab ham onasi va qo‘riqchilarini g‘aflatda qoldirib, imonini saqlash uchun musulmonlari bilan birga Habashistonga hijrat qilib ketdi. U yerda biroz yashaganidan keyin Makkaga yana qaytib keldi.  

 Davomi bor.

  Z.Eshonqulov – O‘MI Samarqand viloyati vakili

“Payg‘ambar atrofidagi kishilar” kitobidan.


Kiritilgan vaqti: 20/09/2019 18:01;   Ko‘rilganligi: 1535
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/musab-ibn-umayr-islomning-avvalgi-elchisi-davomi
Chop etilgan vaqti: 23/02/2024 12:44
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing