O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Саҳобалар ҳаёти

Masjid kabutari

 
 

Ulug‘ sahobalardan bo‘lmish Abdulloh ibn Zubayr ibn Avvom ibn Xuvaylid al-Asadiy ibn Asad ibn Abdul-uzzo ibn Qusoy ibn Kilob ibn Murrodir. Kunyalari: Abu Xubayb yoki Abu Bakr bo‘lgan. Onalari – Asmo binti Abu Bakr roziyallohu anhumo, xolalari – Oisha onamiz roziyallohu anhodirlar. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu hijratning birinchi yili dunyoga keldilar. Madinada tug‘ilgan ilk chaqaloq edilar. Onalari Asmo roziyallohu anho u kishiga Makkada ekanliklarida homilador edilar. Madinada Qubo degan yerga yetganlarida u kishini dunyoga keltirdilar.

Asmo roziyallohu anho o‘g‘illarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga xurmo yedirib qo‘yishliklari uchun olib bordilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini qo‘llariga olib, bag‘rilariga qo‘ydilar. So‘ng xurmo keltirishlikni buyurdilar. Oisha onamiz aytadilar: “Ozgina vaqt xurmo qidirib qolib ketdik”. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xurmoni chaynab, uni Abdulloh ibn Zubayrning og‘izlariga soldilar. U kishining qornilariga ilk kirgan narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘laklari edi.

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning 14 ta o‘g‘il va 5 ta qizlari bo‘lgan.

U kishining laqablari:

U kishi mashhur laqab sohibi hisoblanadilar. U – masjid kabutari degan laqab. Bu laqab bilan u kishini onalari va ba'zi sahobalar nomlashgan. Bunga sabab u kishi masjidda juda ko‘p namoz o‘qir edilar. Tunlari qiyomda va kunduzlari esa ro‘zador yurar edilar.

U kishining xislatlaridan biri:

Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijoma qildirdilar va Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuga qonni berdilar va uni insonlar ko‘rmaydigan joyga olib borishlarini buyurdilar. U kishi qaytib kelib “Yo Rasululloh! Uni o‘zim biladigan, insonlardan eng maxfiy joyga berkitdim” dedilar. U zot “Shoyad, uni ichgandirsan” dedilar. “Ha” deb javob berdilar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qonlarini barakasi yetishi maqsadida ichgan edilar.

U kishining sifatlari:

U kishi boshqa sahobalar kabi, ulug‘ sifatlarga ega va chiroyli xulq-atvor sohibi edilar. Boshqa sahobalar u kishini xulqlarini va ibodatlarini maqtashar edilar. Ulardan quyidagilar:

*Namozdagi xushu'lari: Namozga kirishsalar xushu'larining qattiqligidan ustun kabi tik turib qolar edilar. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu tunda uch xil ko‘rinishda namozda qoim bo‘lganlar: tonggacha tik turar edilar; tonggacha ruku'da turar edilar; tonggacha sajdada turar edilar. Bir kuni uylariga ilon kirib qolgan ekan. U kishi namoz o‘qiyotgan edilar. Uy ahli “Ilon. Ilon” deb baqirishar edi. Oxiri uni tutib, tashqariga uloqtirishdi. U kishi esa burilmasdan namozini davom ettirar edilar.

*Allohning yo‘lidagi shijoatli ekanlari: Ifriqiyya g‘azotida Burbur degan joyning sarkardasi Jarjir musulmonlarning chodiriga hujum qilib, ularni qamalga oldi. Uning askarlarining soni 120 ming, musulmonlarniki esa 20 mingtani tashkil etar edi. 30 ta otliq musulmonlar bilan Jarjirga tomon otlandilar. U tomon shiddat bilan ildamlar edilar. Dushman tomon esa u kishini elchi deb o‘ylab, joylaridan jilmay turishar edi. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu Jarjirning oldiga borib unga nayza urdi. Boshini uzib, nayzasining uchiga ildirib oldilar va takbir aytdilar. Buni ko‘rgan dushman tomon tim-taraqay bo‘lib har tomonga qocha boshladi. Musulmonlar shu kuni g‘alabaga erishdilar;

*Sahobalar bilan birga Qur'onni jamlashlikl;ari va ko‘chirishliklari. U kishini Usmon roziyallohu anhu Qur'onni ko‘chirishlik uchun tanlagan edilar. Yozilgan Mus'haflarni cheka shaharlarga yuborishdilar;

*Insonlarning u kishiga ishonishliklari va xalifalikka saylashlari. Yazid ibn Muoviya roziyallohu anhuning vafotlaridan so‘ng Hijoz, Xuroson, Yaman va Iroq ahillari musulmonlarga halifalikka Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuga bay'at berdilar. U kishi hijriy 64-yil xalifa bo‘lganlar;

*Haq uzra sobitqadam turishlari. Hajjoj Yusuf Saqafiy tomonga odamlar o‘tib ketib, u kishini yordamsiz qoldirgach, onalari bilan maslahatlashdilar. Onalari u kishiga sobitqadam turishlik va haqdan tashqariga chiqmaslikka buyirdilar. Agar o‘lsa ham haq ustida o‘lishlikka chqaqirdilar.

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning vafotlari.

Hajjoj Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuni chorshanba kuni o‘ldirdi va Makkada u kishini osib qo‘ydi. U kishi uch kun muddat osilib turaverdilar. Oxiri, o‘g‘illari Urva ibn Abdulloh ibn Zubayr Abdulmalik ibn Marvondan u kishini tushirishlikni so‘radilar va ijozat oldilar. O‘sha kunda u kishi bilan birga 240 kishining qoni to‘kildi. Hatto, Makka ichigacha qonlar oqdi.

Imom Nofe'dan rivoyat qilinadi: Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Masjidul Harom va Hajun degan joy orasida bo‘lgan paytda Abdulloh ibn Zubayr o‘ldirilganiga takbir aytilganini eshitdilar va shunday dedilar: “Tug‘ilganida takbir aytgan zot o‘ldirilganida takbir aytgan kishidan eng afzal va yaxshidir”. Bu bilan u kishi qotilni zolim ekanliklariga dalolat qilganlar.

Alloh taolo barcha sahobalardan shu qatori bizlardan ham rozi bo‘lsin!


Kiritilgan vaqti: 28/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3926
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/sahaba/masjid-kabutari
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 20:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing