O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Robbimiz in'om etgan saodat

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qur'oni karim Alloh taoloning bashariyatga yuborgan Muqaddas Kitobidir. Rabbimiz uni o‘qishimiz, unda yozilganlari to‘g‘risida fikr yuritishimiz va shu tarzda umrimiz onlari go‘zal o‘tishi uchun sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga yillar davomida nozil qilgan. U Kitoblarning eng mukammali va oxirgisidir. U faqatgina ummatlar ichida Muhammad alayhissalom ummatlariga nasib etilgan ulkan saodatdir.

Qur'oni karimda inson ikki dunyo saodati uchun bilish kerak bo‘lgan hamma narsa batafsil bayon etilgan. U to‘g‘ri yo‘lni ochib beruvchi, zalolatga boshlaydigan amaldan ogoh etuvchi, haromdan tanbeh beruvchi va... Oxirat manzillarini go‘zal  yakun qiluvchi, Qiyomatda yuzlarni yorug‘ qiluvchi bu  Kitob Ilohiy dasturul amaldir.

Alloh taolo uni vasf qilib:

“Albatta, bu Qur'on eng to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur va solih amallarni qiluvchi mo‘minlarga xushxabarini berurki, albatta, o‘shalarga ulug‘ ajr bordir” (Isro surasi, 9-oyat), deydi.

Qur'oni karim Alloh taoloning Kalomidir. Bu foniy dunyoda inson sifatida chiroyli umr kechirishimizni o‘rgatuvchi, boqiy dunyoda Jannat atalmish makonni hadya etuvchi  Furqondir. Unda hech qanday shubha yo‘qdir.

Alloh taolo ogoh etadi:

“Ushbu Kitobda hech shubha yo‘q, taqvodorlarga hidoyatdir” (Baqara surasi, 2-oyat).

U Rabbimiz in'om etgan eng mukammal va oxirgi Ilohiy Kitob bo‘lib, insonlar uchun ulkan Saodatdir. Ammo ba'zilar undan ibodat uchun yetti-sakkiz yoki undan ko‘proq suralarni yodlab olib, u haqida tasavvurga egamiz, deyishadi. Yoki ba'zilar uni uyning to‘riga qo‘yadi, uni o‘qimoqqa, tilovat qilmoqqa na rag‘bati, na istak-xohishi bo‘ladi. Aslida shunday tasavvur, shunday qarash to‘g‘rimi? Mutlaqo yo‘q! Qur'oni Karimni o‘qiganda, tilovat qilganda barokatlar yog‘ilishini, fazilatlar ato etilishini, ajrlar ko‘payishi biz hali-hanuz bilmaymiz.  

Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi:

 “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning Kitobidan bir harf o‘qisa, unga bir hasana (yaxshilik va savob) yoziladi. O‘sha hasana o‘n barobar ziyoda qilinadi. Men: “Alif lam miym”ni bir harf deb aytmayman, balki “alif” bir harf, “lam” bir harf va “miym” bir harfdir”, deganlar”

(Termiziy, Bayhaqiy, Tabaroniy va Ibn Abu Shayba rivoyati). 

Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Qur'on bir million yigirma yetti ming harfdan iborat. Kim uni sabr bilan savob umidida qiroat qilsa, o‘sha bandaga har bir harf(ni o‘qigani) uchun hurul iyndan bir juft beriladi” (Tabaroniy rivoyati).  

  U shunchaki Muqaddas Kitob emas.  U Zikrdir.  U Haqdir, U Tanziyldir. U Nurdir.  U Shifodir.  U Mav'izadir.   U Rahmatdir. U Hikmat va hakimdir.  U Burhondir. U Kalomullohdir. U Furqondir. Uning shu kabi bir necha nomi va sifatlari borki, u qancha ko‘p o‘qilgan, tilovat qilingan, anglangan sari saodat manzillariga yetaklayveradi, yetaklayveradi...

“Senga Robbingning Kitobidan vahiy qilinganini tilovat qil. Uning kalimalarini almashtiruvchi yo‘q. Undan o‘zga hech qanday panohni topa olmassan” (Kahf surasi, 27-oyat).

Ulamolar Qur'oni karimni o‘qiganimizda u bizdan beshta narsani talab qilishini ta'kidlashadi:

Qur'oni karimga ishonish va unga hurmatda bo‘lish.

 «Rasul unga o‘z Robbidan nozil qilingan narsaga iymon keltirdi va mo‘minlar ham. Har birlari Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga: «Uning rasullarining birortalarini ajratmaymiz», deya iymon keltirdilar. Va: «Eshitdik va itoat qildik. Robbimiz, mag‘firatingni so‘raymiz va so‘nggi qaytish O‘zinggadir», dedilar» (Baqara surasi, 285-oyat). 

Qur'oni karim o‘qish.

“Biz kitob berganlardan uni o‘rniga qo‘yib tilovat qiladiganlari – ana o‘shalar unga iymon  keltiradir. Kim unga kufr keltirsa, ana o‘shalar – o‘zlari ziyon ko‘ruvchilardir” (Baqara surasi, 121-oyati)

Anglash va mulohaza qilish.

«Iymon keltirgan, solih amallarni qilgan va Muhammadga nozil qilingan narsaga – holbuki, u Robblaridan kelgan haqdir – iymon keltirganlarning ayblarini berkitar va ahvollarini yaxshilar» (Muhammad surasi, 2-oyati). 

Qur'oni karim ko‘rsatmalariga amal qilish. 

«U o‘lim va hayotni sizlarning qaysilaringiz amalda yaxshiroq ekaningizni sinash uchun yaratdi. U o‘ta izzatlidir, o‘ta mag‘firatlidir» (Mulk surasi, 2-oyati).

        Qur'oni karim ilmini tarqatish. 

«Bu (Qur'on) odamlar uchun, u ila ogohlantirilishlari, U Zot yagona Iloh ekanini bilishlari va aql egalari eslatma olishlari uchun yetkazishdir» (Ibrohim surasi,  52-oyati). Oyatning tafsirida olimlar quyidagi sharhni keltirishgan: “Qur'oni Karim − bu o‘z ichiga barokat va bitmas-tugalmas bilimlar qamrab olgan Parvardigorimiz azza va jallaning bizga donolik bilan nozil etgan  eslatma va muborak Bitigidir”.

Ey inson! Bu Furqonning amr va qaytariqlarini o‘zingga dasturulamal qil. O‘z iymoningni poydevori va devorlarini mustahkam qurib, unga tayan. Uni nozil qilgan Rabbingdan qo‘rq, osiylik qilib Kalomulloh amrlariga qarshi chiqma, isyon ko‘tarma! Zero,  u “Ayting: “(Ushbu Qur'on) imon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma'naviy illat uchun)shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).

manba: islom.uz


Kiritilgan vaqti: 23/09/2019 16:49;   Ko‘rilganligi: 1557
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/robbimiz-inom-etgan-saodat
Chop etilgan vaqti: 01/03/2024 19:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing