Rasulullohning uzoq masofada bo‘layotgan voqealar haqida xabar berishlari
عن أنس قال: نعى النبي صلى الله عليه و سلم زيدا و جعفرا و ابن رواحة للناس قبل أن يأتيهم خبرهم، فقال: "أخذ الراية زيد فأصيب، ثم أخذ جعفر فأصيب، ثم أخذ ابن رواحة فأصيب - و عيناه تذرفان - حتى أخذ الراية سيف من سيوف الله - يعني خالد بن الوليد - حتى فتح الله عليهم". رواه البخاري.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarga Zayd, Ja’far va Ibn Ravohalarning vafot etganliklarini hali ularni vafot etganlari xabari kelmasdan turib aytib berdilar. Vaholanki, ular (ushbu sahobiylar) Mu’ta [1] deb nomlanadigan yerda edilar. U zot shunday dedilar: “Bayroqni Zayd oldi va shahid qilindi. So‘ngra Ja’far oldi va shahid qilindi. So‘ngra Ibn Ravoha oldi va shahid qilindi”. Nabiy alayhissalomning ko‘zlari tinmay yosh to‘kardi. (Keyin u zot alayhissalom) “Endi bayroqni Allohning qilichlaridan biri oldi – ya’ni Xolid ibn Valid – hatto Alloh ularga fath berdi”, dedilar” (Buxoriy rivoyati).
Bu hadisi sharifni o‘qish asnosida o‘zimiz uchun ko‘p xulosalar olishimiz lozim. Zero, Islom dini bizga yetib kelgunga qadar oson yo‘lni bosib o‘tmagan. Bu din bizga yetib kelishi uchun qancha-qancha muborak jonlar fido bo‘lgan. Qancha-qancha “Alloh ulardan rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar”, [2] deya e’tirof etilgan zotlarning qonlari to‘kildi. Endi biz o‘zimizga-o‘zimiz insof bilan aytaylikchi, biz bu ulug‘ zotlarga qanchalik munosib bo‘la olmoqdamiz? Qanchalik darajada ularning hayotlarini o‘qib o‘rganmoqdamiz, undan ibrat chiqarmoqdamiz? Biz qachongacha tayini yo‘q, bizga o‘rnak bo‘lishga, boshqacharoq aytganda “kumir” bo‘lishga munosib bo‘lmagan insonlarga o‘xshashga harakat qilamiz? Biz qachon o‘zimizga olamlarning Robbi bo‘lmish Alloh taolo “Sizlar uchun Allohning rasulida go‘zal o‘rnak bordir”, [3] deb e’tirof etgan Habibimizga va u zotga har bir harakatu sakanotda o‘xshashga uringan, o‘z suyuklilari ulardan rozi bo‘lgan zotlarga o‘xshashga harakat qilamiz?!
[1] Shomdagi bir qishloq. Bu voqea (hijriy) 8-sanada bo‘lgan. Musulmonlar uch ming kishi, Hiraql boshchiligidagi Rum esa yuz ming kishi bo‘lgan/ Mulla Ali Qoriy. Mirqotul mafotih sharhu mishkotil masobih. -Bayrut: “DKi”, 2015. -B 24.
[2] Tavba surasi, 100-oyat.
[3] Ahzob surasi, 21-oyat.
Kiritilgan vaqti: 15/11/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1769
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 22:05