Rasulullohda mo‘minlar uchun go‘zal namuna bordir
Bugungi kunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tavallud topgan muborak kunlarini xotirlash va ul zotning siyratlarini o‘qib, o‘rganib va eshitish bilan birga butun olamga rahmat etib yuborilgan Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ning hayot tarzlari, xulq-odoblaridan o‘rnak olib yashamog‘imiz lozimdir.
Islom tarixidan ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar qilib yuborilishlaridan oldin o‘z qavmlari orasida eng ishonchli va hech yolg‘on gapirmaganliklaridan “Amin” ishonchli, omonatdor, rostgo‘y nomini olganlar. Alloh taolo Payg‘ambarimizni barcha musulmonlarga namuna qilib yuborgan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“(Ey iymon keltirganlar) Sizlar uchun Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qiladigan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob/21)
Musulmon odam payg‘ambarimizni hayotini o‘rganar ekan u o‘zi uchun hayotning barcha jabhalaridagi faoliyatida eng oliy darajadagi odob-axloq namunasini ko‘radi. Shu bois, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga haqiqiy ummat bo‘lishni istagan odam u zotning hayotlarini o‘rganishi va o‘zi uchun namuna qilib olishi lozim bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anho onamizdan u kishining xulqlari haqida so‘rashganda “Xulqlari Qur’on edi” deb javob berganlar. Ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qur’ondagi oliy xulqlar bilan xulqlanganlar.
Ul zot sollallohu alayhi vasallam Qur’ondagi barcha yaxshi odob axloqni o‘zlariga singdirganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari “Men yaxshi xulqlarni batamom qilish uchun yuborilganman” deganlar. Boshqa bir hadislarida esa “Kishi yaxshi xulqi bilan kunduzni ro‘za tutib, kechasini namoz o‘qib o‘tkazadiganlar darajasiga yetadi” deganlar. Umuman, odob-axloq, yaxshi xulqga islomda katta e’tibor berilgan. Mazkur oyat ham shulardan biridir:
“Va albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz” (Qalam/4)
Bu oyati karimadagi xitob bilan Alloh taolo O‘zining mahbub payg‘ambarining naqadar chiroyli axloq egasi ekanliklarini ta’kidlamoqda.
Bu oyat tafsirini sharhlab Imom Ahmad ibn Xanbal shunday rivoyat qiladilar. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon na qo‘l ostidagi xodimni va na xotinini urmaganlar. Ikki ishdan birini tanlaydigan bo‘lsalar gunoh bo‘lmasa albatta osonini tanlar edilar. Agar gunoh ish bo‘lsa undan uzoqda bo‘lar edilar. O‘zlari uchun hech qachon intiqom (o‘ch) olmaganlar. Agar Alloh xarom qilgan narsalar sodir qilinsagina Alloh uchun intiqom olganlar” deganlar.
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam mastura qizdan ham hayoliroq edilar. Qachon bir narsani yoqtirmasalar yuzlaridan bilar edik”.
Boshqa bir rivoyatda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam faxshchi emas va faxshni qilmas ham edilar” deyilgan. U zot sollallohu alayhi vasallam “Sizlarning yaxshilaringiz axloqi yaxshilaringizdir” deganlar. Yana bir rivoyatda zikr qilinishicha, “Rosululloh sollallohu alayhi vasallam xulq jihatidan odamlarning eng yaxshisi edilar” deyilgan.
Shunday ekan har bir mo‘min musulmon bandasi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning ibratlarga, hikmatlarga, ijtimoiy odoblarga limmo lim hayot tarzlarini o‘zlashtirib, o‘zining hayotiga tatbiq etib yashamoqligi nafaqat o‘zi uchun, balki oilasi, jamiyati uchun ham xotirjamlik, farovonlik, saodat olib kelgusidir. Zero, ul zot alayhissalom insoniyat batamom zulmatga cho‘mgan, jaholat botqog‘iga botgan qayg‘uli zamonda Allohning amri ila insoniyatni hidoyat nuriga, ikki dunyo saodatiga eltadigan to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishga musharraf bo‘ldilar. Alloh taolo barchamizni mana shu hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan go‘zal namuna olib umrguzaronlik qilishimizni nasib aylasin.
Kiritilgan vaqti: 16/12/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3533
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 19:39