Rasululloh suygan sahoba
Usoma ibn Zayd mashhur sahobalardan biri bo’lib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ozod qilingan qullari Zayd ibn Horisaning o’g’li. Uning kunyasi Abu Muhammaddir.
Usoma taxminan Makka davrining 4-yilida tug’ilgan. “Al-Isoba” da qayd etilishicha, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida u 18-20 yoshlardagi yigit edi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Usoma va uning otasini juda yaxshi ko’rar edilar.
Shu sabab uni “Rosulullohning suygani” deyishardi. Bu haqida hadis ham rivoyat qilingan: “Usoma men uchun insonlarning eng sevimlisidir. Sizlarning eng yaxshilaringizdan bo’lishiga umid qilaman. U haqida yaxshi so’z aytingiz” (Ibn Asir, “Usud al-g’oba”).
“Ifk voqeasi” sodir bo’lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan, shu jumladan, Usomadan ham Oisha roziyallohu anho haqida so’radilar. U Oisha onamizni maqtab, bunday razil ishdan pok ekanliklarini e’tirof qildi.
Usoma hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida Musaylama Kazzobga qarshi kurashlarda juda faol ishtirok etdi.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning davrlarida navbatdagi jangdan so’ng o’lja bo’linayotgan paytda, mo’minlar amiri Usomaga to’rt yoki besh ming, o’g’illari Abdullohga esa ikki ming dirham ulush berdilar. Shunda Abdulloh: “Nega bunday qildingiz? Axir, men Usoma qatnashmagan janglarda ham qatnashdim-ku!” dedi. Hazrati Umar roziyallohu anhu javob berdilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Usomani sendan, uning otasini sening otangdan ko’ra ko’proq yaxshi ko’rar edilar”.
Usoma ibn Zayd 54 yoki 58 yoshda Jurf degan joyda vafot etdi. Undan Abu Hurayra, Ibn Abbos, Abu Usoma al-Hindiy, Urva ibn Zubayr va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.
Alloh u zotdan rozi bo’lsin!
Kiritilgan vaqti: 28/11/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3063
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 22:48