O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING FARZANDLARI

 
 

Alloh taologa hamd-sano, sevikli payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamga va u zotning pokiza oila ahllari, avlodlari hamda u zotga qiyomatgacha yaxshilik bilan ergashganlarga Allohning rahmat-mag‘firati bo‘lsin!

Tarixiy manbalarga murojat qiladigan bo‘lsak, dunyo yaratilgandan buyon hech bir shaxs haqida, uning qilgan ishlari, farzandlari, atrofidagi kishilar, u yashagan davr, muhit va ulardan boshqa narsalar haqidagi ma’lumotlar, sevikli payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamning hayot-faoliyatlarini o‘rganilganchalik aniq va mukammal o‘rganilmagan.

Biz ushbu maqolada u zot sallallohu alayhi vasallamning farzandlari haqida baholi qudrat ma’lumot berib o‘tishga jur’at qildik.

Sevikli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning yetti nafar: uch o‘g‘il va to‘rt qiz farzandlari bo‘lgan. Ular: Qosim, Tohir, Ibrohim, Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum[1] va Fotima roziyallohu anhum ajma’in.

Qosim, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning o‘g‘il farzandlarining to‘ng‘ichi bo‘lib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik vahiysi kelishidan oldin tug‘ilganlar. O‘n yetti oylik bo‘lib vafot etganlar. Qosim johiliyat davrida vafot etganmi yoki saodat asridami degan savolga ulamolarimiz quyidagicha javob beradilar:

Ibn Is’hoqdan keltirilgan ma’lumotda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning Qosimdan boshqa ikki o‘g‘illari Toyyib va Tohir ham payg‘ambarlik kelmasdan ilgari vafot etganlari aytilgan.

Ammo Suhayliy, Zubayrdan qilgan rivoyatida Qosimni ko‘krakdan ajramagan davrida vafot etgani hamda uni Islomni topganligiga dalolat qiluvchi ushbu ma’lumotni keltiradi:

“Qosimning vafotidan qayg‘uga tushib, yig‘lab o‘tirgan Xadicha roziyallohu anho huzuriga kirgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar istasang uning (ya’ni Qosimning) jannatdagi ovozini eshittiraman” – dedilar. Xadicha roziyallohu anho onamiz: “Balki Alloh va rasuli buni tasdiqladi” – dedilar.[2]

Faryobiyning “Mustadrak” kitoblaridagi, Qosimni payg‘ambarlik kelganidan so‘ng vafot etganligi haqidagi ma’lumotlar ham buni quvvatlaydi. Bas shu ma’lumotga suyanib aytadigan bo‘lsak, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning Islomda vafot etgan birinchi farzandlari Qosimdir.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam u bilan “Abulqosim” ya’ni “Qosimning otasi” deb, kunyalanganlar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ikkinchi o‘g‘illari Tohir haqida Zubayr ibn Bakkor shunday deydi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning Qosim va Ibrohimdan boshqa Abdulloh ismlik farzandlari ham bor edi. Uni uch nom Abdulloh, Toyyib va Tohir deb chaqirardilar. U yoshligida Makkada vafot etdi”.

Mazkur so‘zni, Abu Amr va Doruqutniydan keltirilgan rivoyatlar ham tasdiqlaydi. Doruqutniy va boshqa nasab ulamolari keltirgan ma’lumotga ko‘ra, Abdullohni Toyyib va Tohir deb nomlanishiga sabab, uni payg‘ambarlikdan so‘ng dunyoga kelishi bilan bog‘liqdir.

Ba’zi ma’lumotlarda Toyyib va Mutayyib bir qorindan, Tohir hamda Mutahhir yana bir qorindan tug‘ilgan egizaklar ekanligi aytilgan[3]. Ammo bu nasab ulamolari nazdida kuchsiz bo‘lgan rivoyatdir. Demak yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga asoslanib Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari uchta Qosim, Tohir va Ibrohimlar bo‘lgan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning barcha farzandlari Xadicha roziyallohu anhodan tug‘ilganlar. Faqatgina yolg‘iz Ibrohim, Qibtiy qabilasidan bo‘lgan Moriya roziyallohu anhodan tug‘ilgan.[4]

Mashhur rivoyatlarda keltirilishicha Ibrohim 8-hijriy Zulhijja oyida tug‘ilib, 18 oyligida vafot etadi[5]. Janozalarini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘qiydilar va Madinadagi “Baqe’” qabristoniga dafn etiladilar.

Mug‘iyra ibn Sho‘badan qilingan rivoyatda Payg‘ambar alayhis salom davrlarida, Ibrohim vafot etgan kuni quyosh tutilish voqeasi kuzatiladi. Odamlar: “Quyosh Ibrohim vafot etgani uchun tutildi” – deydilar. Bu so‘zni eshitgan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularning aqidalarini to‘g‘irlash va qalblaridagi noto‘g‘ri shubha-gumonlarni tarqatib yuborish maqsadida: “Albatta quyosh ham, oy ham birovning vafot etgani yoki tug‘ilgani uchun tutilmaydi. Agar ularni tutilganini ko‘rsangiz, namoz o‘qinglar va Allohga duo qilinglar” – deb ta’lim beradilar[6].

Shu o‘rinda u bilan bog‘liq, e’tiborga molik bir voqea ham bo‘lib o‘tadi. Ibrohimning vafotidan Payg‘ambar alayhis salomning ko‘zlari yoshlanadi va: “Qalb maxzun bo‘ldi, ko‘zlar yoshlandi, lekin Parvardigorning g‘azabini keltiradigan narsani aytmaymiz. Albatta biz Ey, Ibrohim! Sening firoqingda maxzun bo‘ldik” – dedilar. Uni Usmon ibn Maz’un yoniga dafn qilinishini aytdilar. Darhaqiqat bu voqeada bizlar uchun ajoyib bir ibrat namunasi bordir.

Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum va Fotima roziyallohu anhunna Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qizlari. Ularning barchalari Islomni qabul qilib, u zot sallallohu alayhi vasallam bilan birga hajrat qilganlar.

Ba’zi manbalarda, jumladan Ibn Hishomning “As Siyra an Nabaviya” kitoblarida qizlarning yosh jihatidan tartibi quyidagicha keltiriladi: kattalari Ruqayya, so‘ng Zaynab, so‘ng Ummu Kulsum, so‘ng Fotima roziyallohu anhunna.

Ammo boshqa mo‘tabar manbalarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning to‘ng‘ich qizlari Zaynab ekanligi aytiladi.

Ibn Is’hoq keltirgan ma’lumotga ko‘ra Zaynab Rasululloh sallallohu alayhi vasallam 30 yoshga kirganlarida tug‘ilgan katta qizlaridir. Islomni qabul qilib, hijrat qilganlar. Hijratning 8-yili xolavachchalari va turmush o‘rtoqlari Abul Os ibn Robe’ huzurida vafot etdilar[7]. Zaynabni qabrga Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning o‘zlari qo‘ydilar.[8]

Zaynabdan Ali va Umoma ismlik ikki farzand qolgan. Ali balog‘at yoshiga yaqinlashib vafot etgan. Makka fathi kuni, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning tuyalariga mingashgan kishi Zaynabning o‘g‘illari Ali bo‘lgan.

Umoma esa qizlari bo‘lib, subh namozida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uni yelkalarida ko‘tarib namoz o‘qiganlar. Ruku’ga borganlarida yerga tushirib qo‘yar va uni Alloh panohida asrashligini so‘rab duo qilgandilar.

Fotima roziyallohu anho vafot etganlaridan so‘ng, Ali ibn Abu Tolib Umomaga uylanganlar[9].

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ikkinchi qizlari Ruqayya, Payg‘ambarimiz alayhis salom 33 yoshga to‘lganlarida tug‘ilganlar. Undan so‘ng esa uchinchi qizlari Ummu Kulsum tug‘ilgan.

Ruqayya va Ummu Kulsum, Abu Lahabning ikki o‘g‘li Utba va Utaybaga unashtirilgandi. “Masad” surasi nozil bo‘lgach, Abu Lahab ikki o‘g‘lini chaqirib: “Agar Muhammadning ikki qizini qo‘yib yubormasanglar, onalaring menga harom bo‘lsin!” – deb qasam ichdi. O‘g‘illari u qizlar bilan birga bo‘lmasdan turib, ular bilan ajrashishdi[10].

So‘ng Makkada Usmon roziyallohu anhu Ruqayyaga uylandilar va ikki hijratga ham u zot roziyallohu anho bilan birga bordilar.

Ruqayya, Usmon roziyallohu anhudan Abdulloh ismlik farzand ko‘rdilar va keyinchalik Usmon roziyallohu anhu, u bilan kunyalandilar. Abdulloh olti yoshga kirganda yuzidan xo‘roz cho‘qib, shu jarohat sabablik vafot etadi. Ruqayya roziyallohu anho Abdullohdan keyin farzand ko‘rmaydilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Badr g‘azotiga tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtlarida Ruqayya kasal bo‘lib qoladi va Usmon roziyallohu anhuni unga qarab turish uchun qoldiradilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Badrda ekanliklarida Ruqayya roziyallohu anho vafot etdilar.

Zayd ibn Horisa Badrdan g‘alaba xabarini keltirganida, Ruqayyaning qabri ustiga tuproq tortilayotgandi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qizlarining dafn marosimiga qatnasha olmaydilar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning uchinchi qizlari Ummu Kulsum onalari Xadicha roziyallohu anho bilan birga Islomni qabul qilganlar va ayollar bay’at qilganda opalari bilan birga bay’at qilganlar. Otalari sallallohu alayhi vasallam bilan Madinaga hijrat qilganlar. Opalari Ruqayya vafot etgach, hijratning uchinchi yili, Robe’ul avval oyida Usmon roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar. Shu sababli Usmon roziyallohu anhu “Ikki nur egasi” deb nomlanganlar. Ummu Kulsum Usmon roziyallohu anhudan farzand ko‘rmaganlar[11].

Fazoiliy bu nikoh haqida quyidagi rivoyatni keltiradi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam, Usmon roziyallohu anhuga:

“Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar mening yuz qizim bo‘lib, ular birma-bir vafot etsalar, ularni senga nikohlab berardim. Chunki nikohlab berishimga Alloh taalo buyurganini, Jabroil menga bildirdi”—dedilar.

Ibn Sa’ddan ham shu ma’nodagi hadis rivoyat qilingan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar ular (qizlari) o‘nta bo‘lsalar ham, Usmonga nikohlab berardim”—dedilar.

Ummu Kulsum roziyallohu anho 9-hijriy sananing Sha’bon oyida vafot etdilar. U zotning qabrlarini Ali, Fazl va Usama roziyallohu anhum qazidilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam esa u qabr tepasida turdilar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni, Ummu Kulsum qabri tepasida ko‘zlaridan yosh oqib yig‘lab turganlarini ko‘rdim”—deydilar[12].

Fotima roziyallohu anho, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam 41 yoshga kirganlarida tug‘ilganlar.

Fotima arabcha ism bo‘lib, uning o‘zagi “Fatmun”dir. Bu arab tilida “go‘dakni ko‘krakdan, sutdan ajratish” ma’nosini bildiradi.

Hofiz ad Damashqiydan keltirilgan xabarga ko‘ra Fotima roziyallohu anhoning “Fotima”—deb nomlanishlariga sabab, “Alloh taalo uni va zurriyodlarini qiyomat kunida do‘zaxdan saqlashligi bilan bog‘liqdir” – deydi.

Nasaiy esa: “Alloh taalo uni va uni yaxshi ko‘ruvchilarni do‘zaxdan o‘zoq qilgan” – deydi. Har ikki ta’rifda ham, o‘zoq qilish va ajratish ma’nolari bor. Fotima roziyallohu anhoning fazilatlari va darajalarini oliyligi haqida ma’lumotlar juda ko‘p bo‘lib, biz ulardan birginasini keltirish bilan kifoyalanamiz.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Fotima mening bir bo‘lagim, kim uni yomon ko‘rsa, meni yomon ko‘ribdi”. (Buxoriy va Muslim rivoyati)

Hijratning 3-yilida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga turmushga chiqdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan olti oy o‘tgach 29 yoshlarida bu dunyodan oxiratga rihlat qildilar.

Fotima roziyallohu anho, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan uch o‘g‘il farzand Hasan, Husayn va Muhsinlarni ko‘rdilar.

Muhsin yoshligida vafot etdi. Zaynab va Ummu Kulsumga oxir zamon Payg‘ambarining naslini davom ettirish nasib qilmadi. Bu baxtga Fotima roziyallohu anhoning o‘g‘illari Hasan va Husayn roziyallohu anhumo musharraf bo‘ldilar.

Bugunlik kundagi barcha, Rasululloh Sallallohu alayhi vasallamning avlod vakillari imom Hasan va imom Husayn roziyallohu anhumoga borib taqaladi. Imom Hasan roziyallohu anhuning avlodlari asosan arab diyorlarida tarqalgan.

Imom Husayn roziyallohu anhuning avlodlari esa O‘rta Osiyo diyorlarida ham ko‘plab tarqalgan. Ular orasidan ko‘plab fazilatlarni o‘zida mujassam etgan buyuk tarixiy shaxslar o‘tgan.

Parvardigor! Oxir damda ham ummatning g‘amida bo‘lgan va qiyomat kunida ham “Ummatim, ummatim” deya Alloh taoloning dargohidan ularga shafqat tilab turguvchi sevikli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga rahmatlaringni yog‘dirgin!

Bizlarni ham u zoti sharifga munosib ummat bo‘lishimizga tavfiq bergin! U zotning qiyomatgacha davom etadigan pokiza oila-ahllaridan va barcha mo‘min-musulmonlardan O‘zing rozi bo‘lgin! Ularni hargiz to‘g‘ri yo‘lingdan adashtirmagin! Mo‘minlarning qalblarini, Payg‘ambaring sallallohu alayhi vasallam avlodlariga nisbatan muhabbatlik qilgin! O‘zing marhamatli va ehson qilguvchi Zotsan!

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Ibn Hishom. “As-Siyra an Nabaviya” Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti.2003 yil.

2. Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al Kufiy. “Al Fiqh al-Akbar” Misr. “Muhammad Ali” nashriyoti 1323 hijriy sana.

3. Abdul Oll Ahmad Abdul Oll va Musa Shahin. “Manhal Hadis” Toshkent. “Movarounnahr” nashriyoti.

4. “Maktaba ash-shamila” elektron kutubxona.

Sa’d Yusuf Abu Aziz. “Rijal va nisa havlar rosul sallallohu alayhi vasallam” Qohira. “Dorul Fajr” nashriyoti. 1999 yil.


[1] Bizning xalqimiz ko‘proq Ummu Gulsum deb ataydilar.

[2] Ibn Hishom. “As-Siyra an Nabaviya” (1-2-juz) Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti.2003 yil. B-129.

[3] Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al Kufiy. “Al Fiqh al-Akbar” Misr. “Muhammad Ali” nashriyoti 1323 hijriy sana. B-97.

[4] Ibn Hishom. “As-Siyra an Nabaviya” (3-4-juz) Bayrut. “Dorul Ma’rifa” nashriyoti.2003 yil. B-540.

[5] Abdul Oll Ahmad Abdul Oll va Musa Shahin. “Manhal Hadis” 2-juz. Toshkent. “Movarounnahr” nashriyoti. B-20.

Boshqa manbalarda Ibrohimni 70 kun yoki undan ko‘proq yashab, so‘ng vafot etgan degan ma’lumotlar ham uchraydi. Ammo mashhur rivoyat 18 oy yashaganliklaridir.

[6] Abdul Oll Ahmad Abdul Oll va Musa Shahin. “Manhal Hadis” 2-juz. Toshkent. “Movarounnahr” nashriyoti. B-20.

[7] Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al Kufiy. “Al Fiqh al-Akbar” Misr. “Muhammad Ali” nashriyoti 1323 hijriy sana. B-98.

[8] “Maktaba ash Shamila” o‘zida 22000 kitobni jamlagan elektron kutubxona.

[9] Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit al Kufiy. “Al Fiqh al-Akbar” Misr. “Muhammad Ali” nashriyoti 1323 hijriy sana. B-98

[10] Unashtirish marosimi bekor qilindi.

[11] Sa’d Yusuf Abu Aziz. “Rijal va nisa havlar rosul sallallohu alayhi vasallam” Qohira. “Dorul Fajr” nashriyoti. 1999 yil. B-500.

[12] Buxoriy rivoyati. Shu o‘rinda bilish lozimki Nabi Sallallohu alayhi vasallam qaytargan yig‘i, bu, dod-voy solib, yuzlarini yulib yig‘lashdir.


Kiritilgan vaqti: 09/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 7806
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/rasululloh-sallallohu-alayhi-vasallamning-farzandlari
Chop etilgan vaqti: 28/09/2021 22:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing