Ramazoni sharif muborak!
Muborak ramazon oyi biz bandalar uchun ko‘plab yaxshilik va barokotlar keltiradigan oy, mo‘tabar mehmonki, tashrifini shavqu xursandchiliklar bilan kutib olib, ketishida g‘am va mahzunlik bilan vidolashamiz. Bu aziz mehmon nafs tarbiyasida muallimdir. Uning bilan imon quvvatlanadi, xulq -atvorlar tarbiyalanadi, kishidagi himmat oshadi, taqvo ziyoda bo‘ladi. Zero Alloh subhanahu va taolo O‘zining muborak kalomida shunday deb marhamat qilgan:
“Ey iymon keltirganlar, sizlarga ham xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek, ro‘za farz qilindi, shoyadki taqvo qilsangiz” (Baqara surasi, 183-184 oyatlar).
Ushbu oyati karimalar bilan Alloh taolo ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad, ro‘za taqvo yo‘llaridan bittasi ekanini bayon etib qo‘ymoqda. Demak, ro‘za tutgan kishining qalbida taqvo ruhi uyg‘onishi kerak. Agar kimda kim ro‘za tutsayu, qalbida taqvo hissi uyg‘onmasa, u odam haqiqiy ro‘za tutmagan bo‘ladi. Ro‘za havoyu nafsning noo‘rin talablarini yo‘lga solishga, shahvatni jilovlashga, qorin talablarini ham izga solishga xizmat qiladi. Ro‘za nafs balosidan qutilib, Allohning toatiga xolis ajrab chiqishga yordam beradi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda jahannamning eshiklari yopilur. Unda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq (ko‘p yaxshiliklardan) mahrum bo‘libdi”. (Nasaiy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
Ro‘za naqadar ulkan ibodat, uning qadri ulug‘dir. Ro‘zani faqat Allohning O‘zidan savob umid qilgan holda tutish zarur. Ro‘za uchun beriladigan savob darajasi quyidagi hadisi sharifda bayon qilingan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kim ramazon ro‘zasini iymon ila savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinur”, dedilar”. Beshovlari va Ahmad rivoyat qilgan. U kishi “va qolganlari ham”ni ziyoda qilgan.
Bandaning o‘tganu qolgan gunohlarining mag‘firat qilinishi Allohning ulug‘ marhamatidir. Bu marhamatga esa, banda Ramazon ro‘zasini tutibgina erishishi mumkin.
Darhaqiqat, ramazon mo‘minlarning qalbining bahori, solihlar uchun chiroq, taqvodorlar uchun hamsuhbat bo‘lib, kunduzlari ro‘za, kechalari ibodat bilan qoim, shiori Qur’on, libosi yaxshilik, sadaqa va xayr ehsondir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Eng afzal sadaqa Ramazondagi sadaqadir”, “Ramazon oyida nafaqa qilishdan xursand bo‘linglar. Chunki u oydagi nafaqa xuddi Alloh yo‘lida infoq qilgan kabidir”, deb aytganlar.
Qolaversa, bu ulug‘ oyda har bir qilingan amal uchun 70 tadan 700 tagacha savobga ega bo‘lish mumkinligi haqida hadisi shariflarda marhamat qilingan.
Ramazoni sharif – toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat ekan, bu oyda gunohlar yuvilajak, tavba-tazarrular, chin ixlos va e’tiqod ila qilingan duolar mustajob bo‘lib, qalblar taskin topajak. Ushbu damlardan samarali foydalanib, ko‘proq ibodat va savobli amallarni bajarishga, atrofimizdagi insonlarga manfaat yetkazishga shoshilaylik.
Kiritilgan vaqti: 19/05/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1959
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 15:44