RAMAZON OYLARNING SULTONI
Diyorimizga oylarning sultoni, mehr-shafqat saxovat ramzi bo‘lgan, Qur'oni karim nozil bo‘lgan, fazilati jihatidan boshqa oylardan afzal mohi Ramazon tashrif buyurib kelmoqda. Alloh taolo barchamizga ushbu oyni muborak qilib, O‘zi rozi bo‘ladigan ko‘plab ibodatlarni bajarishimizga muvaffaq aylasin!
Ramazon ro‘zasi hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan. Alloh taolo Ramazon ro‘zasining hukm va hikmatlarini Qur'oni karimda batafsil bayon qilib bergan:
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Ma'lumki, ro‘zadan boshqa hamma amallarga riyo aralashishi mumkin. Lekin ro‘zada esa bunday bo‘lmaydi: tongga yaqin hech kim ko‘rmaydigan vaqtda saharlik qiladi, kunduzi esa hamma qatori yuraveradi. Ro‘za – Alloh bilan banda orasida sir bo‘lgan ibodatdir. Hech kimsiz, yolg‘iz o‘zi qolganida ham ro‘zador Alloh taolo ko‘rib turganini his qilib, biror narsa yemaydi. Ana shular – ro‘za Alloh uchun tutilishining belgisidir. Shuning uchun ham yolg‘iz Alloh uchun bo‘lgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning O‘zi berishga va'da qilmoqda.
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
“Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali – o‘zi uchun, faqat ro‘za – Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”, dedilar. Ro‘za – saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro‘zador bo‘lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi bo‘lsa, “Men ro‘zadorman” desin. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, albatta, ro‘zadorning og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo‘yroqdir. Ro‘zadorga ikki marta xursandchilik bor: biri – iftor vaqtida og‘zini ochganda va ikkinchisi – qiyomat kunida Robbisiga ro‘baro‘ bo‘lganda” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Ramazonda boylar ham bir oy ochlik va chanqoqlikni boshlaridan kechirishib, kambag‘allarning yil davomidagi holatlarini his etadilar. Bu esa kam ta'minlanganlarga rahm-shafqat ko‘rsatishlariga sabab bo‘ladi.
Ushbu oyning fazilatini oliy qiluvchi ikki narsa borki, ularning birinchisi – Ramazon oyida insoniyatga qiyomatgacha ilohiy dastur qilib tushirilgan Qur'oni karimning nozil qilinishi bo‘lsa, ikkinchisi – bu oyda fazilati jihatidan ming oyga tatiydigan Qadr kechasining borligidir.
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir.
Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun
Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir” (Baqara surasi, 185-oyat).
Bizning yurtimizda ham Ramazon oyiga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rilishi odat tusiga kirgan, Jumladan hozirgi murakkab vaziyatni xalqimizga keng targ‘ib qilish maqsadida imom xatiblarimiz joylarda aholiga hamma tarovih namozlarini uyida o‘qishlari, jamoat bo‘lmagan holatda hamda kimda-kim iftorlik qilmoqchi bo‘lsa, ehsonlarini hayriyalarni muvrfiqlashtitrish markaziga yetkazib berishlari to‘g‘risida tushunchalar bermoqdalar.
T.Ravshanov - Bulung‘ur tumani bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 20/04/2020 12:45; Ko‘rilganligi: 1526
Chop etilgan vaqti: 13/01/2025 20:50